Harbiy robot, antidron tizimi va "robo-doktor" – barchasini O‘zbek talabalari yasashdimi? - Video

Dronga qarshi tizim, harbiy robotlashgan majmua va tibbiy "Body tester" – bular o‘zbek talaba yoshlari tomonidan ishlab chiqilgan muhandislik ishlarining ayrimlari.
5-7 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan "Kelajak muhandislari" Respublika ko‘rik-tanlovining yakuniy final bosqichi davomida bir qancha texnikalar namoyish etildi.
Ayniqsa, talaba muhandislar tomonidan e’tiborga molik loyihalar taqdim etildi.
Dronga qarshi "Shunqor 8"
Toshkent Axborot texnologiyalar universiteti talabasi Biloliddin Ismoilov ham tanlovda qatnashayotgan yoshlardan. Uning "Shunqor 8" loyihasi dronlarni tejamkor tarzda yo‘q qilishni nazarda tutadi. Dunyoda sodir bo‘layotgan so‘nggi voqealar fonida Biloliddin shunday dronga qarshi havo mudofaasi tizimini yaratishga qaror qilgan.
Ma’lumki, oxirgi paytlarda dronlar zamonaviy urushlardagi asosiy qurollardan biriga aylangan. Masalan, Rossiya-Ukraina urushida ham ushbu harbiy texnikadan keng foydalanishmoqda. Chunki ular raketalardan ko‘ra arzonroq hisoblanadi, ularga qarshi qo‘llanadigan havo mudofaa tizimlarining raketalari esa dronlardan bir necha barobar qimmat. Biloliddin esa o‘zining "Shunqor 8" loyihasini tanishtirar ekan, uning iqtisodiy nisbati 1:900 ekanini, ya’ni har bir missiyada 1,98 mln dollar tejalishini aytadi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
"Harbiy vaziyatlarga nazar solsak, hozirda ko‘plab hujumlar qanot tipli uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida amalga oshirilmoqda. Ularning asosiy xususiyati esa 2000 km masofagacha bo‘lgan masofani bosib o‘tib, belgilangan nishonlarni yakson qilish. Ularning o‘rtacha tezligi 130-180 km/soatni, narxi esa 20 ming dollardan 50 ming dollargacha narxni tashkil etadi. Ularni zararsizlantirish maqsadida ishlatilayotgan havo mudofaa tizimlari raketalari esa 2 million dollardan 4 million dollargacha. Ushbu nomutanosiblikni oldini olish maqsadida 45 foiz qismi mahalliylashtirilgan, shu bilan birga, havo mudofaa tizimi raketalariga nisbatan 900 barobar arzonroq antidron perexvatshik, ya’ni "Shunqor-8" loyihasini ishlab chiqdik", deydi Biloliddin.
Uning aytishicha, "Shunqor 8" 450 km/soat tezlikgacha chiqa oladi, 1 kilogramgacha bo‘lgan foydali yukni o‘zi bilan ko‘tarib ucha oladi, havoda 10-15 daqiqa mobaynida bo‘lib, 8-10 km masofadagi zararli nishonlarni zararsizlantira oladi.
Havo mudofaa tizimi raketalariga nisbatan 900 barobar arzonroq antidron perexvatshik, ya’ni "Shunqor-8" loyihasini ishlab chiqdik
"Antiradarlar yordamida aniqlangan ma’lumotlar avvalambor operatorga kelib tushadi. Operator esa ushbu ma’lumotlardan foydalanib, dron perexvatchikni havoga ko‘taradi. U gorizontal va vertikal shaklda bemalol havoda ucha oladi. Zararli nishon havoda aniqlangandan so‘ng, operator nishonga kinetik yoxud portlovchi modda yordamida zarba berib, uni havoda yakson qiladi", deya loyihasining ishlash tartibini tushuntiradi Biloliddin.
Ma’lum qilinishicha, ushbu loyiha sakkiz marotaba davlat poligonlarida sinov jarayonlaridan o‘tkazilgan. Biloliddin o‘z loyihasini Prezident Shavkat Mirziyoyevga ham taqdim etgan.
Prezident esa tegishli tashkilotlar rahbarlariga ushbu loyiha e’tiborsiz qolmasligi kerakligini aniq vazifa sifatida topshirgan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Barlos

Talaba muhandislarning ishlanmalari orasida harbiy va maxsus vazifalar uchun mo‘ljallangan avtonom yerusti roboti ham bor. Turin politexnika universiteti talabasi Dilmurod Rustamovning "Barlos" deya nomlangan loyihasi integrallashgan razvedka-zarba beruvchi tizim hisoblanadi. Dilmurod o‘zining "Barlos" roboti dushman nishonlarini aniqlash, identifikatsiya qilish, masofasini o‘lchash, avtomatik kuzatish, aniq o‘t ochish, qurolni tezkor qayta o‘qlash hamda vibratsiyani kompensatsiyalash orqali jangovar vazifalarni masofadan turib samarali bajarishini aytmoqda.
Olti oy ichida faqat dala o‘quv mashqlari bilan shug‘ullandik
Shuningdek, robot inson hayoti uchun xavfli hududlarda masofadan razvedka olib borish, real vaqt rejimida yuqori sifatli ma’lumot uzatish imkoniyatiga ega va shuning uchun ham uni harbiy, huquqni muhofaza qilish, chegara nazorati hamda favqulodda vaziyatlarda samarali qo‘llash mumkin.
"Loyihamni boshlaganimga deyarli bir yil bo‘lyapti. Asosan, mana shu olti oy davomida loyihani qildim. Qolgan olti oy ichida esa faqat dala o‘quv mashqlari bilan shug‘ullandik", deydi Dilmurod Rustamov.
Robot doktor

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Turin politexnika universiteti magistranti Asadbek O‘runov esa o‘zi duch kelgan bir muammoni yechish uchun loyiha ishlab chiqqan. Shifokorlar oilasida katta bo‘lgan Asadbek shifoxonaga borib, soatlar navbat kutadi, ko‘rikdan o‘tib bo‘lgach, oldingi holati bilan solishtirish uchun o‘tgan galgi natijalarni so‘raydi. Shifoxonada unga oldingi ma’lumotlar raqamlashtirilmagani uchun ularni toppish qiyin bo‘lishini aytishadi. Shunda Asadbek Robot doktor ishlab chiqishga qaror qiladi.
"Qurilma bir vaqtning o‘zida insonning oltita tibbiy ma’lumotini o‘lchay oladi. Bularga insonning bo‘yi, vazni, pulsi, qondagi kislorod miqdori, qon bosimi va tana harorati kiradi. Bular nima uchun muhim desangiz, bugungi kunda butun respublikamizdagi poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida aynan shu ma’lumotlarga asoslanib, vrach xonasiga bemor (murojaatchi) yo‘naltiriladi. Va biz nimaning oldini oldik? Har bitta bemordan biz o‘n daqiqadan o‘n besh daqiqagacha vaqtni tejab qolyapmiz. Ya’ni, murojaatchi keladi, qurilmadan foydalanadi, bir daqiqada hamma ma’lumotlarni chek qog‘ozi ko‘rinishida oladi va biz vrach kabinetida bu ma’lumotlarni ko‘rsata olamiz. Bu avtomatik tarzda tibbiyot sohasidagi bizning aholimiz sog‘lig‘i bo‘yicha statistik ma’lumotlarni beradi. Kelajakda kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklar prognozini beradi va bundan tashqari, vazn ko‘rsatkichlari va shu holatda ketsa, kelajakda qanday kasalliklar kelishi mumkinligi bo‘yicha tavsiyalar ham beradi. U, o‘z-o‘zidan, tibbiyotni raqamlashtiradi va bunga katta turtki bo‘ladi", dedi yosh muhandis.
Biz shu paytgacha 45 million so‘mdan sotgan edik va yaqinda investitsiya oldik. Qurilmaning tannarxini 40 foizga tushirdik
Mazkur loyiha 20 dan ortiq joyga sotilgan. Asadbekning aytishicha, endilikdagi maqsad investitsiya olib, robot doktorni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish.
"Biz shu paytgacha qirq besh million so‘mdan sotgan edik va yaqinda investitsiya oldik. Qurilmaning tannarxini qirq foizga tushirdik, buning natijasida keyingi sotuvlarimizni taxminan 2,5 ming dollar atrofida qilishni reja qilyapmiz", dedi Asadbek O‘runov.
































