You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Yangiliklar: Rossiya Qozog‘istonga 'jiddiy zarba' beradimi, Ostona nimaning rejasida va Rossiya minglab Markaziy osiyolikni yolladimi?
Mintaqada nima gap – so‘nggi tafsilotlar:
Bosimmi yoki chorasizlik?
Rossiya 1 maydan boshlab Qozog‘istondan Germaniyaga "Drujba" quvuri orqali neft eksportini to‘xtatmoqchimi?
Britaniyaning nufuzli "Reyter" axborot agentligi bu haqda kecha, 21 aprel kuni sanoat sohasidagi anonim manbalarga tayanib xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Qozog‘iston va Germaniyaga neft eksportining to‘g‘rilangan jadvali yuborilgan.
Qozog‘iston tomoni agentlik xabariga o‘zining munosabatini bugun, oradan kun o‘tib bildirgan.
Qozog‘iston Energetika vaziri Yerlan Akkenjenovning ma’lum qilishicha, Rossiyaning yangi rejalari haqida norasmiy manbalar orqali xabar topgan.
"Biz norasmiy manbalardan bu ma’lumotlarning to‘g‘riligini bildik. Rossiya tomoni, norasmiy manbalarga ko‘ra, neftni quvurga haydash uchun texnik imkoniyatlarga ega emasligini da’vo qilmoqda. Bu, katta ehtimol bilan, Rossiya infratuzilmasiga so‘nggi hujumlar bilan bog‘liq. Bu mening taxminim", - deb aytgan vazir.
Uning jurnalistlar bilan ayni mazmundagi muloqoti akst etgan videoni Tengrinews.kz xususiy nashri o‘zining Telegram kanaliga joylagan.
Qozog‘istondagi yana bir xususiy nashr Orda.kz ham bu haqda xabar bergan.
Nashrning yozishicha, ular ham "Reyter"ning xabariga munosabat so‘rab, Qozog‘iston Energetika vazirligiga murojaat qilishgan.
Vazirlik o‘zlariga hozirda "batafsil javob" ustida ishlayotganliklarini aytib, javob bergan.
Orda.kz ning qayd etishicha, Rossiya quvurlariga qanchalik qaram ekani nazarda tutilganida, bu kabi bir ehtimol Qozog‘iston iqtisodi uchun jiddiy zarba bo‘lishi mumkin.
Rossiyaning Ukrainaga to‘laqonli bosqinidan keyin Germaniya undan neft xarid qilmay qo‘ygan.
Xuddi shu manzarada Qozog‘iston Germaniyaning muhim muqobil ta’minotchisiga aylangandi.
Yevropa Kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston o‘tgan yili Yevropa Ittifoqining uchta yetakchi importerlaridan biri bo‘lgan.
Ittifoq neft importining 12,8 foizi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Boshqa bir xabarlarga ko‘ra, AQSh elchisi Qozog‘iston bilan aloqalari "umumiy tarixlaridagi eng yaxshi bosqichda" ekanini aytgan.
Qozog‘iston Markaziy Osiyoning Rossiyaga chegaradosh yagona davlati. Uning Rossiya bilan quruqlikdagi chegarasi dunyodagi eng uzuni.
Mintaqa va dunyoning tabiiy energiya zaxiralariga boy davlatlaridan biri.
Rossiyaning Ukrainaga to‘laqonli bosqini orada keyingi nishonining aynan Qozog‘iston bo‘lishiga oid xavotirlarni ham paydo qilmay qo‘ymagan.
Qozog‘iston Ukraina urushi manzarasida o‘zining mudofaa salohiyatini kuchaytirishini rasman e’lon qilgan birinchi Markaziy Osiyo davlati sifatida ham o‘rtaga chiqqan.
Ostona nimaning rejasida?
Qozog‘iston qayta taklif bilan chiqdi.
O‘zining janubiy Turkiston shahrida Yaqin Sharq bo‘yicha tinchlik muzokaralarini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
Aytilishicha, taklif Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirining Isroil elchisi bilan muloqoti chog‘ida yana ilgari surilgan.
Vazir "Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashib borayotganidan xavotir bildirgan".
U Qozog‘iston Turkistonni tinchlik muzokaralarini o‘tkazish uchun taqdim etishga tayyor ekanini bayon qilgan.
Xabarda aytilishicha, tomonlar "ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollari"ni muhokama etishgan.
Shuningdek, uni "yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanliklari"ni ham tasdiqlashgan.
Yana "mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashganlar".
Mezbonlik g‘oyasi bilan ilk bor shu yilning 21 mart kuni Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqaev chiqqan.
Uning bu taklifi o‘shanda aynan janubiy Turkiston shahrida yangragandi.
Qozog‘iston Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodi va O‘zbekiston bilan birga aholisi eng katta ikkita davlatidan bittasi bo‘ladi.
Qolgan barcha mintaqa davlatlari kabi aholisining aksariyatini musulmonlar tashkil etadi.
Qozog‘iston tomoni xuddi shu taklifini yana 26 mart kuni Eron tarafi bilan muzokaralari chog‘ida ham takrorlagan.
Bugun, 22 aprel kuni esa Rossiya Tashqi ishlar vaziri Yaqin Sharqdagi mojaro Ukrainadagi kabi G‘arb tomonidan uyushtirilganini aytib chiqqan.
Rasmiy Toshkent ham Yaqin Sharqdagi vaziyatga befarq emas.
Allaqachon rasmiy bayonotlar bilan chiqqan, tomonlar bilan muloqotda va kechayotgan qurolli nizolarga diplomatik yo‘l bilan yechim topishga undab kelayotir, ularni og‘ir-bosiqlikka chaqirmoqda.
O‘zbekiston postsovet makonidagi eng yirik musulmon davlati bo‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yilgi Ramazon Hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ham jahonning turli hududlaridagi urush va nizolarga o‘zining e’tiborini qaratgan.
"Ularning tezroq tugab, barcha xalqlar tinchlik va barqarorlikda yashashini" tilagan.
AQSh va Eron o‘rtasidagi vaqtinchalik otashkesimga oid kelishuvni ham aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari qatori O‘zbekiston ham rasman olqishlab chiqqan.
AQSh va Eron o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarining ilk bosqichiga Pokiston poytaxti mezbonlik qilgan.
Shu kunlarda muzokaralarning keyingi bosqichi ham Islomobodda bo‘lib o‘tishi kutilgan, ammo taqdiri shu soatlarda ham mavhumligicha qolmoqda.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Rossiya uchun jang qilayotgan Markaziy osiyoliklar soni shunchalik ortdimi?
"Xochu jit" loyihasining Markaziy osiyoliklar bilan bog‘liq yangi raqamlariga oid xabarlar o‘rtaga chiqdi.
Xabarlar ham mahalliy va ham yetakchi mintaqaviy nashrlarning e’tiborini o‘ziga tortdi.
Ularda aytilishicha, Ukrainada Rossiya uchun jang qilayotgan Markaziy osiyoliklarning jami soni 13 ming kishiga yaqinlashgan.
Yollanishlar soni esa bir yilning o‘zida ikki barobardan ziyodga oshgan.
"Xochu jit" Ukrainaning davlat loyihasi bo‘ladi.
Loyiha Rossiya safida jang qilayotgan Markaziy osiyoliklar haqidagi ma’lumotlarni muntazam ravishda e’lon qilib keladi.
Ammo, xabarlarga ko‘ra, loyiha bu gal o‘z ma’lumotlarini "Ukraina-Markaziy Osiyo" loyihasiga taqdim etgan.
"Xochu jit"ning ma’lum qilishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolab, Ukrainada jang qilgan yoki qilayotgan 12666 nafar Markaziy osiyolikning shaxsiy ma’lumotlarini aniqlagan.
O‘zbekistonliklar yana peshqadam mavqe’da qolishgan, ulardan keyingi o‘rinlarni Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston fuqarolari egallashgan.
"Xochu jit" o‘zi shaxsiy ma’lumotlarini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari soni 4853 nafar ekanini aytgan.
O‘zbekistondagi qonunchilikka muvofiq, mamlakat fuqarolariga o‘zga davlatlarning harbiy xizmatlari va harbiy harakatlarida qatnashish uchun yollanish taqiqlangan, buning uchun jinoiy javobgarlik - uzoq yillik qamoq jazolarigacha ko‘zda tutilgan.
Markaziy osiyoliklarning Rossiya tomonidan Ukraina urushiga qanday va qanchalik yollanayotgani so‘nggi yillarda mahalliy faollar va huquqbonlarning jiddiy xavotirlariga molik masalalardan biri bo‘ladi.
Rossiya, yillarki, o‘zbekistonliklar uchun eng yirik tashqi mehnat bozori sanaladi.
Kovid pandemiyasiga qadar Rossiyada mehnat qilgan O‘zbekiston fuqarolari soni millionlarga nisbat berilgan.
Yaqinda Ukraina tomoni har bir alohida holat bo‘yicha O‘zbekiston tarafi bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini ham bildirgandi.
Orada O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi e’lon qilingan ma’lumotlar vakolatli organlar tomonidan tekshirilayotganligini ma’lum qilgan.
U O‘zbekiston qonunchiligi bilan O‘zbekiston fuqarolarining mamlakat tashqarisidagi harbiy harakatlarda ishtirok etishi taqiqlanganini ta’kidlagan.
Ma’lumotlar tasdiqlangan taqdirda, tegishli choralar ko‘rilishini bildirgan.
Ammo O‘zbekistonning vakolatli organlari tomonidan olib borilayotgan rasman bildirilgan tekshiruv natijalari halicha e’lon qilinmagan.
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshidanoq O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarini chet el Qurolli kuchlari saflariga yollanmaslikka chaqirib keladi.