Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston o‘rtasida harbiy hamkorlik haqida bitim

Surat manbasi, Reuters
Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston o‘zaro qo‘shma mudofaa kelishuvini imzolashdi. Unda aytilishicha, uch davlatdan biriga qilingan hujum barchasiga qilingan hujum sifatida baholanadi.
Kelishuv Saudiya shahzodasi Muhammad bin Salmon, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharifning Saudiya Arabistonidagi Makka shahrida o‘tkazilgan uchrashuvida imzolangan.
Uch mamlakat AQSh va Eron o‘rtasidagi urushga Saudiya Arabistonini ham qo‘shilib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hamda Qizil dengiz orqali yuk tashish to‘siqlarga yuz tutayotgani ortidan xavfsizlik sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga intilib kelmoqda.
Saudiya Arabistoni va Pokiston allaqachon o‘tgan yili qo‘shma mudofaa kelishuviga erishishgandi.
Qo‘shma bayonotda aytilishicha, Makka qo‘shma mudofaa kelishuvining asosiy maqsadi "har qanday tajovuz harakatiga qarshi jamoaviy tarzda tiyib turish salohiyatini kuchaytirish"dir va "uch davlatdan biriga qarshi qurolli hujum ularning barchasiga qarshi hujum sifatida qabul qilinishi"ni belgilaydi.
Bayonotda, shuningdek, "uch davlat o‘rtasida mudofaa sohasidagi hamkorlikning barcha jihatlarini kuchaytirish" nazarda tutilgani qayd etilgan.
Biroq Islomning sunniy mazhabi tatbiq etilgan ushbu uch davlat o‘rtasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi kelishuv har bir tomonning majburiyatlari bo‘yicha aniq tafsilotlarni o‘z ichiga olmagan.
28- fevral kuni AQSh va Isroil shia Islomi ustun bo‘lgan Eronga hujum qilganidan keyin Eron va uning ittifoqchilari Saudiya Arabistoni hamda boshqa Fors ko‘rfazi davlatlaridagi nishonlarga hujumlar uyushtirdi va ularning yuk tashish yo‘llarini to‘sib qo‘ydi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Reuters axborot agentligi keltirgan turkiyalik amaldor so‘zlariga ko‘ra, mazkur kelishuv "butunlay mudofaa xususiyatiga ega".
Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaroda susayish alomatlari hozircha yo‘q ekan, shuningdek, bu 3 davlatning umumiy ittifoqchisi bo‘lgan AQSh mintaqadagi tanglik oqibatlarni jilovlashda qiynalayotgani ularda xavotirlarni uyg‘otmoqda.
Saudiya Arabistoni yirik moliyaviy qudratga ega bo‘lib, dunyodagi eng yirik qurol xaridorlaridan biri hisoblanadi.
Turkiya NATOdagi ikkinchi eng yirik harbiy kuchga ega davlat bo‘lib, zamonaviy mudofaa sanoati imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Pokiston esa yadroviy qurolga ega.
Yamanda Eron qo‘llab-quvvatlaydigan, mamlakat shimolini nazorat qiluvchi husiy isyonchilari Saudiya Arabistoni boshchiligidagi ittifoq qo‘lloviga ega hukumat kuchlariga qarshi kurash olib bormoqda.
O‘tgan oy husiylar Saudiya Arabistoniga qarshi "dengiz embargosi" e’lon qildi, hamda Qizil dengizdagi Saudiya aeroportlari, neft inshootlari va tankerlarini nishonga oldi.
Saudiya Arabistoni esa husiylarga tegishli nishonlarga zarbalar berib, Qizil dengiz va Adan ko‘rfazidagi yuk tashish yo‘llarini himoya qilish uchun yangi dengiz ittifoqini tuzish orqali javob qaytargandi.






























