Ilk qora tanli ayol gubernator, ilk ochiqcha gey senator va ilk musulmon senator – AQSh oraliq saylovlaridagi asosiy lahzalar -video

Abdul Al-Sayid, Keysha Lans Bottoms va Kris Pappas
Surat tagso‘zi, Abdul Al-Sayid, Keysha Lans Bottoms va Kris Pappas
Published
O'qilish vaqti: 5 daq
O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Demokratlar AQSh Kongressining har ikki palatasi — Senat va Vakillar palatasida g‘alaba qozonib, Donald Tramp prezidentligining qolgan davrida Kongress ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi.

Ovozlarni sanash hali to‘liq yakunlanmagan bo‘lsa-da, dastlabki natijalar demokratlarga g‘alabani nishonlash, ularning raqiblari — respublikachilarga esa mag‘lubiyatdan afsuslanish uchun yetarlicha asos berdi.

Hozirgacha saylovning bir qator muhim voqealari ma’lum bo‘ldi. Ular orasida AQSh tarixida ilk bor yuz bergan hodisalar ham bor.

Jeffris tarixiy g‘alabadan so‘ng «Amerikaning buyuk qaytishi» haqida gapirdi

Demokratlar ikki yil avval Tramp ishonchli g‘alaba qozongan shtatlarda ham ustun keldi. Jumladan, Texas, Kanzas, Ogayo va Janubiy Karolinada saylovchilar ovozi sezilarli darajada demokratlar foydasiga o‘zgardi.

G‘alabani olqishlagan Demokratik partiya yetakchilari orasida Vakillar palatasidagi demokratlar rahbari Hakim Jeffris ham bor. Endi u Kongress quyi palatasi spikeri lavozimini egallashi kutilmoqda.

«Bugun Amerikaning buyuk qaytishi boshlanmoqda», — dedi u tarafdorlari oldida so‘zga chiqib.

Agar Vakillar palatasidagi demokratlar Jeffrisni partiya fraktsiyasi rahbari sifatida saqlab qolsa, u respublikachilar vakili Mayk Jonson o‘rniga palata spikeri bo‘ladi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Al-Sayid AQSh tarixidagi birinchi musulmon senator bo‘ldi

Abdul Al-Sayidni Prezident Tramp "jihodchi" deb atagandi.
Surat tagso‘zi, Abdul Al-Sayidni Prezident Tramp "jihodchi" deb atagandi.

Abdul Al-Sayid Michigan shtatidagi keskin kurash kechgan saylovda g‘alaba qozonib, AQSh Senatiga saylangan tarixdagi birinchi musulmon bo‘ldi.

Uning g‘alabasi Michiganning Senatdagi ushbu o‘rni demokratlar qo‘lida qolishini anglatadi.

Al-Sayid respublikachilar nomzodi Mayk Rojersni mag‘lub etdi. Saylov arafasida Rojers kutilmaganda Demokratik partiyaning dastlabki saralash saylovida Al-Sayidga raqib bo‘lgan siyosatchining qo‘llab-quvvatloviga erishgan edi.

Michigandagi saylov kampaniyasi oraliq saylovlarning eng keskin va murosasiz kurashlaridan biri bo‘ldi.

Tramp 2001 yil 11 sentyabrdagi terrorchilik hujumlarini tilga olib, hech qanday dalil keltirmasdan Al-Sayidni hatto «jihodchi» deb atadi.

Bu bayonot keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi va Tramp islomofobiyada ayblandi.

Bi-bi-si muxbiri Nada Tavfiqning yozishicha, Al-Sayid g‘alabasini nishonlash uchun sahnaga chiqqan paytda tarafdorlari quvonchdan hayqirib yuborgan. Olomon orasida yuzlab odamlar telefonlarini ko‘tarib, tarixiy lahzani tasvirga olgan.

Tramp muxolifatni «yaxshi ish» bilan tabrikladi

Saylov oqshomi davomida Tramp AQShning bir qator ommaviy axborot vositalariga intervyu berdi.

U bu safar murosaga moyil ohangda gapirib, demokratlar «yaxshi ish» qilganini tan oldi.

Tramp saylov natijalarini qabul qilishini va muxolifat partiyasi bilan hamkorlik qilishga tayyorligini aytdi.

Shu bilan birga, prezident demokratlar ilgari suradigan qonun loyihalariga veto qo‘yish vakolatini saqlab qoladi.

Tramp saylovda qatnashgan ayrim respublikachilar nomzodlaridan o‘zini uzoqlashtirishga harakat qildi.

«Ayrim hollarda saylovchilarga nomzodlar yoqmadi, ayrim hollarda esa bu nomzodlar mening do‘stim emas edi», — dedi u.

Tramp AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi ham saylov natijalariga ta’sir qilganini tan oldi. Urush AQShda iste’mol tovarlari narxining oshishiga sabab bo‘lgan.

«Eron ham omillardan biri bo‘ldi», — dedi prezident.

Meyn shtatida uzoq yillik senator Kollinz mag‘lubiyatini tan oldi

Troy Jekson daraxt kesuvchi bo‘lib ishlaganini aytgan.
Surat tagso‘zi, Troy Jekson daraxt kesuvchi bo‘lib ishlaganini aytgan.
Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Meyn shtatidan 30 yil davomida Senat a’zosi bo‘lib kelgan respublikachilar vakili Syuzan Kollinzning mag‘lubiyati partiya saylovda qanchalik katta yo‘qotishlarga uchraganini ko‘rsatadi.

U demokratlar nomzodi Troy Jeksonga yutqazdi.

Avval daraxt kesuvchi bo‘lib ishlagan Jekson o‘zining oddiy mehnatkash oiladan chiqqanini ta’kidlab, Meyn shtatidagi ishchilar sinfi vakillarining ovozini qozonishga harakat qildi.

AQSh ommaviy axborot vositalari tarqatgan bayonotda Kollinz mag‘lubiyatini tan oldi va 30 yil davomida Meyn shtatiga xizmat qilish «hayotidagi eng katta sharaf» bo‘lganini aytdi.

Kollinz saylov arafasida o‘z o‘rnini yo‘qotish xavfi eng yuqori bo‘lgan respublikachilardan biri hisoblangan.

U saylov kampaniyasi davomida o‘zini Trampdan uzoqroq tutishga harakat qildi, ammo bu taktika ish bermadi.

Bi-bi-si muxbiri Helena Hamfrining xabar berishicha, Kollinz tarafdorlari saylov natijalarini kutib yig‘ilgan tadbirda tushkun kayfiyat hukm surgan.

Tadbirda ramziy ma’noga ega Closing Time — «Yopilish vaqti» qo‘shig‘i yangragan.

Respublikachilarning an’anaviy tayanchi bo‘lgan Texas demokratlar qo‘liga o‘tdi

Jina Inoxosa Texas tarixida gubernatorlikka saylangan birinchi lotin amerikalik ayol bo‘ldi.
Surat tagso‘zi, Jina Inoxosa Texas tarixida gubernatorlikka saylangan birinchi lotin amerikalik ayol bo‘ldi.

Jeyms Talariko AQSh Senatiga, Jina Inoxosa esa Texas shtati gubernatorligiga saylanishi bilan demokratlar shtat miqyosida ikkita yirik g‘alabaga erishdi.

Shu tariqa, demokratlar qariyb ikki avlod davomida Texasda ketma-ket uchrab kelgan mag‘lubiyatlariga chek qo‘ydi.

Bi-bi-si muxbiri Gari O'Donoxyuning yozishicha, saylov kechasida dastlabki natijalar e’lon qilinishi bilan Talariko tarafdorlari quvonchdan o‘zlarini qo‘yarga joy topolmay qolgan.

Ular bir-birini quchoqlab, o‘pib, ichimliklar bilan g‘alabani nishonlagan. Ko‘pchilik bunday natijaga erishish mumkinligiga hatto ishonishga ham jur’at etmagan edi.

Jina Inoxosa Texas tarixida gubernatorlikka saylangan birinchi lotin amerikalik ayol bo‘ldi.

Demokratlar boshqa shtatlarda ham tarixiy natijalarga erishdi.

Jumladan, Kanzasda Adam Hamilton keskin kurash kechgan saylovda Senat o‘rnini qo‘lga kiritdi.

Shu tariqa, Kanzas qariyb bir asrdan beri ilk bor Senatga demokrat vakilni sayladi.

Keysha Lans Bottoms AQShdagi birinchi qora tanli ayol gubernator bo‘ldi

Atlanta shahrining sobiq hokimi, demokrat Keysha Lans Bottoms Jorjiya shtati gubernatorligi uchun saylovda g‘alaba qozondi.

Keysha Lans Bottoms Jorjiya tarixida gubernatorlikka saylangan birinchi qora tanli shaxs va birinchi ayol bo‘ldi.
Surat tagso‘zi, Keysha Lans Bottoms Jorjiya tarixida gubernatorlikka saylangan birinchi qora tanli shaxs va birinchi ayol bo‘ldi.

U Jorjiya tarixida gubernatorlikka saylangan birinchi qora tanli shaxs va birinchi ayol bo‘ldi.

Bi-bi-si muxbiri Karl Nasmanning xabar berishicha, demokratlar g‘alabasi ma’lum bo‘lishi bilan ularning tarafdorlari orasida mislsiz quvonch boshlangan.

Bundan avval shtatning sobiq senatori partiya bu yilgi imkoniyatlariga «ko‘ngil ayniydigan darajadagi hayajon bilan optimistik» qarayotganini aytgan edi.

Bottoms respublikachilar nomzodi, milliarder tadbirkor va sog‘liqni saqlash sohasi rahbarlaridan biri Rik Jeksonni mag‘lub etdi.

Jorjiyada so‘nggi 20 yildan ortiq vaqt davomida demokrat gubernator bo‘lmagan edi.

Ko‘plar Jon Ossoff 2028 yilgi prezidentlik saylovlariga demokratlar nomidan o‘z nomzodligini qo‘yishini taxmin qilmoqda.
Surat tagso‘zi, Ko‘plar Jon Ossoff 2028 yilgi prezidentlik saylovlariga demokratlar nomidan o‘z nomzodligini qo‘yishini taxmin qilmoqda.

Shtatning boshqa bir hududida esa demokrat senator Jon Ossoff ham diqqat markazida bo‘lgan keskin saylovda g‘alaba qozonib, ikkinchi muddatga saylandi.

Endi Ossoffning 2028 yilgi prezidentlik saylovida qatnashish ehtimoli haqidagi taxminlar yanada kuchayishi mumkin.

Agar u prezidentlikka nomzodini qo‘ysa, Demokratik partiyaning asosiy da’vogarlaridan biri bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Biroq Ossoff hozircha bunday rejasi borligini rad etib kelmoqda.

Kris Pappas AQSh Senatiga saylangan o‘z geyligini ochiq e’tirof etgan birinchi erkak bo‘ldi

Demokrat Kris Pappas ham tarixiy natijaga erishdi. U AQSh Senatiga saylangan ilk ochiqcha gey erkak bo‘ldi. Pappas Nyu-Hempshir shtatidagi g‘alabasini sahnada turmush o‘rtog‘i bilan birga nishonladi.

Demokrat Kris Pappas endi ilk ochiqcha gey erkak senator.
Surat tagso‘zi, Demokrat Kris Pappas endi ilk ochiqcha gey erkak senator.

Pappas saylovda respublikachilarning sobiq senatori Jon Sunununi mag‘lub etdi. Seshanba kuni u raqibiga minnatdorlik bildirib, shunday dedi:

«Jon Sunununing Nyu-Hempshir xalqiga qilgan xizmatlari uchun barchamiz undan chuqur minnatdor bo‘lishimiz kerak».

46 yoshli Pappas 2019 yildan beri Nyu-Hempshir shtati nomidan AQSh Vakillar palatasida faoliyat yuritib kelgan. Ammo Senatga saylanish uchun kurashish maqsadida u Vakillar palatasiga qayta saylanishdan voz kechgandi.

Saylov kechasida yana bir tarixiy natija Florida shtatida qayd etildi.

Donald Trampning qat’iy qo‘llab-quvvatloviga erishgan respublikachi Bayron Donalds Florida tarixidagi birinchi qora tanli gubernator bo‘ldi.

Bu g‘alaba respublikachilar uchun umuman olganda og‘ir kechgan saylov oqshomidagi sanoqli quvonchli natijalardan biri edi.