Yevropa Ittifoqi Alisher Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi, Ukraina norozi - Video

Surat manbasi, Reuters
Xabarlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini ortidan ikki oligarxga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilmoqchi. Bu qaror Ukrainada norozilikka sabab bo‘ldi.
Frantsiya rossiyalik-o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni talab qilgan. Parij bunga "milliy xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar"ni sabab qilib ko‘rsatgan.
Lyuksemburg esa rossiyalik-isroillik tadbirkor Mixail Fridmanga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni so‘ragan. Fridman muzlatilgan aktivlarini qaytarish talabi bilan bu mamlakat ustidan sudga da’vo qilmoqda.
Dastlab Latviya bu kelishuvga qarshi chiqqan, biroq keyinchalik murosaga rozi bo‘lgan. Kelishuv doirasida yana qariyb 3 ming shaxs va tashkilotga nisbatan sanksiyalar uch yilga uzaytiriladi.
Ukraina rasmiylari esa bu qarorni "qabul qilib bo‘lmaydigan" deb atab, u Moskvaga noto‘g‘ri signal yuborishini aytdi.
"Moskva bayram qilmoqda, chunki u istagan narsasiga erishdi: jazosizlik hissi, Yevropa Ittifoqining tahqirlanishi va yevropaliklar orasidagi bo‘linish", deb yozdi Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga "X" ijtimoiy tarmog‘ida.
U Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha davlatlarni bu ikki shaxsga qarshi milliy sanksiyalar joriy etishga chaqirdi. Latviya bunday chora ko‘rishini allaqachon ma’lum qilgan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov avvalroq ikki oligarxning sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilishi ehtimolini olqishlagan edi. U Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini noqonuniy deb atab, barcha rossiyaliklar ro‘yxatdan chiqarilishi kerakligini aytdi.
Alisher Usmonov USM Holding kompaniyasiga asos solgan. Bu investitsiya guruhi temir, po‘lat va mis yetkazib beruvchi kompaniyalar hamda "Megafon" telekommunikatsiya kompaniyasiga egalik qiladi. Usmonov avvalroq Angliya Premer-ligasining "Arsenal" va "Everton" klublari bilan ham aloqador bo‘lgan.
Yevropa Ittifoqi 2022 yilda uning aktivlarini muzlatib, Usmonovni "Kremlni qo‘llab-quvvatlovchi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin aloqalarga ega oligarx" deb ta’riflagan. Usmonov esa bu qarorni "adolatsiz" deb atagan.

Surat manbasi, Reuters
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Xabarlarga ko‘ra, Frantsiyaning Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish tashabbusi Ozarbayjon bilan mahbuslarni ozod qilish bo‘yicha ehtimoliy kelishuvga bog‘liq bo‘lgan.
Ukrainada tug‘ilgan, Rossiya va Isroil fuqarosi Mixail Fridman Alfa Group investitsiya konglomerati asoschisi bo‘lib, uning asosiy biznes manfaatlari energetika va bank sohalariga to‘g‘ri keladi. Yevropa Ittifoqi uni Rossiyaning yetakchi moliyachilaridan biri va Putinning yaqin doirasini qo‘llab-quvvatlovchi shaxs sifatida ta’riflagan.
Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlagan paytda Fridman mojaro imkon qadar tezroq tugashi kerakligini aytgan, ammo prezident Putinni ochiqdan-ochiq qoralamagan.
Fridmanning rossiyalik-latviyalik biznes hamkori Pyotr Aven Ukrainaga bosqinni qoralamagani uchun 2022 yilda Latviyaning eng oliy fuqarolik mukofotidan mahrum qilingan.
Bu holat Latviyaning mazkur qarorga qarshi chiqishiga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Dushanba kuni Yevropa Ittifoqi elchilari ovoz berishida Latviya qarorga veto qo‘ygan.
Biroq seshanba kuni murosaga erishilgach, Latviya o‘z pozitsiyasini o‘zgartirib, ovoz berishda betaraf qolgan. Yangi kelishuvga ko‘ra, sanksiyalar ro‘yxatida qolayotgan qariyb 2 600 shaxs va tashkilotga nisbatan cheklovlar uch yilga uzaytiriladi. Bungacha sanksiyalar har olti oyda qayta tasdiqlanishi kerak edi.
Latviya bosh vaziri Andris Kulbergs, shuningdek, Frantsiya Latviyaning Frantsiya yadroviy tiyib turish tashabbusiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni boshlashga va Latviyadagi harbiy ishtirokini kuchaytirishga rozi bo‘lganini ma’lum qildi.






























