Endi hamma erkak ota bo‘lishi mumkin: yashirin sperma qanday topiladi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Krupa Padhi
- Role, BBC Future
- Published
- O'qilish vaqti: 6 daq
Sun’iy intellekt bilan quvvatlangan yangi texnologiya, spermatazoidlari yo‘q deb aytilgan erkaklarda ham ularni topib, yillar davomida tirnoqqa zor bo‘lgan juftliklarga imkoniyat yaratmoqda.
2025-yil noyabr oyi boshlari edi. Penelopa AQShning Nyu-Jersi shtatida ishdan uyiga mashinada qaytayotganida unga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Bu uning shifokori edi, uzoq kutilgan xabarni yetkazish uchun qo‘ng‘iroq qilayotgan ekan. Ikki yarim yillik mashaqqatli urinishlardan so‘ng Penelopa nihoyat homilador bo‘lgandi.
Ko‘plab tekshiruvlardan so‘ng, Penelopaning turmush o‘rtog‘i Samuelda Klaynfelter sindromi borligi ma’lum bo‘ldi. Bu qo‘shimcha X xromosoma bilan tug‘ilgan erkaklarda uchraydigan genetik kasallik bo‘lib, ko‘pincha voyaga yetgunga qadar tashxis qo‘yilmaydi. Klaynfelter sindromiga chalingan aksariyat erkaklarning maniysida juda kam spermatazoid bo‘ladi yoki umuman bo‘lmaydi. Bu holat azoospermiya deb ataladi. Bepusht erkaklarning taxminan 10 foizida azoospermiya kuzatiladi.
Quvonch va ishonchsizlik aralash hislar bilan Penelopa o‘sha oqshom Samuelning (ikkisining ham ismi shaxsiy daxlsizlikni himoya qilish maqsadida o‘zgartirildi) uyga qaytishini va bu xushxabarni unga aytishni kutdi.
"Uning yuzida hissiyotlar to‘lqini aks etdi", deydi u. "U yig‘ladi… chunki bu nuqtaga yetib kelish uchun juda ko‘p kuch, vaqt va izlanishlar talab etilgandi. Bizda atigi bitta embrion borligi va u muvaffaqiyatli chiqqani uchun quvonchimiz cheksiz edi".
Ularning homilador bo‘lishi faqatgina Kolumbiya universiteti tomonidan azoospermiyaga chalingan erkaklarda spermatazoidlarni kuzatish va topish uchun ishlab chiqilgan Star (Sperm Track and Recovery) tizimi deb nomlangan yangi usul tufayli mumkin bo‘ldi. Tizim sun’iy intellekt yordamida bu kasallikka chalingan erkaklardagi sanoqli "yashirin" spermatazoidlarni aniqlash va topishga ko‘maklashadi.
"Men qo‘rqib ketgandim. Hayotimning eng muhim qismi bo‘lgan o‘z farzandimni dunyoga keltirolmasam kerak, deb o‘ylagandim", deydi Samuel. Unga biologik farzand ko‘rish ehtimoli 20 foiz ekanini aytishgandi. "Bu men uchun yuzimga tushgan qattiq tarsakidek edi".

Surat manbasi, Columbia University Fertility Center
Bepushtlik butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarga ta’sir qiladi va reproduktiv yoshdagi har olti kishidan biri hayotida kamida bir marta homilador bo‘lish muammosiga duch keladi. Erkaklar bepushtligi 50 foizgacha holatlarda asosiy omillardan biri bo‘lib, barcha erkaklarning 1 foizi azoospermik.
Bu shuni anglatadiki, butun dunyo bo‘ylab millionlab erkaklarning spermatazoidlari soni shunchalik pastki, ularning alohida olingan urug‘ini topish juda qiyin bo‘lgani sababli ular azoospermik hisoblanadi. Ammo sun’iy intellektning ushbu yashirin spermatazoidlarni topish qobiliyati ota-ona bo‘lishni orzu qilayotganlarga umid berishi mumkin.
O‘tgan yil oxirida, besh yillik ishlanmadan so‘ng, Star tizimi yordamida tug‘ilgan birinchi chaqaloq qariyb yigirma yil davomida bepushtlik bilan kurashgan er-xotinga nihoyat farzandli bo‘lish imkonini berdi. Bu Kolumbiya universiteti Fertillik markazi direktori Zev Uilyams va uning jamoasi yaxshi eslaydigan lahza.
Biz ko‘rayotgan narsalarning aksariyati shunchaki qoldiqlar va parchalar. Shu qoldiqlar va hujayra parchalari ummonida o‘sha juda noyob urug‘ hujayrani topishga harakat qilasiz
"Hamma quvonchdan osmonga sakrardi, – deydi u. – Shuncha mehnatingiz evaziga mukofot sifatida ana shunday ajoyib va o‘zgacha yutuqlar juda kam bo‘ladi. Endi bir qizaloq bor va Xudo xohlasa, bundaylar yanada ko‘pyadi".
Birinchi "Star" chaqalog‘i dunyoga kelganidan beri bu texnologiya fertillik markazida muntazam qo‘llanib kelmoqda va farzandli bo‘lishga umid qilayotganlar ro‘yxati dunyoning turli burchaklaridan kelgan yuzlab kishiga yetdi. Texnologiyadan foydalangan so‘nggi 175 nafar bemorga asoslanib, Uilyamsning aytishicha, ular qariyb 30 foiz holatda spermatazoid topmoqda. Bular o‘z spermatazoidlari yordamida farzand ko‘rish imkoniyati umuman yo‘q deb aytilgan shaxslar.
Uilyamsning aytishicha, keyingi sinovlarda "Star" malakali mutaxassisning qo‘lda qidirishiga qaraganda 40 baravar ko‘proq spermatazoid topa olgan.
Odatda, urug‘ namunasining har millilitrida o‘n millionlab spermatazoid bo‘ladi. Namunadan olingan kichik bir tomchi mikroskop ostida tekshirilib, spermatazoidlar soni taxmin qilinadi, shu bilan birga ularning harakatchanligi va sog‘lomligi ham tekshiriladi. Ammo azoospermik namunalarda butun namunada faqat bitta spermatazoid bo‘lishi mumkin, hatto ba’zi hollarda ular umuman bo‘lmaydi. Namunani birma-bir, har gal kichik tomchidan olib elakdan o‘tkazish amalda imkonsiz.

Surat manbasi, Getty Images
Uilyams 2020-yilda yangi yulduzlarni topish uchun sun’iy intellektdan qanday foydalanilayotgani haqida o‘qib, "Star" tizimi g‘oyasini o‘ylab topdi.
Zamonaviy teleskoplar tungi osmon haqida shunchalik ko‘p ma’lumot beradiki, astronomlar uchun ilgari ko‘rilmagan ob’ektlarni tahlil qilish juda ko‘p vaqt talab qiladi. Ammo mashinaviy o‘rganuv algoritmlaridan foydalanish bu ishni bir necha daqiqada bajarishi mumkin.
"Osmon manzarasi spermatazoidi yo‘q deb aytilgan erkaklarda ko‘rayotgan holatimizni juda eslatardi", deydi Uilyams. U spermatazoidlarni xuddi shunday aniqlash va ajratib olish uchun bunday texnologiyalarni qo‘llash mumkinmi, deb o‘ylay boshladi.
U va uning jamoasi namunani skanerlash uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan yuqori quvvatli tasvirlash texnologiyasidan allaqachon foydalanayotgan edi. Asosiy vazifa – real vaqt rejimida soniyasiga yuzlab tasvirlarni tahlil qilib, topilgan har qanday spermatazoidni aniqlash va ajratib olishdan iborat edi.
Uilyams va uning hamkasblari mikrofluid chiplardan, ya’ni soch tolasi kabi ingichka kanallar bilan o‘yib ishlangan shisha yoki polimerdan foydalanadi. So‘ng sperma namunasi shu kanallardan oqib o‘tadi va uni tasvirga olish moslamasi skanerlaydi.
Mashinaviy o‘rganuv algoritmi tasvirlardagi har qanday sperma hujayralarini real vaqt rejimida aniqlaydi. Bu ularni iloji boricha ehtiyotkorlik bilan ajratib olish va shikastlanishi oldini olish imkonini beradi.
"Namuna oqib o‘tayotganda, biz uni soniyasiga 300 ta kadr tezlikda tasvirga olamiz", deydi Uilyams. "Biz ko‘rayotgan narsalarning aksariyati shunchaki qoldiqlar va parchalardir. Bu toza suyuqlik emas. Siz esa ana shu boshqa qoldiqlar va hujayra parchalari ummonida o‘sha juda noyob urug‘ hujayrani topishga harakat qilasiz".
Uilyamsning aytishicha, "Star" usuli 100 foizlik sezgir darajaga erishgan, ya’ni u namunada bitta bo‘lsa ham sperma hujayrasini topish qobiliyatiga ega.
"Bu shunchaki biz ilgari ko‘ra olmagan narsani topishdir", deydi u.
Sperma hujayrasi aniqlangandan so‘ng, robotlashtirilgan tizim uni topilganidan keyingi millisoniyalar ichida ajratib oladi. "Mikrofluid chipdagi robotexnika suyuqlikning aynan sperma joylashgan o‘sha mayda qismini saralab oladi, – deydi Uilyams. – Natijada tarkibida sperma bo‘lmagan seminal suyuqlik bilan to‘la naycha va ichida sperma bo‘lgan mayda tomchi hosil bo‘ladi".
Samuelning holatida qo‘shimcha qiyinchilik bor edi va bu "Star" tizimi uchun birinchi tajriba edi: Klaynfelter sindromida sperma tashqari chiqmaydi, shuning uchun sperma topish uchun urologlar moyakning o‘zini tekshirishlari kerak. Samuel boshqa fertillik markazida moyakdan namuna olish bo‘yicha muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyotiga tayyorgarlik ko‘rish uchun to‘qqiz oy davomida gormonal terapiya oldi.
So‘ng namuna tadqiqot uchun Uilyamsning Kolumbiyadagi jamoasiga yuborildi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
"Jarrohlik amaliyotidan olingan to‘qima andrologiya laboratoriyamizga olib kelindi va u yerda "Star" tizimidan o‘tkazish uchun qayta ishlandi", deydi jarrohlikni nazorat qilgan Kolumbiya universiteti Fertillik markazining tibbiy va laboratoriya direktori Erik Forman.
Ayni paytda Penelopa tuxum hujayrasini oldirish muolajasidan o‘tayotgan edi. Odatda, yangi sperma namunasi o‘sha kunning o‘zida yetkaziladi, chunki bu urug‘lantirish uchun eng yaxshi imkoniyatdir. Ular vaqt bilan poyga o‘ynayotgandi.
"Star" tizimi Samuelning namunasidan sakkizta sperma hujayrasini ajratib olishga muvaffaq bo‘ldi va ular o‘z navbatida Penelopaning tuxum hujayralariga kiritildi. Ulardan biri to‘laqonli blastotsistaga, ya’ni embrionning yanada rivojlangan bosqichiga aylandi.
Ularning farzandi, katta ehtimol bilan "Star" natijasida dunyoga keladigan birinchi o‘g‘il bola iyul oyi oxirida tug‘ilishi kutilmoqda. Ular bu kunga yetishlariga hech qachon ishonmagan edi.
"Endi bu haqiqatga o‘xshay boshladi, ayniqsa, qimirlashlarni his qilayotganimda. Biz anatomiya skaneridan o‘tdik va hammasi a’lo darajada ko‘rinyapti", deydi Penelopa.

Surat manbasi, Columbia University Fertility Center
Noyob sperma hujayralarini izlab topish sun’iy intellektning fertillikni davolashni yaxshilash uchun qo‘llanilayotgan yagona usuli emas.
Masalan, tuxumdonlarni stimulyatsiya qilishda – EKUdagi bu muhim jarayon tuxumdonlarga bir nechta tuxum hujayrasini ishlab chiqarishga yordam beradi – mashinaviy o‘rganuv gonadotropin gormonining yanada individuallashtirilgan dozasini hisoblash imkonini bermoqda. Shu bilan birga, chuqur o‘rganuv vositalari gameta va embrionlarni aniqroq va hayotchanrog‘ini tanlashga yordam bermoqda.
Ammo uzoq muddatli natijalarni baholash uchun mutaxassislar keng ko‘lamli klinik sinovlar, shuningdek, maxfiy tibbiy ma’lumotlar bilan ishlash, maxfiylik hamda javobgarlik va egalik huquqi bo‘yicha nizolarni hal qilish masalalariga oydinlik kiritish zarurligini ta’kidlamoqda.
Sun’iy intellekt innovatsiyalari bilan bog‘liq baxtli yakun haqidagi haddan tashqari ko‘p va’dalar borasida ham xavotirlar bor.
"Bepushtlikdan uzoq vaqt aziyat chekkan juftliklar farzand ko‘rishga intilib, umidsizlikka tushib qolishlari va ularga samarasi isbotlanmagan qimmat davolash usullarini sotib olishlari mumkin", deydi Buyuk Britaniyadagi Uorvik universiteti akusherlik professori Shivan Kuenbi.

Surat manbasi, Getty Images
"Erkaklardagi og‘ir subfertillik omili uchun yangi yechim ishlab chiqish maqsadida ilg‘or tasvirlash, muhandislik va sun’iy intellektning birlashtirilgani juda hayajonli, – deya qo‘shimcha qiladi u. – Birgina muvaffaqiyatli homiladorlik – muhim boshlanish. Biroq, ushbu yangi davolash usulining qiymatini to‘liq baholashdan oldin ko‘proq bemorlar ishtirokida qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish lozim".
Biroq, Samuel uchun bu sun’iy intellektga asoslangan usul unga va rafiqasiga oilasini yana kengaytirishga yordam berishi mumkinligi juda quvonchli.
"Albatta, hozir ochko‘zlik qilyapmiz va kelajakda yana bir farzandli bo‘lishni xohlaymiz, ammo bu biz yana boshdan kechirishimiz kerak bo‘lgan jarayon, chunki zaxirada tuxum hujayralaridan boshqa hech narsamiz yo‘q, – deydi u. – Ammo hozir bizda ilgari yo‘q bo‘lgan umid bor".





























