Rossiya nega kunduzi Ukraina ustiga "shahed"lar bilan hujumlar qilyapti? Taktika o‘zgardimi?

Rossiya Ukraina temir yo‘llarini yoppasiga hujumga olyapti

Surat manbasi, THE STATE EMERGENCY SERVICE OF UKRAINE

Surat tagso‘zi, Rossiya Ukraina temir yo‘llarini yoppasiga hujumga olyapti
O'qilish vaqti: 7 daq

Rossiya Ukraina hududi ichkarisiga keng miqyosda zarbalar berish uchun asosan "Shahed" xudkush dronlaridan foydalanmoqda. Ayni paytda, Rossiya nafaqat ushbu dronlarning yangi modifikatsiyalarini ishlab chiqmoqda, balki taktika borasida ham tajribalar o‘tkazmoqda. Masalan, kun davomida yuzlab dronlarni uchirmoqda.

Rossiya 2022 yil kuzida "Shahed"dan Ukraina hududiga zarba berish uchun ilk bor foydalanganidan buyon bu dronni jiddiy o‘zgartirdi.

Dronning radioelektron mudofaa vositalariga qarshi turish uchun maxsus antennalari paydo bo‘ldi, jangovar qismi ancha kattalashdi, uni real vaqt rejimida boshqarish mumkin bo‘lib qoldi.

Bundan tashqari, rossiyaliklar reaktiv dvigatel bilan jihozlangan "Shahed"lardan tobora ko‘proq foydalanmoqda. Bu dvigatel dronni porshenli dvigatelli dronlarga qaraganda ikki baravar tezroq uchiradi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Modifikatsiyasiga qarab, bunday dron soatiga 300 dan 600 kilometrgacha tezlikka erisha oladi. Biroq reaktiv dronlarning uchish masofasi qisqaroq, shu sababli rossiyalik harbiylar ulardan odatda faqat chegaraoldi viloyatlariga zarba berish uchun foydalanadi.

Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy aytishicha, joriy yil bahoridan boshlab Rossiya "Shahed"larni qo‘llash taktikasini o‘zgartira boshlagan. Xo‘sh, asosiy o‘zgarishlar nimalardan iborat?

Kunduzgi hujumlar

Mart va aprel oyi boshlarida rus harbiylari Ukrainaga uzoq masofali dronlar uchun noodatiy vaqtda, ya’ni kunduzi bir necha bor ommaviy hujum uyushtirdi.

Bunga qadar rossiyalik operatorlar dronlarni odatda oqshomda – bir nechta yo‘nalishdan bir vaqtda, to‘p-to‘p qilib uchirar edi. Dronlarni uchirish, qoida tariqasida, tun bo‘yi davom etar va tongga yaqin to‘xtardi.

Lviv markaziga 24 martda qilingan hujum oqibati

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Lvov markaziga 24 martda qilingan hujum oqibati

Bu 10–12 soat ichida Ukrainaga o‘rtacha 250–350 ta dron uchib kirgan, ularning 60–70 foizini aynan "Shahed"lar tashkil etgan. Bu dronlarning 80–90 foizi urib tushirilgan.

Ukraina Havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyi birinchi haftasida rossiyaliklar 1300 ga yaqin "Shahed" uchirgan, ulardan atigi 150 tasi nishonga yetib borgan.

Mart oyida Rossiya "Shahed"lar bilan uzluksiz bir sutkalik hujum o‘tkazishga urindi, ya’ni ularni nafaqat tunda, balki kunduzi ham to‘p-to‘p uchirdi.

Xususan, 23 mart soat 18:00 dan keyingi kun soat 18:00 gacha bo‘lgan bir sutka ichida Ukrainaga mingga yaqin dron, jumladan, 600 ga yaqin "Shahed" uchib kirgan.

O‘sha kuni ular mamlakatning deyarli barcha hududlariga hujum qilib, hatto Ukrainaning g‘arbiy viloyatlarigacha yetib borgan: Lvov, Lutsk, Ternopil va Ivano-Frankovskka zarbalar berilgan.

Shunga o‘xshash hujum 31 mart oqshomidan 1 aprel oqshomigacha sodir bo‘ldi. Bir sutka davomida rossiyaliklar 700 ga yaqin dron qo‘llagan, ulardan 450 tasi "Shahed" dronlaridir.

Mart va aprelning boshqa kunlarida ham kunduzgi hujumlar bo‘lib turdi, lekin ular ommaviy tus olmagan va zarbalar asosan frontoldi hududlarga: Xarkov, Sumi, Chernigov va Dnipropetrovsk viloyatlariga berilgan.

Rossiya "shahed"idan olingan mesh-modem

Surat manbasi, SERGEI FLESH

Surat tagso‘zi, Rossiya "shahed"idan olingan mesh-modem

Shu bilan birga, ommaviy kunduzgi hujumlar paytida Rossiya tomonining dron yo‘qotishlari foizi yuqoriligicha qolgan va hatto tungi hujumlardagidan ham ko‘proq bo‘lgan. Masalan, 24 mart kuni Havo hujumidan mudofaa kuchlari Rossiya dronlarining 97 foizini urib tushirishga va bostirishga muvaffaq bo‘lgan.

Xo‘sh, unda taktikani o‘zgartirishdan nima ma’no bor edi?

Ukraina prezidenti idorasi rahbari o‘rinbosari, general Pavlo Palisaning fikricha, Rossiya buni faqat tinch aholini terror qilish va Ukrainaga ko‘proq iqtisodiy zarar yetkazish uchun qilmoqda.

"Rossiyaliklar tinch aholi orasida talafotlar ko‘proq bo‘lishi uchun tungi hujumlarni kunduzgilari bilan uyg‘unlashtira boshladi. Tinch aholiga bosimni kuchaytirmoqda... Buning iqtisodiy jihati ham bor. Ish kuni o‘rtasidagi ommaviy hujumlar biznesni sezilarli darajada izdan chiqaradi", degan u "RBK-Ukraina"ga bergan intervyusida.

Darhaqiqat, Ukrainaning g‘arbiy hududlariga qilingan hujumlar paytida asosan fuqarolik ob’ektlari, xususan, Lvov va Ivano-Frankovskning gavjum markaziy tumanlari zarar ko‘rgan.

"Kunduzgi hujumda dronlar behuda yo‘qotilishi har doim tungi hujumdagiga qaraganda ancha ko‘p bo‘ladi", deydi aviatsiya bo‘yicha ekspert Valeriy Romanenko.

27 aprelda Odessaga qilingan dron hujumi oqibati

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 27 aprelda Odessaga qilingan dron hujumi oqibati

Buning sababi shundaki, bunday nishonlarni tungi osmonda qo‘shimcha yoritishga hojat yo‘q, ularni ko‘rish va, masalan, vertolyotdan "urib tushirish" osonroq. Ya’ni, kunduzi "Shahed"larni urib tushirish osonroq.

"Bunda hech qanday harbiy ma’no yo‘q edi. Rossiyaliklar umid qilishi mumkin bo‘lgan yagona narsa shuki, ommaviy tungi hujumdan so‘ng zenit-raketa majmualari va mobil o‘t ochar guruhlar holdan toygan bo‘ladi, shuning uchun ular kunduzgi hujumni samarali qaytara olmaydi", deb hisoblaydi u.

To‘g‘ri, "aholini terror qilish"dan tashqari, samaradorligi shubhali bo‘lishiga qaramay, rossiyalik harbiylarning kunduzgi hujumlarni davom ettirayotganining yana bir sababi bor.

Mesh-tarmoqlar nima?

Gap shundaki, kunduzgi yorug‘likda "shahedlar" mesh-tarmoqlar orqali boshqariladi va harakatlanuvchi ob’ektni nishonga olish imkoniga ega.

Oddiy "shahed" operator bilan aloqa qilmaydi va yo‘nalish bo‘ylab statsionar nishonga, masalan, havo hujumidan ishonchli himoyalangan neftь bazasiga uchadi.

Bitta uchuvchisiz uchish apparati bu himoyani yorib o‘tishi ehtimoli juda oz. Bunday vaziyatda muvaffaqiyat ehtimoli faqat bir nishonga bir nechta dronning ommaviy zarbasi bo‘lsa yoki tezkorroq reaktiv uchuvchisiz uchish apparatlari ishlatilsa, oshadi.

Biroq, agar dron boshqariladigan rejimda uchib, kunduzi nishonga hujum qilsa, hamma narsa o‘zgaradi. Shunda hatto bitta "shahed" ham himoyalanmagan nishonni topib, unga zarba berishi mumkin.

Shahed
Getty images
Shahedlar tunda uchirilganda, ular faqat koordinatalar bilan uchadi. Lekin, kunduzi uchsa, masalan teplovozni ko’rganda, uni yo’q qilish ehtimoli yuqori bo’ladi.
Mixail Jiroxov
Harbiy ekspert (bbc.com/uzbek)

"Shahedlar" tunda uchirilganda, ular faqat koordinatalar bo‘yicha uchadi, – deydi harbiy tahlilchi Mixail Jiroxov Bi-bi-sining Ukraina xizmatiga. – Operator kunduzi, masalan, teplovozni ko‘rganda, uni yo‘q qilish ehtimoli yuqori bo‘ladi.

Buning uchun Rossiya droni temir yo‘l bo‘ylab uzoq vaqt maxsus uchib, nishonni qidirishi mumkin. Agar operator kerakli nishonni topa olmasa va parvoz resursi tugab qolsa, u holda "Shahed"ni boshqa harakatlanuvchi yoki statsionar ob’ektga, masalan, avtobusga yoki eng yaqin ma’muriy binoga yo‘naltirishi mumkin.

Jiroxovning aytishicha, bunday taktika nishonlarni minimal vositalar bilan yo‘q qilish uchun amalga oshiriladi. Ya’ni, bitta zarba beruvchi uchuvchisiz uchish apparati bilan ma’lum bir vaziyatda maksimal samaraga erishish.

Mesh tizimlariga kelsak, Rossiya armiyasi bu texnologiyadan 2025 yil boshida o‘zining zarba beruvchi va razvedkachi dronlarini real vaqt rejimida boshqarish uchun juda faol foydalana boshladi. Undan Ukraina qurolli kuchlari ham foydalanadi.

To‘g‘ri, o‘tgan yil oxirida Rossiya bunday dronlar uchun Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa terminallaridan faol foydalangan, biroq Ukraina va SpaceX Rossiya harbiylarini bunday imkoniyatdan butunlay mahrum qilganidan so‘ng, Rossiya mesh-tarmoqlardan foydalanishga qaytdi.

Bu nima?

Bu aslida katta xonalarda barqaror va uzluksiz Wi-Fi aloqasini ta’minlash uchun mo‘ljallangan fuqarolik texnologiyasidir. Asosiy g‘oya shuki, xonaning turli qismlaridagi bir nechta signal retranslyatori signalning yaxlit tarmog‘ini yaratadi. Bunday tizimda har bir modul ham qabul qiluvchi, ham retranslyator bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa signal sifatini yo‘qotmasdan uzoq masofalarga uzatish imkonini beradi.

Rossiya "shahed"ning mesh-modem o‘rnatilgan bu yangi turini ilk marta shu yil yanvarda ishga soldi

Surat manbasi, THE MAIN DIRECTORATE OF INTELLIGENCE OF THE MINISTRY OF DEFENCE OF UKRAINE

Surat tagso‘zi, Rossiya "shahed"ning mesh-modem o‘rnatilgan bu yangi turini ilk marta shu yil yanvarda ishga soldi

Rossiya bunday sxemani dronlar bilan amalga oshirdi.

Rossiya harbiylari "Shahed" va boshqa uzoq masofali dronlarga maxsus Xitoy modemlarini o‘rnatdi, ular nafaqat radiosignalni qabul qildi, balki uni qo‘shni modemlarga ham uzatdi. Shunday qilib, operator nishondan yuzlab kilometr uzoqlikda "Shahed"ni real vaqt rejimida boshqarishi, qurilma bilan barqaror aloqaga ega bo‘lishi va undan barqaror videosignal olishi mumkin bo‘ldi.

Bu sxema quyidagicha ishlaydi: modemlar bilan jihozlangan 10-15 ta dron guruhi parvoz paytida o‘zaro tarmoq hosil qiladi. Modemlarning har biri uzatgich, qabul qilgich va retranslyator sifatida ishlaydi, bu esa, o‘z navbatida, dronlardan biri urib tushirilgan taqdirda ham vazifani oxiriga yetkazish imkonini beradi.

Shu bilan birga, parvoz masofasi bu yerda deyarli muhim rol o‘ynamaydi, chunki birinchi guruh dronlari keyingi guruhdan signal oladi va hokazo. "Shahedlar" real vaqt rejimida Ukrainaning g‘arbiy hududlarigacha uchib borgan holatlar qayd etilgan.

To‘g‘ri, ayrim muhim jihatlar bor.

Bunday tarmoqlar uchun signalni odatda mobil aloqa minoralarida o‘rnatilgan maxsus stantsiyalar generatsiya qilishi kerak.

Radiosignal barqaror va yetarlicha kuchli bo‘lishi uchun Rossiya bu stantsiyalarni Ukraina chegarasi yaqinida va bosib olingan hududlarda o‘rnatmoqda. Ukraina hukumati Belarus hududida ham bir nechta shunday stantsiyalarni aniqlaganini ma’lum qildi.

Xususan, ulardan olingan signal real vaqt rejimida dronlardan Kiev yaqinidagi parvozlar uchun foydalanish imkonini bergan.

Fevral oyi oxirida Ukraina mudofaa vaziri Mixail Fedorov Belarus hududidagi bunday stantsiyalarning mesh-tarmog‘ini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qilgandi.

Ushbu bayonotdan so‘ng Kievga dronlarining ommaviy hujumlari qayd etilmadi, ammo Rossiya "Shahedlari" Ukrainaning g‘arbiy va shimoli-g‘arbiy viloyatlariga ayrim hollarda yetib bordi.

Ukraina Qurolli kuchlari havo kuchlari vakili Yuriy Ignat 7 aprel kuni milliy telemarafon efirida Rossiya Ukrainaga o‘z dronlarini yuborish uchun Belarus, shuningdek, Moldova, Dnestrbo‘yi va Ruminiya hududidan foydalanayotganini aytdi. Bu rossiyaliklarga darhol Ukrainaning frontdan uzoqroq hududlariga uchib kirish imkonini beradi.

Gap shundaki, "shahedlar"ning yarmiga yaqini aynan front chizig‘i va sharqiy chegara yaqinida adashmoqda. Bu yerda havo hujumidan mudofaa kuchlari va vositalari ko‘proq.

Shunday qilib, agar dron ushbu yo‘lakni uchib o‘tgan bo‘lsa, u deyarli hech qanday to‘siqsiz front orti hududlariga yo‘l olishi mumkin. Agar bu oddiy dron emas, balki radiosignal retranslyatoriga ega dron bo‘lsa, uning operatori real vaqt rejimida nishonni tanlashi mumkin.

Bunga qanday qarshi turish mumkin?

"Shahed"larga maxsus signal retranslyatorlarini o‘rnatish ularning boshqarilishini yaxshilaydi, biroq ishlab chiqarish tannarxini sezilarli oshiradi. Bitta shunday modemning narxi 8000 dollargacha yetishi mumkin. Vaholanki, taxminiy ma’lumotlarga ko‘ra, oddiy "Shahed"ning umumiy narxi hozirda 30 mingdan 50 ming dollargacha turadi.

Aslida, Rossiya armiyasida bunday tajriba ommalashmagani sabablaridan biri ham shu.

Yana bir sabab – dronlarning mesh-tarmog‘idagi radiosignalni Ukrainaning radioelektron kurash (RYeK) vositalari yordamida aniqlash va o‘chirib qo‘yish ancha oson.

"Zamonaviy vositalar ushbu signal manbasini tezda aniqlash va uni bostirish imkonini beradi", deydi RYeK vositalarini ishlab chiqaruvchi kompaniya rahbarlaridan biri Bi-bi-siga.

"Biz mesh-tarmoqlar bilan ancha muvaffaqiyatli kurashyapmiz. Asosiysi, bunday dronlarni osmonda o‘z vaqtida aniqlash", deya qayd etdi u.

Mudofaa vaziri maslahatchisi Sergey Beskrestnovning aytishicha, RYeK vositalari "Shahed"lardagi mesh-modemlarni 200–500 metr masofada bostiradi.

Kievdagi aholi mavzesiga dekabr oxirida qilingan yirik dron hujumi oqibati

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Kievdagi aholi mavzesiga dekabr oxirida qilingan yirik dron hujumi oqibati

Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun rossiyaliklar signal chastotalari va hujum yo‘nalishlarini o‘zgartirishga harakat qilmoqda.

Ukrainalik mutaxassislar, o‘z navbatida, radiomonitoring hududini imkon qadar kengaytirish va bunday radioboshqariladigan "Shahed"lar guruhlarini oldindan aniqlash ustida ishlamoqda.

To‘g‘ri, hududni, ayniqsa, front ortidagi g‘arbiy viloyatlarni to‘liq radiolokatsion qamrov bilan ta’minlash ancha murakkab.

Ukraina dron hujumlari muammosini hal qilishi kerak bo‘lgan "dronga qarshi gumbaz" deb ataluvchi tizimni joriy etishni endi boshlamoqda.

Aviatsiya mutaxassisi Valeriy Romanenkoning aytishicha, bu yerdagi "zaif nuqta" zarba berish usullari emas, balki aynan radiolokatsion qurilmalar va nishonlarni samarali taqsimlashdir.

"Bizda zarba berish vositalari yetarli. "Dronga qarshi gumbaz" – bu "Shahed"larni aniqlash, ularning parvozini kuzatish va ayni paytda nishonlarni avtomatik tarzda taqsimlash imkonini beradigan tizimdir", deb tushuntiradi u.

"Agar biz dronga qarshi tizimni yo‘lga qo‘ysak, rossiyalik harbiylar uchun dron yo‘qotishlari doimiy ravishda 95 foiz darajasida bo‘ladi va shunda Rossiya bu turdagi quroldan voz kechishga majbur bo‘ladi, chunki u keltiradigan zarar ushbu dronni yasash xarajatlaridan kam bo‘ladi", deya ta’kidlaydi aviatsiya mutaxassisi.

Aynan "dronga qarshi gumbaz"ni barpo etishga mas’ul bo‘lgan Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari Pavel Yelizarov mart oyi boshida ushbu tizim ishlab chiqilgani va Ukraina armiyasi uni joriy etishga "kirishayotganini" ma’lum qildi.

U, shuningdek, havo hujumidan mudofaa ekipajlari sonini shunchaki oshirish bilan "Shahed"lar muammosini hal qilib bo‘lmasligini ta’kidladi. Bu rossiyaliklarning ommaviy hujumlar paytida zarba beruvchi dronlar sonini ko‘paytirayotgani bilan bog‘liq bo‘lib, ularning bir qismiga Ukraina havo hujumidan mudofaaning hatto uchta chizig‘ini yorib o‘tish imkonini beradi.

"Ular hozir "to‘da" bo‘lib uchmoqda. Ya’ni kichik guruhlarda uchmayapti… Bu go‘yo o‘rmonda to‘ng‘izlar yugurib, yo‘lida uchragan hamma narsani yakson qilishiga o‘xshaydi. Hozirgi usul shunday va u kelajakda yanada ko‘proq qo‘llanadi, chunki bu ularning taktikasi, bu mantiqan to‘g‘ri", deydi Yelizarov.

Yelizarov rossiyaliklarning "Shahed" hujumlari muammosi "yaqin kelajakda" hal etilishiga umid bildirdi.

Mudofaa vaziri Mixail Fyodorov 8 aprel kuni Ukraina qurol ishlab chiqaruvchilari oldiga reaktiv dvigatelli dronlarga qarshi kurashish uchun "texnologik yechim topish" vazifasini qo‘yganini ma’lum qildi. Shubhasiz yo‘llardan biri – reaktiv tutib oluvchi dronlarni yaratish va nishonga olishni avtomatik to‘g‘rilash tizimini takomillashtirishdir.