Tailand xuntasi uyg'urlar borasidagi o'z qarorini oqlab chiqdi

Сурат манбаси, AP

Published

BMT, AQSh va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan keng qoralanayotgan uyg'urlarni Xitoyga deportatsiya qilish borasidagi o'zining qarorini Tailand rahbariyati himoya qilib chiqdi.

Agar Xitoyga qaytarilsalar, ta'qiblarga uchrashi ehtimoli borligi haqidagi ogohlantirishlarga qaramasdan, Tailandning harbiy hukumati 9 iyul kuni 109 uyg'ur boshpana izlovchilarni Xitoyga qaytarganligini e'lon qildi.

Bu xabar Turkiyada g'azabnok kutib olindi va namoyishchilar Tailandning Istanbuldagi konsulligiga hujum qildilar.

Namoyishchilar konsullik binosining oynalarini sindirganlar, bino ichkarisidagi mebellarni vayron qilganlar va hujjatlarni ko'chalarga otib yuborishgan.

Konsullik binosidagi Tayland bayrog'i yulib olingan.

Xabarlarga ko'ra, konsullikda zo'ravonliklarda aloqador ko'rilib to'qqiz kishi hibsga olingan.

Tailand hukumati matbuot kotibining o'rinbosari polkovnik Virachon Suxondxapatipak jurnalistlarni to'plagan va o'zlarining qarori borasida izoh bergan.

"Tailand uyg'ur musulmonlari muammosini hal etish uchun Xitoy va Turkiya bilan birga ish olib bordi. Biz ularning qaysi mamlakat fuqarolari ekanini aniqlaganimizdan keyin Xitoyga qaytarib yubordik", deb aytgan polkovnik Virachon Suxondxapatipak.

Tailand rasmiylariga ko'ra, Xitoy hukumati uyg'urlarning xavfsizligini ta'minlashga kafolat bergan.

Ammo Xitoy tashqi ishlar vazirligi voizi qonunni buzgan uyg'urlarga chora ko'rilishini aytgan.

BMT Tailandning qaroridan "larzaga tushgani"ni aytgan va buni xalqaro qonunlarning ochiqdan-ochiq buzilishi, deb atagan.

BMT Inson haqlari qo'mitasi aytishicha, BMT uyg'urlar masalasini Tailand hukumati bilan bir necha marta muhokama qilgan va Tailand rasmiylari qochqinlarning taqdiri "xalqaro qonunlar doirasida ko'rib chiqilishi va ular himoya ostida bo'lishlari"ga ishontirgan.

Aholisi soni 10 million atrofida bo'lgan Shinjondagi uyg'urlar Xitoyning o'zlariga nisbatan diniy va madaniy cheklovlaridan shikoyat qilishadi.

Musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi arafasida Xitoy Shinjondagi davlat xizmatchilari va talabalarning ro'za tutishlarini taqiqlagan va spirtli ichimliklar ichishni rag'batlantiruvchi tadbirlar o'tkazilgani haqida xabarlar olingan.

Xitoyning bosimi ostida Malayziya va Pokiston singari davlatlar qochayotgan uyg'urlarni Xitoyga qaytarishgan.

Xitoy Shinjon mintaqasidagi zo'ravonliklarda musulmon ekstremistlarni ayblaydi.

Oxirgi haftalarda Turkiyaning bir necha shaharlarida qator tashkilotlar norozilik namoyishlari tashkil qilishgan, Xitoy hukumatidan uyg'urlarga bosimlarni to'xtatishga chaqirganlar.

Turkiyaning uyg'urlarga boshpana berish qarori Pekin bilan rasmiy Anqara munosabatlarini sovuqlashtirgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio