O‘zbekiston: Bektemirda nima bo‘lgan? PXX kuch qo‘llashga haqlimidi?

BBC O‘zbek xizmatiga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, shu yil 10 iyul kuni Toshkent shahar Bektemir tumanidagi shoh yo‘l yoqasida joylashgan qurilish mollari do‘koniga PXX xodimlari kelib, do‘kon xizmatchilarini zo‘r bilan militsiya bo‘linmasiga olib ketishga urinishgan.
Do‘kon xizmatchilariga ko‘ra, do‘kondan tashqarida yo‘lovchilar uchun yo‘lakka qo‘yilgan mollar bunga sabab bo‘lgan.
Hodisa guvohlariga ko‘ra, dastlab ertalab soat 9 yarimlarda do‘konga ikki yengil mashinada tuman Ichki Ishlar bo‘linmasi xodimlari kelishgan. Do‘kon xizmatchilari ulardan nima uchun kelishgani haqida savol so‘rashganda, "hozir bilasizlar", deya mavhum javob qaytarishgan.
10 daqiqlardan keyin do‘kon oldiga avtobus kelib to‘xtagan. Bi-bi-si ga yuborilgan videotasvirlarda avtobus yonida "Bektemir tumani 4-sonli Ichki Ishlar bo‘linmasi" degan yozuvni ko‘rish mumkin.

Ushbu hodisa haqida BBC O‘zbek xizmati tomonidan tayyorlangan videolavhani mana bu link orqali BBC Uzbek Youtube kanalida batafsil ko‘rishingiz mumkin:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Hodisa guvohlariga ko‘ra, PXX xodimlari do‘kon xizmatchilarini ular bilan birga Ichki ishlar bo‘linmasiga borishlari kerakligini aytishgan.
Do‘konning ayol xizmatchilaridan biri buning uchun biron hujjatli asos, chaqiruv qog‘ozi yoki mahkama ajrimi bormi yo‘qligini so‘ragan vaqti "qarshilik ko‘rsatmang, yuring", deya po‘pisa qilishgan.
Ichki Ishlar xodimlari do‘kondagilarni nima uchun olib ketmoqchi bo‘lishgan, qaysi ish yuzasidan militsiya bo‘linmasiga borishlari kerakligi borasida batafsil ma’lumot berishmagan.
Hujjatsiz asosda militsiya bo‘linmasiga borishni istamagan ayollar doxil do‘kon xizmatchilarini Ichki Ishlar xodimlari qo‘llarini qayirib, zo‘r bilan avtobusga chiqarishmoqchi bo‘lishgan.
Ichki Ishlar xodimlari do‘kondagilardan qonuniy talablarini bajarishlari kerakligini aytishgan, ammo qonuniy talab qayd qilingan hujjatlarni taqdim qilishmagan.
Videoda olatasir holatda ayollardan biri avtobusga kuch bilan chiqarilayotgan vaqti yiqilib tushganini ko‘rish mumkin.
Ushbu hodislarni tasvirga olayotgan guvohning telefonini Ichki Ishlar xodimlari tortib olib, o‘zlarini bilan olib ketishgan.
Yana guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, do‘kondagi kassir doxil bir necha kishi bo‘linmaga olib ketilgan. O‘sha kunning o‘zida ular ustidan mahkama majlisi o‘tkazilib, jarima solinishi haqida hukm chiqarilgan. Bundan tashqari bir necha kunga do‘konga elektr ta’minoti uzib qo‘yilgan.

Ichki Ishlar xodimlari amallarida noqonuniylik elementlari bormidi? Vazirlik nima deydi? Ikki xil xulosa
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
BBC O‘zbek xizmati ushbu hodisa yuzasidan izoh olish va qonuniy baho berish maqsadida Ichki Ishlar vazirligi matbuot xizmatiga Telegram kanali orqali murojaat qildi.
Vazirlik Matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov javobida aytilishicha, Bektemirdagi "qurilish do‘koni egasi ustidan do‘kon oldidagi piyodalar o‘tish joyini turli qurilish mollari bilan to‘sib qo‘yishganligi haqida shikoyat kelib tushgan".
Buning natijasida "piyodalar yo‘li ham berkilib qolgan va qolaversa bu sanitariya qoidalariga ham zid", deyiladi Ichki Ishlar vazirligi javobida.
"Fuqarolarning murojaatlarini qondirish maqsadida mahalla raisi va profilaktika inspektori tomonidan do‘kon egasi ko‘chada yotgan qurilish mollarini olib, hududni tozalab qo‘yish bo‘yicha bir necha marotaba ogohlantirish berilgan. Lekin do‘kon egalari bu talabni bajarishmagan.
Shundan so‘ng, fuqarolarga noqulaylik tug‘dirayotgan, sanitariya qoidalarini buzayotgan va hududni ifloslantirayotgan do‘kon egalaridan tushuntirish olib, ularga nisbatan huquqiy chora ko‘rish maqsadida IIB binosiga olib kelishga qaror qilingan, Videoda ko‘rib turganingizdek, fuqarolar xodimlarni qonuniy harakatlariga keskin qarshilik ko‘rsatishgan.
Hozirda do‘kon egasi va do‘kon sotuvchisi O‘zbekiston Respublikasi MJtK 194-moddasi 2-qismi va 195-moddasi 1-qismlari bilan javobgarlikka tortilganlar», deyiladi Vazirlik maktubida.

Vazirlik Matbuot kotibi tilgan olgan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 194 moddasida haqiqatan ham "huquqni muhofaza qiluvchi organlarda hozir bo‘lish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik" ka nisbatan jazo chorasi tilga olingan.
Ammo do‘kon xizmatchilari aynan ana shu "qonuniy talab" haqidagi hujjatni so‘rashgan vaqti ularga bu kabi hujjat taqdim etilmagan.
Ushbu yozishma ortidan BBC O‘zbek xizmati jarima belgilanishi uchun do‘kondagilarga mahkama majlisiga chaqiruv qog‘ozi qonuniy yo‘llar bilan avvaldan yuborilganmi yo‘qligi, mahkama jarayoni nima uchun o‘sha kunning o‘zida avvaldan xabardor qilinmay o‘tkazilgani, mahkamaga chaqirilayotgan shaxsning huquqlarini ta’minlash yo‘lidagi protsessual jarayonlarga ne qadar rioya qilingani va ayollar doxil do‘kon xizmatchilariga qonuniy hujjatlarni taqdim qilmay keragidan ortiq kuch ishlatish yo‘li bilan militsiya bo‘linmasiga olib ketish qanchalar qonuniy harakat bo‘lgani haqida savollar yo‘lladi.
Bu savollarga BBC O‘zbek xizmati Ichki Ishlar vazirligi matbuot kotibidan umumiy tarzda vazirlik "xodimlari huquqbuzarlikni oldini olish bo‘yicha mamlakatimiz qonunchiligida belgilangan vakolatlaridan foydalanib, o‘z vazifalarini bajarishgan, ularning harakatlarida qonunchilikni buzish holati aniqlanmagan", degan javobni oldi. (BBC O‘zbek xizmati izohi: asl orfografiya saqlangan)

BBC O‘zbek xizmati Ichki Ishlar xodimlari tomonidan do‘kon xizmatchilariga kuch qo‘llangani naqadar qonuniy bo‘lganini o‘rganish borasidagi tadqiqotlari davomida, vazirlik veb-sahifasidagi Sun’iy intellekt yordamida yuritiluvchi virtual muloqot tizimi orqali xuddi shu yuqoridagi savollarni bergan vaqtda esa, matbuot kotibining so‘zlariga teskari xulosani oldi.
Virtual huquqiy xizmat javobi quyidagicha bo‘ldi:
"1. Agar PPX xodimlari kerakli hujjatlarni taqdim qilmasdan kuch ishlatishgan bo‘lsa, bu ortiqcha kuch ishlatish va qonunbuzarlik hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida fuqarolarni ushlab turishda qonuniy asoslarga va protsessual tartiblarga amal qilinishi kerak.
2. Hujjatlarsiz ushlab turish: PPX xodimlari fuqarolarni ogohlantirishsiz yoki hujjatlarsiz olib ketishga haqli emaslar".
Virtual xizmat javobida ushbu javob ma’lumot maqsadida berilganligi urg‘ulanib, huquqiy asos hisoblanmasligi ham aytib o‘tilgan. Lekin qanday bo‘lmasin O‘zbekistonda mavjud amaldagi qonunlarida bu borada nimalar qayd etilganidan dalolat beradi.
Aytib o‘tish joiz, do‘kon xizmatchilari ularga yo‘l yoqasiga qo‘yilgan mollarni olib tashlash haqida bir necha bor ogohlantirish berilganini tan olishadi.
Ushbu hodisa haqida BBC O‘zbek xizmati tomonidan tayyorlangan videolavhani mana bu link orqali BBC Uzbek Instagram sahifasida batafsil ko‘rishingiz mumkin
Asosiy masala nimada? Va Ombudsman javobi
Bu voqea qahramonlarining aksariyati uchun asosiy masala Ichki Ishlar xodimlarining 10 iyul kuni rasmiy hujjatlarni taqdim qilmay va tushuntirish bermay do‘kondagilarni zo‘r bilan olib ketish jarayonida keragidan ortiq kuch qo‘llangani va ayniqsa ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilganidir.
Shu o‘rinda avval bir necha bor ogohlantirishlarga bo‘ysunilmaganligi II xodimlariga kuch ishlatish uchun asos beradimi, degan savol tug‘iladi.
Mutaxassislarga ko‘ra, do‘kon xodimlari ko‘cha chetiga mol qo‘ymaslik haqida bir necha marta ogohlantirilgan bo‘lishi mumkin va bu holat keyinchalik javobgarlik masalasida ahamiyatli bo‘lishi mumkin.
Ammo bu holatning o‘zi PPX xodimlariga:
· istalgan paytda,
· hujjatlarsiz,
· kuch ishlatib,
· fuqarolarni olib ketish vakolatini bermaydi.
Har qanday majburlov chorasi qonunda nazarda tutilgan asos va tartibga rioya etilgan holda qo‘llanishi kerak, deyishadi mutaxassislar.
BBC O‘zbek xizmati ushbu hodisa yuzasidan munosabat olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Inson haqlari bo‘yicha vakili – Ombudsman, shuningdek Oila va Xotin-qizlar qo‘mitasiga ham so‘rovlar yubordi.
O‘zbekiston Respublikasi Inson haqlari bo‘yicha vakili – Ombudsman matbuot kotibi BBC Uzbek xizmatiga quyidagi javobni yo‘lladi:
"Ayni paytda, fuqarolarni olib borish jarayonida jismoniy kuch qo‘llangan-qo‘llanmagani, xodimlar harakatlarining qonuniyligi va vaziyatga mutanosibligini xolis o‘rganish maqsadida Ombudsman tomonidan Bosh prokuraturaga talabnoma kiritildi. Taqdim etiladigan materiallar asosida holatga huquqiy baho beriladi."
BBC Uzbek O‘zbekiston Respublikasi Oila va Xotin-qizlar qo‘mitasidan ham hozirda javob kutmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlardagi rezonans
BBC O‘zbek xizmati tomonidan tayyorlangan videolavhani mana bu link orqali BBC Uzbek TikTok sahifasida batafsil ko‘rishingiz mumkin:
Ayni maqolada TikTok tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz TikTok havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri TikTok post
BBC O‘zbek xizmati tomonidan Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Bektemirdagi do‘konda ro‘y bergan hodisa borasida chop etilgan videolavha foydalanuvchilar orasida keng muhokamalarga turtki berdi.
Hodisa haqida izoh qoldirganlarning aksariyati Ichki Ishlar vazirligi xodimlari amallarida noqonuniylik belgilarini ko‘rishgan.
"Hurmatli Shavkat Miromonovich, bu nima ahvol? Tadbirkorlarga zo‘ravonlik qilgan bu xodimlar xalq uchun xizmat qilishadimi yoki kuch ishlatadimi? Sizdan iltimos, bunday zo‘ravon xodimlarni ishdan olib tashlashingizni xalqim nomidan so‘rayman Sizdan", deya izoh qoldirgan BBC Uzbek Instagram sahifasida bir foydalanuvchi.
"Qani qonun? Qani haqiqat? Kim javob beradi? Savollar ko‘p, javob beruvchi yo‘q !!!", deya fikr qoldirgan yana biri.
"Forma kiyganlar xalqni muhofaza qilishlari kerak emasmidi? Ayollarga qilingan qo‘polliklarini ko‘rib, bolani qo‘rqib ketganini qaranglar! Bunday qo‘pollik qiladigan nima jinoyat qilishibdi bu ayollar?! Bu ishlar odillik bilan hal etilishini kutib qolamiz", deya tilaklar ham bildirilgan.
Xullas, ijtimoiy tarmoqlarda aytilgan fikrlar mualliflarining aksariyati Ichki Ishlar xodimlari amallaridagi noqonuniylik belgilarini ko‘rishmoqda.































