Ukrainada harbiylar ham norozimi? Mudofaa vazirining lavozimdan olinishi nega tanqidlarga sabab bo‘ldi? Video

Payshanba kuni Prezident Zelenskiy mudofaa vaziri Mixaylo Fedorovni lavozimidan olgach, Kiev ko‘chalariga namoyishchilar chiqdi.

Surat manbasi, Olga Ivashchenko/Bloomberg via Getty Images

Surat tagso‘zi, Payshanba kuni Prezident Zelenskiy mudofaa vaziri Mixaylo Fedorovni lavozimidan olgach, Kiev ko‘chalariga namoyishchilar chiqdi.
    • Author, Pol Adams
    • Role, Diplomatik masalalar bo‘yicha muxbir
    • Reporting from, Kiev
  • Published
  • O'qilish vaqti: 6 daq

"Operatsiyam ertaga belgilangan", deydi og‘ir jarohatlaridan tiklanayotgan, yuzi shikastlangan askar.

"Umid qilamanki, narkozdan uyg‘ongan paytimda Fedorov yana Mudofaa vazirligiga qaytgan bo‘ladi", deydi ismi oshkor qilinmagan askar Telegram'dagi videoda. "Aks holda, men qilgan barcha sa’y-harakatlar behuda bo‘ladi".

Urushdan holdan toygan ukrainalik askarlar va yaralangan faxriylar orasida bu haftadagi siyosiy voqealar sabab umumiy norozilik kayfiyati hukm surmoqda.

Prezident Zelenskiyning hukumatdagi navbatdagi o‘zgarishlar chog‘ida muvaffaqiyatli yosh mudofaa vaziri Mixaylo Fedorovni qayta tayinlamaslik haqidagi qarori ko‘pchilikni hayrat va g‘azabga solmoqda.

"Bu barcha harbiy xizmatchilar yuziga urilgan ochiq tarsaki", deydi xavfsizlik sabab kimligi sir tutilgan, biz Marina deb atayotgan askar.

"Rostini aytsam, buni, hafsalam pir bo‘lmagan holda, so‘z bilan ifodalash juda qiyin".

Ukraina bo‘ylab norozilik namoyishlari kuchayib borayotganiga qaramay, Marina xalq g‘azabi nimanidir o‘zgartirishiga ishonmaydi.

"Bu yerda allaqachon diktatura shakllanmoqda", deydi u. "O‘zini hammadan ustun ko‘ruvchi mayda hukmdorlar paydo bo‘lmoqda".

Harbiylar orasida siyosiy munozaralarga aralashmaslik haqida ogohlantirishlar berilgani aytilmoqda. Shu bois askarlar ochiq gapirishdan qochmoqda yoki faqat anonimlik sharti bilan fikr bildiryapti. BBC suhbatlashganlarning barchasiga taxalluslar berdi.

Yana bir askar - Natashaning aytishicha, qo‘lda yasalgan karton plakatlar ko‘tarib chiqqan namoyishchilar frontdagi kundalik shafqatsizlikdan juda uzoqda.

"Kecha pozitsiyalarimizga ko‘p zaryadli raketa tizimi hujum qildi. O‘sha paytda hech kim Fedorov yoki karton plakatlar haqida o‘ylamagan".

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Shunga qaramay, BBC olgan xabarlarda Fedorovning erishgan natijalariga nisbatan katta hurmat seziladi. U raqamli transformatsiya vaziri sifatida ham, qisqa muddatli mudofaa vaziri lavozimida ham yuqori baholanmoqda.

Hammadan ko‘ra ko‘proq, u armiyada innovatsiyalarni izchil ravishda olg‘a surgan shaxs sifatida taniladi. U dronlar va boshqa zamonaviy texnologiyalar rolini shunday darajaga ko‘tarishga yordam berdiki, natijada Ukraina so‘nggi oylarda o‘zidan ancha katta raqibga qarshi urush oqimini o‘z foydasiga burishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘tgan yozda men u bilan Kievda uchrashganimda, u "Dronlar armiyasi: Bonus" deb nomlangan tizim haqida gapirib bergan edi. Bu tizim orqali frontdagi bo‘linmalar yo‘q qilingan rus askari yoki harbiy texnikalar uchun ball to‘plashi mumkin bo‘lgan.

Mazkur tizim mashhurlikka erishib, moddiy-texnik ta’minotni tezlashtirgani va innovatsiyalarni rag‘batlantirgani aytiladi.

Fedorov cheklangan resurslardan qanday qilib samaraliroq foydalanish mumkinligi haqida o‘ylaydigan inson sifatida taassurot qoldirgan.

Ammo sovet davridan meros bo‘lib qolgan eski boshqaruv tizimi saqlanib qolayotgan armiyadagi askarlar Fedorov qanday to‘siqlarga duch kelganini yaxshi biladi.

"Eski qarashdagi odamlar bilan kelisha olmasangiz, ular sizni tiriklayin yutib yuboradi", deydi Natasha.

So‘rovimizga javob bergan ayrim askarlar nazarida bu "eski qarashdagi odamlar"ning boshida Ukraina Qurolli kuchlarining qattiqqo‘l 60 yoshli bosh qo‘mondoni general Oleksandr Sirskiy turadi.

Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan keyin Kiev mudofaasidagi muvaffaqiyatlari tufayli u to‘rt yil muqaddam milliy qahramon sifatida ko‘rilgan edi. Ammo shundan beri general Sirskiyning nomi inson hayotini kam qadrlaydigan, eskicha jang olib borish uslubi bilan bog‘lanmoqda.

"Sirskiy bizda na obro‘ga, va na hurmatga ega", deydi Andriy. "Biz uchun u hanuz 'General-200'".

Bu laqab sovet harbiy kodidagi halok bo‘lganlar atamasiga ishora qiladi.

Boshqalar esa uni oddiygina "Qassob" deb ataydi.

Shu bilan birga, harbiylarning hammasi ham bu fikrga qo‘shilmaydi.

Hozir Bosh shtabda ishlayotgan sobiq front askari Andriining aytishicha,

"Hozircha armiyada Sirskiyning munosib o‘rnini bosadigan inson yo‘q. Ha, u sovet davridan qolgan qarashlarga ega va Rossiyadagi harbiy maktabni tamomlagan, biroq bu urushdagi ko‘plab muvaffaqiyatli operatsiyalarga aynan u rahbarlik qilgan".

Aniq bo‘lgani shuki, Zelenskiy qaror qabul qilgan paytga kelib, Fedorov va Sirskiy o‘rtasidagi munosabatlar jiddiy yomonlashgan edi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ikki tomon hatto bir xonada birga ishlay olmay qolgan. Lavozimidan olingan vazir esa generalni barcha islohotlarini to‘sishda ayblagan.

"Bu mojaro tobora kattalashib borayotgandi", deydi Andrii. "Buni hamma bilardi. Zelenskiy bir qarorga kelishi kerak edi".

Ularning yoshidagi 25 yillik farqni hisobga olganda (Fedorov 35 yoshda), bu keskin mojaro markazida turgan ikki shaxs Ukrainaning butunlay boshqacha ikki qiyofasini ifoda etadi.

Harbiy tahlilchi va sobiq razvedkachi Ivan Stupak bu holatni shunday tasvirlaydi, "Fedorov - iPhone 16, Sirskiy esa 1980 yillardagi telefon. Vazifasi bir xil, ammo yondashuvlari mutlaqo boshqacha".

2023 yilda Ukraina harbiylari pozitsiyalaridan biriga tashrif buyurgan Prezident Volodimir Zelenskiy Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni, general-polkovnik Oleksandr Sirskiyning so‘zlarini tinglamoqda.

Surat manbasi, Ukrainian Presidential Press Service/Handout via Reuters

Surat tagso‘zi, Sirskiy (o‘ngda) Rossiyaning 2022 yildagi keng ko‘lamli bosqini boshlangan paytda Ukraina poytaxti mudofaasiga rahbarlik qilgan.

Stupakning aytishicha, Fedorov o‘n yil oldin tasavvur qilib bo‘lmaydigan ishni uddalagan - eski qoliplardan chiqishi qiyin bo‘lgan, o‘zgarishlarga qattiq qarshilik ko‘rsatuvchi harbiy tizimni raqamli dunyoga olib kirgan.

Mudofaa vazirligidagi qisqa faoliyati davomida (u atigi yanvar oyida tayinlangan edi), Fedorov bir qator muhim natijalarga erishdi. Jumladan, u Ilon Maskni Starlink sun’iy yo‘ldosh internet xizmatidan Rossiyaning foydalanish imkoniyatini cheklashga ko‘ndirgan.

Bu qaror Rossiyaning jabha chizig‘idagi bo‘linmalari uchun jiddiy muammolar tug‘dirib, Ukraina kuchlariga Rossiya hujumlarini to‘xtatish va hatto orqaga surishda yordam bergani aytilmoqda.

Sun’iy intellekt va arzon havo hujumidan himoya vositalari qo‘llanishida ham tezkor yutuqlarga erishildi. Bu texnologiyalar Ukraina shaharlarini Rossiya dronlari tahdididan himoya qilishga yordam bermoqda.

Fedorov vazirlikdagi tartib-qoidalar va ish uslublarini ham atroflicha tahlil qilgan. Buning maqsadi byurokratiyani qisqartirish va samaradorlikni oshirish edi.

Bu doimiy sa’y-harakat talab qiladigan vazifa edi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

"Mudofaa vazirligi botqoqqa o‘xshaydi", deydi Stupak. "Tizim mustahkam o‘rnashib qolgan va o‘zgarishlarga osonlikcha moslashmaydi. Shuning uchun yangi texnologiyalarni joriy etish qiyin. Ko‘pchilik xodimlar bu yerda o‘nlab yillardan beri ishlaydi va raqamlashtirish haqidagi yangi qarashlarni qabul qilmaydi".

Ko‘plab kuzatuvchilarni xavotirga solayotgan jihat shundaki, Fedorovning lavozimdan ketishi, Zelenskiyning hech narsa o‘zgarmasligi haqidagi va’dalariga qaramay, uning keng qamrovli islohot va innovatsiya dasturini to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

Kuz va qish yaqinlashar ekan, Rossiya Ukraina energetika tarmog‘iga yana yangi hujumlar uyushtirishi mumkinligi haqida xavotirlar bor. Ayrimlar mamlakat yanada zaiflashishi mumkin deb hisoblamoqda.

"Fedorov barpo etgan bu taraqqiyot urushning eng muhim davrlaridan birida yo‘q qilinishi va ortga qaytarilishidan juda xafaman", deydi Ukrainaning Korruptsiyaga qarshi kurash markazi ijrochi direktori Dariya Kalenyuk.

Kalenyukning fikricha, bu inqiroz Ukraina rahbarining obro‘siga ham putur yetkazmoqda.

"Bu juda yomon signal yuboryapti", deydi u. "Prezident Zelenskiy Ukraina xalqi nima deb o‘ylayotganiga ahamiyat bermayapti. Shuningdek, u jamoasida mustaqil fikrlay oladigan, tashabbus ko‘rsata oladigan va natijaga erisha oladigan odamlarni qabul qilmayapti. Bu Ukraina manfaatlariga zid".

Mixaylo Fedorov - kulrang pidjak va qora kiyimda, sochlari kalta kesilgan

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Hukumatga qo‘shilishidan avval Mixaylo Fedorov ko‘ngillilardan iborat 'Ukraina IT armiyasi'ni tashkil qilgan edi.

Samarali yoki mashhur amaldorlarni ishdan olish yoki ta’sir doirasidan chetlatish borasidagi prezident siyosati ayrimlarni uning boshqaruv uslubini tobora diktaturaga xos tus olayotgan xatti-harakatlar deb baholashga sabab bo‘ldi.

"U o‘zini qo‘llab-quvvatlamaydigan odamlarga toqat qilolmaydi", deydi Stupak.

Stupakning ta’kidlashicha, hazilomuz tomoni shundaki, Zelenskiyning o‘zi bir vaqtlar komik bo‘lgan kezlarida masxara qilgan siyosatchilarga o‘xshab bormoqda.

"U o‘z hazillarining mavzui bo‘lgan deyarli barcha xususiyatlarni yig‘ib oldi. Balki bu uning yetti yildan beri hokimiyatda ekani bilan bog‘liqdir".

Kalenyuk kabi faollar uchun ko‘chalarga chiqqan minglab yoshlarni ko‘rish tanish manzaraning, ya’ni bo‘lib o‘tgan voqeaning takrorlanishidek taassurot uyg‘otadi.

Odamlar Zelenskiydan Ukrainaning korruptsiyaga qarshi kurashuvchi ikki idorasining vakolatlarini cheklovchi qonunga veto qo‘yishni talab qilib ommaviy yig‘ilganiga deyarli bir yil bo‘ldi.

Bu namoyishlar - Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan keyingi ilk hukumatga qarshi namoyishlar bo‘lib, natija bergan. Zelenskiy ushbu ikki tashkilot mustaqilligini tiklovchi yangi qonun loyihasini e’lon qilgan edi.

Bugungi namoyishchilar ham shunga o‘xshash natijaga umid qilmoqda. Garchi prezident allaqachon vaqtincha vazir sifatida Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Yevgeniy Xmarani tayinlagan bo‘lsa ham.

Ukrainian Presidential Press Service/Handout via Reuters
Eski qarashdagi odamlar bilan kelisha olmasangiz, ular sizni tiriklayin yutib yuboradi
Natasha
Ismi o‘zgartirilgan Ukraina askari (Batafsil: BBC.COM/UZBEK da)

Biroq bu galgi namoyishlar hozircha ko‘lami jihatidan kichikroq bo‘lsa-da, Kalenyukning aytishicha, bu safar masala ancha jiddiy.

"Bu voqealar yanada xavfliroq, chunki ular bevosita bizning urush olib borish qobiliyatimizga ta’sir qilmoqda", deydi u.

Prezident tanqidchilarining bir qismi Fedorovning sadoqati va muvaffaqiyatlari keng e’tirof etilganiga qaramay, Zelenskiy uni chetlatishni ma’qul ko‘rganiga e’tibor qaratmoqda.

"Siz dushman ustidan texnologik g‘alaba strategiyasining asosiy me’moriga aylanishingiz mumkin", deb yozdi havodan razvedka bo‘yicha ko‘ngillilarni tayyorlaydigan nodavlat tashkilot asoschisi Mariya Berlinska Facebook'da.

"Qanchalik kuchli va iqtidorli bo‘lmang, bu sizga yordam bermaydi. Bir payt kelib, sizni shunchaki maydondan chetlatishadi".