Adabiyotshunos olim va mashhur tarjimon Ibrohim G‘afurov 89 yoshida vafot etdi

Surat manbasi, Rasmiy
O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim va mashhur tarjimon Ibrohim G‘afurov hayotdan ko‘z yumdi. U Dostoevskiy, Xeminguey va Aytmatov asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan, hamda o‘zbek adabiyoti va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan inson sifatida tarixda qoldi.
End of Aloqador mavzular:
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi 6 iyun kuni Ibrohim Usmonovich G‘afurovning vafot etganligi haqida xabar berdi. Adib 89 yoshida dunyodan o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ham motam bildirdi va G‘afurovni o‘zbek madaniyatiga beqiyos hissa qo‘shgan ijodkor sifatida ta’rifladi.
1937 yilning 27 dekabrida Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ilgan Ibrohim G‘afurov 1956–1961 yillarda hozirgi O‘zbekiston Milliy Universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan.
U 1961 yildan 1982 yilgacha Davlat badiiy adabiyot nashriyotida kichik muharrir lavozimidan bosh muharrir o‘rinbosarigacha ko‘tarildi. So‘ng 1982–1995 yillarda "O‘zbekiston adabiyoti va san’ati" gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
G‘afurov 1995 yilda "Milliy tiklanish" Demokratik partiyasini tashkil etish tashabbuskorlaridan biri bo‘ldi va uzoq yillar davomida partiya raisi hamda "Milliy tiklanish" gazetasining bosh muharriri sifatida xizmat qilgan.
1997 yildan 2005 yilgacha Oliy Majlis deputati, matbuot va axborot qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimini egallagan.
Jahon adabiyotini o‘zbek kitobxoniga tuhfa etgan tarjimon
G‘afurovning eng muhim meroslaridan biri - jahon adabiyoti durdonalarini o‘zbek tiliga tarjima qilganligi. U Fyodor Dostoevskiyning "Jinoyat va jazo", "Telba", "Qimorboz", "Iblislar" va "Aka-uka Karamazovlar" asarlarini, Ernest Xemingueyning "Alvido, qurol!" va "Chol va dengiz" romanlarini, Gabriel Garsiya Markesning "Buzrukning kuzi", Jeyms Joysning "Uliss" kabi ulkan asarlarini o‘zbek tilida so‘ylata olgan.
Bundan tashqari, u Chingiz Aytmatov, Gi de Mopassan va Rasputin asarlarini ham o‘zbek kitobxonlariga yetkazgan. Adabiy tanqidchi sifatida "Go‘zallikning olmos qirralari", "Lirikaning yuragi", "She’riyat - izlanish demak" singari ko‘plab kitoblar muallifi edi.































