O‘zbekiston: Rossiya bilan AES, AQSh bilan xavfsizlik. Ziddiyat yoki vazifalar taqsimoti? Video

Chapda AES inshootining qurish jarayoni, o‘ngda prezident Mirziyoyev va Putin

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Tahlilchilar fikricha, Rossiya bilan atom energetikasi sohasida, AQSh bilan esa yadroviy xavfsizlik yo‘nalishida hamkorlik qilish Toshkentning ko‘p vektorli tashqi siyosatining navbatdagi ko‘rinishi bo‘lishi mumkin.
Published
O'qilish vaqti: 7 daq

O‘zbekiston nima uchun bir vaqtning o‘zida Rossiya bilan atom elektr stantsiyasi qurish, AQSh bilan esa yadroviy xavfsizlik sohasida hamkorlik qilish yo‘lini tanlamoqda?

Mutaxassislar fikricha, bu ziddiyat emas, balki milliy manfaatlarga asoslangan pragmatik yondashuvdir. Rossiya mamlakatning ilk atom elektr stantsiyasini qurish bo‘yicha asosiy hamkor bo‘lib qolmoqda. Biroq loyihaning xavfsizligi, favqulodda holatlarga tayyorgarlik, radiatsion monitoring va kadrlar salohiyatini oshirish kabi yo‘nalishlarda Toshkent qo‘shimcha xalqaro sheriklar bilan ham ishlashga intilmoqda.

Buyuk Britaniyada joylashgan Central Asia Due Diligence tahlil markazi rahbari Alisher Ilhomovning fikricha, yadroviy xavfsizlik bo‘yicha AQSh bilan hamkorlik aynan shu ehtiyojlardan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Unga ko‘ra, mazkur memorandumning mazmuni Toshkentni xavotirga solayotgan ayrim masalalarga ham ishora qiladi.

U bu haqda shunday dedi, "Bu kelishuv (hozircha o‘zaro anglashuv memorandumi xolos) yadroviy ob’ektlardagi avariyalarning ehtimoliy xavflari va shu bilan bog‘liq radiatsiya darajasining oshishi masalalari bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutayotganining o‘zi O‘zbekiston rahbariyatini Rosatom quradigan AES xavfsizlik nuqtai nazaridan qay darajada ishonchli faoliyat yuritishi tashvishga solayotganidan dalolat beradi".

Ilhomovning ta’kidlashicha, bunday xavotirlarga so‘nggi yillardagi geosiyosiy voqealar ham sabab bo‘lmoqda.

Rasmiy
AES loyihasi O‘zbekistonda nafaqat ekspertlar va rasmiylar, balki keng jamoatchilik orasida ham faol muhokama qilinmoqda.
Batafsil BBC.COM/UZBEK da o‘qing

"Va bu xavotirlar behuda emas, chunki Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush to‘rt yildan ortiq vaqtdan beri davom etmoqda. Ushbu urush davomida Ukraina kuchlari javob chorasi sifatida Rossiyaning turli ishlab chiqarish ob’ektlariga ancha muvaffaqiyatli zarbalar bera boshladi, bu esa atom energetikasi sohasida ham ishlab chiqarish zanjirlariga salbiy ta’sir ko‘rsatish xavfini yuzaga keltirmoqda", dedi u.

Bu holat, uning fikricha, Rosatom qurayotgan stantsiya xavfsizligiga oid ayrim savollarni ham kun tartibiga chiqarmoqda.

"Bu, shuningdek Rossiyaning G‘arb sanksiyalari ostida ekani Rossiya rejalashtirilayotgan AESning yetarli darajada ishonchliligi va xavfsizligini, shuningdek ushbu ob’ekt bo‘yicha texnologik talablarning yetarli darajasini ta’minlay oladimi, degan savolni o‘rtaga qo‘yadi. Menimcha, aynan shu xavotir o‘zbek rahbariyatining bunday salbiy stsenariyga puxta tayyorgarlik ko‘rish, bunday favqulodda vaziyatlar uchun o‘z kadrlarini tayyorlashga intilishiga sabab bo‘lgan", dedi u.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Shu nuqtai nazardan, ekspert O‘zbekiston kelajakda qo‘shimcha xalqaro nazorat va ekspertiza mexanizmlariga murojaat qilishi mumkinligini ham istisno qilmaydi.

Bu masala yuzasidan u shunday dedi, "Ehtimol, qurilayotgan AESni inspektsiya qilish jarayoniga amerikalik mutaxassislar ham jalb qilinishi mumkin. Bu, albatta, Rossiya tomoniga yoqmaydigan chora bo‘ladi. Ammo O‘zbekistonning o‘z manfaatlari nuqtai nazaridan uchinchi tomon xizmatlariga murojaat qilishdan boshqa yo‘li yo‘q. Va Toshkent bu choraga ancha oldin murojaat qilishi kerak edi. Lekin hech bo‘lmagandan ko‘ra kech bo‘lgani ma’qul".

Ayrim tahlilchilar fikricha, Rossiya bilan atom energetikasi sohasida, AQSh bilan esa yadroviy xavfsizlik yo‘nalishida hamkorlik qilish Toshkentning ko‘p vektorli tashqi siyosatining navbatdagi ko‘rinishi bo‘lishi mumkin. Bu yondashuv O‘zbekistonga turli sheriklar bilan ishlash va bir tomonga qaram bo‘lib qolmaslik imkonini beradi.

Shu tariqa, AQSh bilan imzolangan memorandum O‘zbekistonning atom energetikasi sohasidagi xalqaro hamkorlik doirasini kengaytirmoqda. Rossiya mamlakatdagi ilk AESni qurish bo‘yicha asosiy sherik bo‘lib qolar ekan, Vashington bilan hamkorlik xavfsizlik, tartibga solish va mutaxassislar tayyorlash kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi. Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, bu Toshkentning yadroviy energetika sohasida bir vaqtning o‘zida bir necha tashqi sheriklar bilan ishlashga qaratilgan yondashuvini aks ettiradi.

O‘zbekiston atom dasturida AQShning o‘rni qanday bo‘ladi?

O‘zbekiston va AQShning yadroviy sohadagi vakolatli organlari logotiplari va mamlakat bayroqlari

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Nashrga ko‘ra, memorandumni O‘zbekiston qo‘mitasi raisi Abduvaqqos Rafiqov va AQSh Yadroviy tartibga solish komissiyasi (NRC) raisi Kristofer Xenson imzolagan

O‘zbekiston va AQSh o‘zlarining yadroviy tartibga soluvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan memorandumni imzoladi. U xavfsizlik standartlari, inspektsiyalar va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik masalalarini qamrab oladi. Bu haqda 18 sentyabr kuni xususiy axborot sayti Podrobno.uz xabar qildi.

"O‘zbekiston va AQSh yadroviy energiyadan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida yadroviy xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi. Ikki mamlakatning yadroviy nazorat organlari tajriba almashish, me’yoriy-huquqiy bazani rivojlantirish va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik bo‘yicha qo‘shma ishlarni nazarda tutuvchi memorandumni imzoladilar", deyiladi xabarda.

"Hujjat Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) Bosh konferentsiyasining 70-sessiyasi doirasida imzolandi", deya O‘zbekiston Sanoat, radiatsiya va yadroviy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot xizmatiga tayanib yozadi sayt.

Nashrga ko‘ra, memorandumni O‘zbekiston qo‘mitasi raisi Abduvaqqos Rafiqov va AQSh Yadroviy tartibga solish komissiyasi (NRC) raisi Kristofer Xenson imzolagan.

"Kelishuv radiatsiya va yadroviy xavfsizlik, litsenziyalash va inspektsiyalar, qonunchilik hamda me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish, shuningdek ehtimoliy favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik va ularga javob qaytarish kabi masalalarning keng doirasini qamrab oladi", deya qayd etadi sayt.

Bu haqda keyinchalik boshqa mahalliy va xalqaro nashrlar ham xabar tarqatdi.

Rossiya bilan AES qurilishi manzarasida AQSh bilan yangi yadroviy hamkorlik?

 Prezident Mirziyoyev va Putin

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Mirziyoyev loyihani qo‘llab-quvvatlagani uchun Putin va Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bosh direktori Rafael Grossiga minnatdorlik bildirgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 4 iyun kuni O‘zbekistondagi integratsiyalashgan atom elektr stantsiyasining birinchi energiya bloki qurilishini boshlab berdi, deb xabar qilgan edi Mirziyoyev matbuot xizmati.

Loyihaga start 2025 yil iyun oyida O‘zbekiston prezidentining Rossiya prezidenti taklifi bilan Sankt-Peterburgga amaliy tashrifi va 29-Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (SPIEF) doirasida berilgan edi.

Marosim onlayn tarzda o‘tkazilgan va unda Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bosh direktori Rafael Grossi ham ishtirok etgan edi. Mirziyoyev loyihani qo‘llab-quvvatlagani uchun Putin va Grossiga minnatdorlik bildirgan.

Rossiyaning "Rosatom" shirkati bilan imzolangan kelishuvga ko‘ra, Jizzaxning Forish tumanidagi Tuzkon ko‘li yaqinida qurilishi rejalashtirilgan O‘zbekistonning birinchi atom elektr stantsiyasi jami 330 mvt quvvatga ega olti reaktordan iborat bo‘lishi aytildi.

2025 yil oktyabr oyiga kelib "Rosatom" AES qurilishining dastlabki bosqichi boshlanganligini ma’lum qilgan edi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Prezident Mirziyoyevning ta’kidlashicha, mazkur loyiha O‘zbekistonning texnologik, sanoat va ilmiy taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab beradi hamda mamlakatda atom energetikasi sohasiga asos soladi.

Gazeta.uz keltirishicha, Vladimir Putin Rossiya O‘zbekistonga atom stantsiyasi qurilishi uchun imtiyozli eksport krediti taqdim etishini ma’lum qilgan edi.

Bu hamkorlik qo‘llab-quvvatlash reaktor yoqilg‘isini uzoq muddatli yetkazib berish, servis va texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek, ishlatilgan yadroviy materiallar bilan ishlashni ham o‘z ichiga oladi.

Peterburgda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Mirziyoyev va Putin O‘zbekiston-Rossiya strategik sherikligi va ittifoqchilik munosabatlarini kengaytirish masalalarini ham muhokama qilgan.

BBC O‘zbek ijtimoiy tarmoqlarida qanday fikrlar bildirilmoqda?

Jizzaxning Forish tumanidagi Tuzkon ko‘li yaqinida qurilayotgan O‘zbekistonning birinchi atom elektr stantsiyasi

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, BBC O‘zbekning "O‘zbekistonda AES: Tarixiy qadam yoki tavakkal?" mavzusidagi videosi ostida ayrim kuzatuvchilar loyihani mamlakatning energiya xavfsizligi uchun muhim deb baholagan bo‘lsa, boshqalar ekologik va xavfsizlik masalalari bo‘yicha xavotirlarini bildirgan.

AES loyihasi O‘zbekistonda nafaqat ekspertlar va rasmiylar, balki keng jamoatchilik orasida ham faol muhokama qilinmoqda. Xususan, Rossiya bilan hamkorlikda qurilayotgan atom elektr stantsiyasi hamda uning xavfsizligi masalasi ijtimoiy tarmoqlarda turli bahslarga sabab bo‘lgan.

BBC O‘zbekning "O‘zbekistonda AES: Tarixiy qadam yoki tavakkal?" mavzusidagi videosi ostida ham turli fikrlar bildirilgan. Ayrim kuzatuvchilar loyihani mamlakatning energiya xavfsizligi uchun muhim deb baholagan bo‘lsa, boshqalar ekologik va xavfsizlik masalalari bo‘yicha xavotirlarini bildirgan.

Masalan, bir kuzatuvchi shunday yozgan: "Endi suv yo‘q butunlay bo‘ladi. Aral o‘ldi, endi Amudaryo va Sirdaryo o‘ladi. Bekor ish qilyapti Shavkat [Mirziyoyev ], quyosh batareya va shamol stantsiyasi arzonku, suv ham kerak emas sovutish uchun".

Ayrim kuzatuvchilar esa atom energetikasining ehtimoliy xavflari haqida ogohlantirmoqda. Masalan, Gulbahor Umarova ismi bilan izoh yozgan kuzatuvchi shunday yozgan: "AES xavfli... Chiqindisi ham zararli".

Boshqa kuzatuvchilar esa loyihani qo‘llab-quvvatlamoqda. Ularning ayrimlari atom elektr stantsiyasi O‘zbekistonning ortib borayotgan energiya ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilishi mumkinligini ta’kidlab, yadroviy energetika ko‘plab rivojlangan davlatlarda qo‘llanilishini eslatgan.

BBC O‘zbekning mazkur mavzudagi videosi ostida bir foydalanuvchi shunday yozgan: "Voy, juda zo‘r-ku. Bitta AES bir nechta GRESdan samarali elektr energiya ishlab chiqaradi. Buning nimasi yomon? Keyin biz XXI asrda yashayapmiz. Hozir dunyoda rivojlangan davlatlarda AESlar ko‘p-ku. Keyin bu AES, menimcha, yangi, himoyalangan va odamlarga zarari bo‘lmasa kerak. Buning hammasi O‘zbekiston ravnaqi uchun...".

Jizzaxning Forish tumanidagi Tuzkon ko‘li yaqinida qurilayotgan O‘zbekistonning birinchi atom elektr stantsiyasi qulilish jarayoni

Surat manbasi, ЎзАтом

Surat tagso‘zi, Muhokamalarda AESning o‘ziga emas, balki uning qaysi davlat bilan hamkorlikda qurilayotganiga oid savollar ham ko‘tarilgan.

AESni qo‘llab-quvvatlovchilar orasida atom energetikasini barqaror elektr manbai sifatida ko‘ruvchilar ham bor. Masalan, Akhmed Yusupov ismi bilan izoh yozgan kuzatuvchi shunday degan: "Eng barqaror energiya AES. Odamlar vahima qiladigan darajada xavfli emas".

Ayrim BBC O‘zbekning ijtimoy tarmoqlarda kuzatuvchilari esa AES qurilishini O‘zbekistonning energetik ehtiyojlari bilan izohlamoqda. Ularga ko‘ra, mamlakat aholisi va iqtisodiyoti o‘sib borayotgan bir paytda yangi energiya manbalariga ehtiyoj ortib bormoqda.

Masalan, Abdujalil Teshabaev ismi bilan izoh qoldirgan kuzatuvchi shunday yozgan: "Dunyoning har bir rivojlangan davlatida AES bor! Nega O‘zbekistonda qurilsa Chernobil esga olinvotdi? O‘zbekiston AES qurishga majbur! Negaki na neft ko‘p, na suv ko‘p bizda!".

Izohlarda loyihani mamlakatning energetik kelajagi uchun muhim deb hisoblaydiganlar ham ko‘p. Ular atom energetikasini barqaror elektr manbai sifatida baholar ekan, qurilish va ekspluatatsiya jarayonlarida yuqori xavfsizlik standartlari hamda malakali mutaxassislar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlamoqda. Shu kabi fikrni bildirgan kuzatuvchilardan biri, Abdug‘afur Satimov ismi bilan izoh qoldirib, "Energiya bo‘lmasa, rivojlanish bo‘lmaydi", deb yozgan.

Shu bilan birga, muhokamalarda AESning o‘ziga emas, balki uning qaysi davlat bilan hamkorlikda qurilayotganiga oid savollar ham ko‘tarilgan. Shuxrat Avezov ismi bilan izoh yozgan kuzatuvchi: "AES kerak, lekin Rossiya bilan emas", degan bo‘lsa, Sayfullaxon Maxmudov ismi bilan izoh qoldirgan kuzatuvchishunday dedi, "Shuni Yaponiya qursa ishonardim".

Uning izohiga javob qaytargan Sherzod Karim ismi bilan izoh yozgan kuzatuvchi esa Fukusima AESida 2011 yilda yuz bergan hodisani eslab, atom energetikasida mutlaq xavfsizlik bo‘lmasligini ta’kidlagan. Shu bilan birga, u O‘zbekistonning seysmik faol hududda joylashganini va loyihaning iqtisodiy hamda xavfsizlik jihatlariga oid xavotirlari mavjudligini bildirgan.

"Ijod" nomi ostida yozilgan izohda esa AESning iqtisodiy ahamiyatiga urg‘u berilgan. Unda shunday deyiladi, "AES qurilishi tezlashadi, O‘zbekiston yanada rivojlanib ketadi. AESdan faqat O‘zbekiston foydalanib qolmay, qo‘shni respublikalarga elektr quvvati sotiladi, iqtisodiy foyda olamiz. Va yana AES Rossiya xarbiy bazasi tomonidan qo‘riqlansa , bu AES va mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlaydi. Bu men, oddiy fuqaroning fikrlari".

Bekjon Jumaniyazov ismi bilan izoh yozgan kuzatuvchi loyihani qo‘llab-quvvatlab, "AES kerak", deb yozgan. Uning izohiga munosabat bildirgan Laziz Yodgorov ismi bilan izoh yozgan kuzatuvchi esa AES qurilishining ehtimoliy salbiy jihatlariga e’tibor qaratgan. U suv taqchilligi sharoitida reaktorlarni sovutish uchun suv sarfi, hududning seysmik faolligi, Rossiyaga texnologik qaramlik, loyihaning yuqori qiymati va radioaktiv chiqindilarni saqlash masalalarini asosiy xavotirlar sifatida tilga olgan.

Jumaldan, "Transchegaraviy va ijtimoiy xavotirlar qo‘shnilarning munosabati: Jizzaxdagi AES maydoni Qozog‘iston chegarasiga (Chimkent va Turkiston viloyatlariga) ancha yaqin joylashgan. Agar biror ko‘ngilsizlik yuz bersa, radiatsiya transchegaraviy muammoga aylanadi. Bu qo‘shni davlatlar bilan ijtimoiy va siyosiy kelishmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin", dedi u.

Korruptsiya xavfi haqidagi fikrlar ham bildirilgan. @JAKHONGIRTANIRBERGENOV ismli foydalanuvchi AES qurilishining texnik jihatlaridan ko‘ra mablag‘larning shaffof sarflanishi muhimroq ekanini ta’kidlab, "Eng muhimi, qurilish uchun berilgan pulning ko‘p qismi korruptsiyaga ketib qolmasligini nazorat qilish zarur", deb yozgan u.

@ZafarElmurodov-e9l nomi bilan izoh qoldirgan kuzatuvchi esa shunday fikr bildirgan: "AES bizga 30-40 yilga kerak. Keyinchalik demontaj qilishsa bo‘ladi".