Alievning "Bizga hech kim yordam bermadi" degan gapi ortida nima bor? Isroil Boku va Anqarani bir-biridan uzoqlashtirmoqdami?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Magerram Zeynalov
- Published
- O'qilish vaqti: 6 daq
"Ikki davlat, bir millat". Ozarbayjonda 1990-yillardan buyon Turkiya bilan munosabatlar aynan shu shior bilan ta’riflanib keladi. Prezident Ilhom Aliev ham Qorabog‘ urushi chog‘ida Turkiyaning qo‘llovini bir necha bor e’tirof etgan, Boku ko‘chalarida esa turk bayroqlari hilpirab turgan edi.
Biroq G‘azodagi urush Ozarbayjon va Turkiya manfaatlari har doim ham bir nuqtada tutashmasligini ko‘rsatdi. Anqara Isroilni ochiq tanqid qilayotgan bir paytda, Boku Isroil bilan yaqin aloqalarini saqlab qolishga harakat qilmoqda. Shu fonda Alievning yaqinda aytgan bir bayonoti ikki mamlakat munosabatlari haqidagi muhokamalarni yana avj oldirdi.
2 oktyabr kuni hokim partiya hisoblangan "Yeni Ozarbayjon" a’zolari bilan uchrashuvda Aliev mamlakat tashqi yordamga muhtoj emasligini ta’kidladi.
"Bizga kimningdir yordami ham, homiyligi ham kerak emas. Yordamga muhtoj bo‘lgan paytlarimizda hech kim bizga ko‘maklashmadi. Bir million qochqinga ega bo‘lgan davrimizda ham hech kim qo‘lini cho‘zmadi. Biz qo‘lga kiritgan narsalarning barchasini pulga sotib olganmiz. Qurollarni ham jahon bozori narxlarida, oxirgi o‘qqa qadar pul to‘lab xarid qilganmiz".
Aliev bu gaplarda Turkiyani tilga olmagan. Ammo bayonotdan keyin Ozarbayjon va Turkiyadagi kuzatuvchilar aynan Anqara nazarda tutilgan bo‘lishi mumkinligi haqida fikr bildirishdi.
Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov esa Bi-bi-siga bergan izohida bu talqinlarni rad etib, Qorabog‘ urushi davrida mamlakatga haqiqatda hech kim bevosita yordam bermaganini, Turkiya bilan esa ittifoqchilik munosabatlari saqlanib qolayotganini aytdi.
Shunga qaramay, Ozarbayjon matbuoti keyingi kunlarda mamlakatning tashqi ta’sirlardan mustaqil ekanini urg‘ulovchi maqolalarni ko‘p yozmoqda. Ayrim tahlilchilar esa prezident nutqini chuqurroq tahlil qilish zarurligini ta’kidlamoqda.
2020 yilgi ikkinchi Qorabog‘ urushidagi g‘alabadan keyin Bokuda Turkiya bayroqlari keng namoyon bo‘lgan edi. Oteshkesim to‘g‘risidagi kelishuv imzolanganidan keyin Aliev birinchi bo‘lib Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga qo‘ng‘iroq qilib, siyosiy qo‘llov uchun minnatdorchilik bildirgan.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Keyinchalik ikki davlat harbiy ittifoq to‘g‘risidagi Shusha deklaratsiyasini ham imzoladi. Bundan avval ham ikki mamlakat muntazam qo‘shma harbiy mashqlar o‘tkazib kelgan, Ozarbayjon armiyasi esa ko‘p jihatdan turk modeli asosida modernizatsiya qilingan.
44 kunlik urush vaqtida Ozarbayjon mashhur turk "Bayraktar" dronlaridan foydalanib, havoda ustunlikka erishgandi. Biroq ular sovg‘a sifatida berilganmi yoki sotib olinganmi, bu haqda rasman ko‘p gapirilmagan.
Mustaqil jurnalist va siyosatshunos Kirill Krivosheevga ko‘ra, Turkiyaning asosiy hissasi qurol yetkazib berishdan ko‘ra ko‘proq bilim va tajriba sohasida bo‘lgan.
"Bu razvedka ma’lumotlari, yillar davomidagi harbiy tayyorgarlik, armiyani shakllantirish va doimiy qo‘shma mashqlar edi", deydi u.
Qorabog‘ urushi yakunlanganidan keyin ozod etilgan hududlarda katta qurilish va tiklash ishlari boshlandi. Bu loyihalarda ko‘plab turk kompaniyalari ishtirok etdi. Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari esa ular orasida Erdo‘g‘onning yaqin qarindoshlariga bog‘liq kompaniya ham bo‘lganini yozgan.
Urushda Ozarbayjon turk dronlari bilan bir qatorda Isroilning "Harop" zarbador dronlaridan ham foydalangan. Shuning uchun 2020 yil noyabrdagi g‘alaba nishonlanayotgan kunlarda Boku ko‘chalarida nafaqat turk, balki Isroil bayroqlari ham ko‘ringan edi.

Surat manbasi, UN
Isroil ittifoqchilarni ajratayaptimi?

Surat manbasi, Getty Images
Ko‘rinishicha, Ozarbayjon va Turkiya o‘rtasidagi sovuqchilik yaqinda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishidan keyin yuzaga kelgan.
Isroil Bosh vaziri Binьyamin Netanьyahu minbarga chiqib, Isroil "Hizbulloh" jangchilariga qarshi qo‘llagan portlovchi peyjerlar haqida gapirayotgan paytda bir qator davlatlar vakillari zalni tark etgan edi. Bino tashqarisida esa Netanьyahu tashrifiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tgan.

Surat manbasi, Getty Images
Bo‘shab qolgan o‘rindiqlar orasida Ozarbayjon vakilining zalda qolgani aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Turkiya vakili chiqib ketgani, Ozarbayjon vakili esa qolgani turk matbuotiga ma’qul kelmadi. Ular Boku ittifoqchi davlatdan kutilganidek yo‘l tutmadi, deb hisobladi.
Ozarbayjon ham Turkiya, ham Isroil bilan yaxshi munosabatlarga ega. U har ikki davlatga neft sotadi va har ikki davlatdan qurol sotib oladi.
Ozarbayjonning Eron bilan munosabatlari esa unchalik yaxshi emas. Eron harbiylari Bokunu Isroilga harbiy ma’lumotlar uzatishda ayblagan, ammo Ozarbayjon bu ayblovlarni rad etgan.
Bu yil mart oyida AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganida esa, ma’lumotlarga ko‘ra, Tehron Naxichevondagi Ozarbayjon hududiga dronlar bilan zarba bergan.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Ammo G‘azodagi urush amalda Ozarbayjonni tanlov oldida qoldirdi. Chunki Turkiya falastinliklarni qo‘llab-quvvatlayotgan bir paytda, Ozarbayjon betaraf pozitsiyani saqlashga urinmoqda.
"Ma’lumki, Turkiyada ko‘pchilik, ayniqsa islomiy doiralar, Bokuning Isroil bilan yaqin munosabatlaridan norozi, — deydi NEST Centre eksperti, sharqshunos Ruslan Suleymonov. — Ammo, birinchidan, bu Anqaraning Ozarbayjon bilan ochiq qarama-qarshilikka borishiga sabab bo‘ladigan masala emas.
Ikkinchidan, Turkiyaning o‘zi ham bu borada ikkiyoqlama pozitsiya tutmoqda: Anqara Isroil rahbariyatini keskin tanqid qilar ekan, ayni paytda u bilan iqtisodiy aloqalarini saqlab qolmoqda. Bu munosabatlar qatorida Ozarbayjon va Iroq neftining Turkiya orqali tranziti ham bor".
Hokimiyatning ikki xil manbai
Sentyabr oxirida BMT binosida so‘zlagan nutqida Erdo‘g‘on ta’lim muassasalarida hijob taqishga qo‘yilayotgan taqiqlarni qoraladi. U Ozarbayjon nomini ochiq aytmagan bo‘lsa-da, bir kun avval Ozarbayjon Vazirlar Mahkamasi maktablarda ro‘mol taqishni taqiqlovchi qaror qabul qilgan edi.
"Turkiya prezidentining BMT Bosh Assambleyasidagi chiqishi va uning Bokuda maktab o‘quvchilari uchun joriy etilgan hijob taqiqiga urg‘u berishi Ozarbayjonda ichki siyosatga aralashishga urinish sifatida qabul qilingan bo‘lishi mumkin", deydi Ozertem.
"Turkiyani islom siyosatda faol qo‘llanadigan mamlakat deb atash mumkin. Erdo‘g‘on boshchiligidagi Adolat va taraqqiyot partiyasi hokimiyatga kelganidan keyin islomiy ramzlar siyosiy maqsadlarda kengroq ishlatila boshladi, deydi Suleymonov. Ozarbayjonda esa 70 yillik ateistik targ‘ibotdan keyin islom omili, ayniqsa siyosatda, deyarli yo‘q qilingan. Shuning uchun Ozarbayjon jamiyatini siyosat nuqtai nazaridan Turkiyaga nisbatan ancha dunyaviy jamiyat deb atash mumkin".

Surat manbasi, Getty Images
O‘tgan shanba kuni Turkiyada Ozarbayjondagi hijob taqiqlariga qarshi aktsiyalar bo‘lib o‘tdi. Namoyish ishtirokchilari ko‘targan plakatlarga qaraganda, ular bunday qarordan keyin Ozarbayjon va Turkiyani hali ham do‘st davlatlar deyish mumkinmi, degan savolni o‘rtaga tashlagan.
Turkiyaning o‘zida ham bunday taqiqlar 1997 yilda o‘sha vaqtdagi hukumat tomonidan joriy etilgan edi. Erdo‘g‘on esa hokimiyatga aynan dindor aholining huquqlarini himoya qilish shiorlari bilan kelgan va hozirgacha islom mavzusiga tez-tez murojaat qilib turadi.
Ozarbayjonda esa vaziyat boshqacha. Aliev, Erdo‘g‘ondan farqli o‘laroq, dinga oid qarashlari bilan tanilgan ommaviy siyosatchi yoki muxolifat vakili bo‘lmagan.
Ko‘p jihatdan u otasi Haydar Aliev qoldirgan siyosiy merosga tayanadi. Haydar Aliev esa dinga qarshi siyosat yuritgan SSSRda eng yuqori partiya lavozimlarini egallagan shaxslardan biri bo‘lgan.
Ozarbayjon Islom partiyasi 1990-yillardayoq taqiqlangan. Kuzatuvchilar ta’kidlashicha, Ilhom Aliev ham hokimiyatda bo‘lgan butun davr mobaynida siyosiy islomga qarshi kurashni izchil davom ettirib kelmoqda. Mamlakatdagi siyosiy mahbuslarning katta qismi hozir ham, avvalgi yillarda bo‘lgani kabi, turli diniy jamoalar va tashkilotlar vakillaridan iborat.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Bu qarama-qarshiliklar qayerga olib borishi mumkin?
Shunga qaramay, ekspertlar fikricha, Turkiya va Ozarbayjonni bog‘lab turgan manfaatlar shu qadar ko‘pki, ularning haqiqatan ham keskin ajralib ketishi ehtimoli past.
"Menimcha, biz gapirayotgan sovuqchilik ko‘proq axborot shovqiniga o‘xshaydi, deydi Suleymonov. Bu shovqin va muhokamalar ikki davlat tashqi ishlar vazirlari yoki prezidentlarining navbatdagi uchrashuvigacha davom etishi mumkin. Bunday uchrashuvlar esa muntazam bo‘lib turadi".
Ozertem ham bu vaziyat vaqtinchalik, degan fikrda.
"Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar darajasini hisobga olsak, bu holat muvaqqatdir. Biroq bu ikki tomonlama munosabatlar uchun muhim sinov hisoblanadi va bunday holatlar yana takrorlanmasligini aytish qiyin. Kavkazda normallashuv jarayoni davom etar ekan, bunday ko‘tarilish va pasayishlarni yana ko‘rishimiz mumkin. Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyat ham siyosiy muhitga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatadi", deydi u.
Krivosheev esa Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi aloqalar juda mustahkamligini ta’kidlaydi.
"Bu munosabatlarni bir kichik mojaro buzib yuborishiga ishonmayman", deydi u.
Uning eslatishicha, Suriyada har ikki davlatning manfaatlari mavjud bo‘lgan bir paytda Isroil va Turkiya vakillari o‘rtasidagi muzokaralar aynan Ozarbayjon hududida o‘tkazilgan. O‘shanda Bokuning betaraf pozitsiyasi hech kim tomonidan shubha ostiga olinmagan edi.
Shu bilan birga, u kelgusi yillarda, agar tomonlardan biri siyosiy islomga munosabatini o‘zgartirmasa, mafkuraviy tafovutlar jiddiy muammoga aylanishi mumkinligini istisno qilmaydi.
"Ikki yaqin davlat turlicha mafkuraga ega bo‘lishi eng xavfli holatlardan biri. Turkiya siyosiy islom yo‘lidan bormoqda, Ozarbayjon esa dunyaviy avtokratiyadir. Vaqt o‘tishi bilan bu holat haqiqiy ziddiyatlarga aylanishi mumkin", deb hisoblaydi u.






























