O‘zbekiston uchun vizasiz Qozog‘iston yangi cheklovni kirityapti. Bu qanday ishlaydi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat tepasiga kelishi bilan Qozog‘iston bilan bordi-keldi soddalashtirildi va muammoli chegara nuqtalari qayta ochildi.

Surat manbasi, president.uz

Surat tagso‘zi, Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat tepasiga kelishi bilan Qozog‘iston bilan bordi-keldi soddalashtirildi va muammoli chegara nuqtalari qayta ochildi.
Published
O'qilish vaqti: 2 daq

Qozog‘iston vizasiz bordi-keldi kelishuvlariga ega davlatlar fuqarolari uchun 25 avgustdan yangi tizimni ishga tushirishi kutilyapti. Qozoq matbuotidagi xabarlarga ko‘ra, QazETA deya nomlangan tizim hatto Rossiya va Qirg‘iziston kabi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari fuqarolariga ham amal qiladi.

Shuningdek, u Qozog‘iston bilan 30 kunlik vizasiz rejimga ega O‘zbekiston fuqarolari uchun ham amal qilishi kutiladi. 30 kundan oshiq Qozog‘istonda qoladigan O‘zbekiston fuqarolari ro‘yxatdan o‘tgach, yana 60 kun mamlakatda qolishlariga ruxsat bor.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, QazETA elektronik kirish ruxsati bo‘lib, migratsiya jarayonlarining raqamlashtirilishini ko‘zda tutadi. U hozirda sinov tarzida ishlatilyapti, ammo kelajakda majburiy bo‘lishi mumkin deyilmoqda.

Ko‘plab o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari hali ham Qozog‘istonda ishlab pul topyapti.
Surat tagso‘zi, Minglab o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari hali ham Qozog‘istonda ishlab pul topyapti.

Yangi tizimga binoan, Qozog‘istonga kirishni rejalagan shaxs safaridan kamida 72 soat avval QazETA havolasidagi formani to‘ldirishi kerak. Bu forma so‘ng, viza talablariga daxlsiz holda, 180 kun davomida kuchda bo‘ladi.

QazETA formasini to‘ldirish mehmonga avtomatik tarzda Qozog‘istonga kirish huquqini bermaydi, buni chegara nuqtasidagi xodim hal qiladi.

Rasmiy Astana hozircha tizim qachon majburiy tus olishi haqida e’lon qilmadi.

O‘zbekistonda yashovchi va Qozog‘istonda qarindoshlari bo‘lgan fuqaroning BBC ga aytishicha, bu cheklov chegara osha savdo-sotiqdan tashqari qarindoshlar o‘rtasidagi bordi-keldiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Unga ko‘ra, chegaraning narigi tarafida kimdir vafot etsa, janozaga tezda borish uchun kamida 72 soat avval formani to‘ldirish mantiqsiz.

International Investment sayti tahliliga ko‘ra, Qozog‘iston oxirgi yillarda migratsiya oqimi ustidan nazoratni muntazam ravishda qat’iylashtirib kelyapti. Unda aytilishicha, mamlakatga kirish va qolish qoidalari qat’iylashgan, viza tugagach chegaradan qisqa muddatga chiqib qaytish taqiqlangan va yashash uchun ruxsat olish qoidalari mujmallashgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Qozog‘istonda yashab faoliyat yurituvchi xorijiy jurnalist Joanna Lillisning BBC ga aytishicha, migratsiya ustidan nazoratni kuchaytirishni Prezident Qosimjo‘mart To‘qaev o‘tgan yil oxiridagi katta nutqida tilga olgandi.

Lillis
Joanna Lillis
Avtoritar davlatlar misolida bunday tizim hukumatni ommaviy tarzda tanqid qilgan shaxslarni oldindan saralab, ularning mamlakatga kirishini taqiqlash imkonini yaratadi.
Joanna Lillis, jurnalist
“Qorong‘u soyalar: Qozog‘istonning sirli dunyosi ichida” kitobi muallifi (bbc.com/uzbek)
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

"Endi bu yangi tizim hukumatga mamlakatga kimlar kirib kelayotganini nazorat qilish uchun yana bir qo‘shimcha vositani taqdim etadi. Xususan, u hukumatga odamlarni mamlakat chegarasiga yetib kelganidan keyin emas, balki oldindan tekshirish va baholash imkonini beradi», - deydi Lillis.

Uning aytishicha, bu Qozog‘iston byudjeti uchun ham qo‘shimcha daromad keltiradi, chunki hozircha QazETA bepul bo‘lgani bilan, kelajakda pulli bo‘lishi rejalangan. Lillisga ko‘ra, masalaning siyosiy jihati ham bor.

Ko‘plab davlatlar va davlatlar birlashmalari bu maqsadda elektron safarga ruxsat berish (Electronic Travel Authorisation, ETA) tizimlaridan foydalanadi. Jumladan, bunday tizimlar AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqida ham amal qiladi. Biroq Qozog‘iston misolida bu tizim hukumatga — umuman olganda, bunday tizimdan foydalanuvchi istalgan hukumatga — mamlakatga kirishi istalmaydigan shaxslarni oldindan aniqlab, ularni chetlatish imkonini beradi. Avtoritar davlatlar misolida esa, menimcha, bunday tizim hukumatni ommaviy tarzda tanqid qilgan shaxslarni oldindan saralab, ularning mamlakatga kirishini taqiqlash imkonini yaratadi. Qozog‘iston hukumati, umuman olganda, tanqidga nisbatan toqatsiz munosabatda bo‘ladi. Shu bois, bu tizim hukumat tanqidchilarining mamlakatga kirishini rad etish vositasiga aylanishi mumkin», - deydi u.