Qirg‘izistonda yana bir ayol zo‘ravonlik qurboni bo‘lgani aytilmoqda - yangilandi (video)

Dilfuza Saynazarovaning to‘yi kuni va kelinlik paytidagi tushgan rasmlari biriktirilgan kollaj.
Surat tagso‘zi, Dilfuza Saynazarovaning yaqinlari uning o‘limini zo‘ravonlik bilan bog‘lamoqda.
Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Qirg‘izistonning birinchi xonimi oilaviy zo‘ravonlik jiddiy muammoga aylangani haqida bayonot berganidan bir kun o‘tib, mamlakat janubida 24 yoshli ayolning jasadi topildi.

O‘zbekiston bilan chegaradagi Botken viloyatida uch nafar farzandning onasi Dilfuza Saynazarova vafot etgan. Uning jasadi daladan topilgan.

Yaqinlari bu holatni oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘lamoqda. Militsiya marhumaning turmush o‘rtog‘ini gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olgan.

Yaqinlarining aytishicha, Dilfuza 18 yoshida turmush qurgan va keyingi yillarda turmush o‘rtog‘i hamda uning qarindoshlari tomonidan bosim ostida yashagan. Ular kuyovning rashk sababli Dilfuza hamshiralik ishini tashlashga majbur bo‘lganini ham da’vo qilmoqda.

Oila a’zolariga ko‘ra, voqeadan ikki kun oldin Dilfuza ota-onasining uyiga qaytib kelib, ajrashish istagini bildirgan. Ammo qaynotasi kelishmovchiliklar hal qilinishiga va’da bergach, u yana turmush o‘rtog‘ining oldiga qaytgan.

Marhumaning onasi qizining qaynonasidan qo‘rqqani va telefonda ham erkin gaplasha olmaganini BBC jurnalistiga aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, oradan bir kun o‘tib, oila a’zolariga Dilfuzaning jasadi daladan topilgani haqida xabar berilgan.

"O‘g‘lim singlisini olib ketish uchun borib, qizimning jasadini daladan topibdi. Yuz-ko‘zi shishib ketgan, tanasida kaltaklangan izlar bor edi, og‘zi yorilgan, peshonasi jarohatlangan edi. Bo‘ynida bo‘g‘ish izlari ham bor ekan. Biz uni darhol shifoxonaga olib bordik. Shifokorlar qizimiz vafot etganini aytishdi", dedi marhumaning onasi Sharofat Saynazarova.

Gumonlanuvchining yaqinlari mudhish voqeaga rashk sabab bo‘lganini aytmoqda.

"Janjal rashk tufayli bo‘lgan. Telefonida boshqalar bilan yozishganini, rasmlarini ko‘rib qolibdi. Shundan bo‘lgan. Hozir aniq ma’lumot bera olmaymiz. Tergov davom etmoqda" - dedi marhumaning qaynisinglisi.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Oilaviy zo‘ravonlik muammosi

Bu voqea Qirg‘izistonda oilaviy zo‘ravonlik mavzusini yana kun tartibiga olib chiqdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 2026 yilning yanvar-avgust oylarida 18 ming 862 ta oilaviy zo‘ravonlik holati qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32 foizga ko‘p.

Dilfuzaning o‘limidan bir kun oldin Qirg‘izistonning birinchi xonimi Aygul Japarova jamiyatni oilaviy zo‘ravonlikka befarq bo‘lmaslikka va jabrlangan ayollar hamda bolalarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatishga chaqirgandi.

U 30 oktyabrda Anqarada o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining Oila va ayollar masalalari bo‘yicha Oliy kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqib, oilaviy zo‘ravonlik ko‘p hollarda oshkor qilinmay, yashirin qolib ketishini jiddiy muammo sifatida baholagan.

Dilfuza Saynazarova to‘yi kuni tushgan rasm
Surat tagso‘zi, Dilfuza Saynazarova 18 yoshida turmush qurgan.

Japarovaning ta’kidlashicha, zo‘ravonlikdan jabrlangan ayol va qizlarga huquqiy, psixologik hamda ijtimoiy yordam ko‘rsatish, shuningdek davlat idoralari va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish muhim.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda joriy yilning sakkiz oyida oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq holatlarda 26 nafar inson hayotdan ko‘z yumgan.