AQSh: Eron Hurmuzda kemalarga hujum qilmaslikka va’da bersin

Hurmuz bo‘g‘oziga kirishni kutib turgan kemalar.

Surat manbasi, Getty Images

Published
O'qilish vaqti: 4 daq

AQSh Erondan shanba kuni Ummonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan muzokaralar doirasida Hurmuz bo‘g‘ozi ochiq ekanini ochiqcha bayon qilishni va tijorat kemalariga o‘q uzishni to‘xtatish majburiyatini olishni talab qilgan.

AQSh ommaviy axborot vositalari ismi oshkor etilmagan rasmiylarga tayanib xabar berishicha, Tehron xususiy muloqotlarda prezident Donald Tramp maslahatchilariga kemalarga qarshi o‘tgan hafta o‘q uzilgani xatolik bo‘lganini tan olgan.

Ammo yana boshqa xabarlarga ko‘ra, eronliklar bu ish uchun ichki tizimdagi nazoratdan chiqqan bir guruhni ayblagan.

AQSh prezidenti Trampning aytishicha, Hurmuz bo‘g‘ozi atrofida bu hafta yuz bergan to‘qnashuvlarga qaramay, tomonlar muzokaralarni davom ettirishga kelishib olishgan. Oq uy bu hodisani o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning buzilishi deb hisoblagan.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi mamlakatining o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha majburiyatga amal qilganini aytdi. U X ijtimoiy tarmog‘ida aksincha AQSh kelishuvni buzganini da’vo qilgan.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Ummondagi muzokaralarda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham ishtirok etishi aytilgan.

Iyun oyida AQSh va Eron o‘rtasida tuzilgan kelishuvga ko‘ra, Eron Hurmuz bo‘g‘ozidan tijorat kemalari uchun xavfsiz yo‘lakni ta’minlashi kerak edi.

AQShning yuqori lavozimli amaldorlari CBS News telekanaliga bildirishicha, Tehron muzokaralarga putur yetkazishga uringan qattiqqo‘llardan iborat "adashgan» bir guruh tijoriy kemalariga o‘q uzganini ma’lum qilgan. CBS News Bi-bi-sining AQShdagi hamkoridir.

Rasmiylardan birining telekanalga aytishicha, eronliklar muzokara stoliga qaytib, "Biz xato qildik. Noto‘g‘ri ish tutdik. Keling, muloqotni davom ettiraylik", deya murojaat qilishgan.

Shanba kungi muzokaralarda AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens, davlat kotibi Marko Rubio hamda Yaqin Sharq bo‘yicha muzokaralarda faol ishtirok etgan ikki shaxs — maxsus elchi Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner ishtirok etishlari kutilmoqda.

Muzokaralarda Abbos Aroqchi ham ishtirok etishi aytilgan.

Juma kuni jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda AQSh rasmiylari mintaqaviy vositachilar orqali Eron rahbariyatiga maxsus xabar yetkazilganini aytishdi. Unda Tehrondan bo‘g‘oz ochiq ekani va tijorat kemalariga qarshi o‘q uzish to‘xtatilishini tasdiqlovchi bayonot berish talab qilingan. Bu haqda bir nechta ommaviy axborot vositalari xabar qildi.

Reuters agentligi bir rasmiyning "Yo ular shunday bayonot beradi, yoki natija ular uchun yaxshi bo‘lmaydi", degan so‘zlarini keltirgan.

CBS xabariga ko‘ra, Oq uy Erondan kemalarga o‘q uzilgani xatolik bo‘lganini ochiq tan olishni ham talab qilmoqda.

Hurmuz bo‘g‘ozidagi o‘nlab kemalar.

Surat manbasi, Reuters

Ayni paytda Qatar delegatsiyasi juma kuni taranglikni pasaytirish va Hurmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovini yengillashtirish maqsadida Tehronga tashrif buyurdi.

Donald Tramp juma kuni Truth Social tarmog‘idagi sahifasida "Eron Islom Respublikasi bizdan muzokaralarni davom ettirishni so‘radi. Biz bunga rozi bo‘ldik, ammo Amerika Qo‘shma Shtatlari ularga mutlaqo aniq tarzda otashkesim tugaganini bildirdi!", deb yozgandi.

Shanbaga o‘tar kechasi Tramp Eron uni o‘ldirishni rejalashtirayotgani haqidagi xabarlarga ham munosabat bildirdi.

U Truth Social tarmog‘ida bunday hujum yuz bersa, AQSh armiyasi javob sifatida mamlakatning barcha hududlarini "butunlay vayron qilishi va yo‘q qilishi"ni yozgan.

The Wall Street Journal va boshqa AQSh ommaviy axborot vositalari bu hafta Isroil Vashingtonga Eron yaqinda AQSh prezidentiga suiqasd uyushtirish rejasini ishlab chiqqanini ko‘rsatuvchi josuslik ma’lumotlarini taqdim etgani haqida xabar berdi.

Shuningdek, Eronning marhum oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning janozasida ham Trampning o‘limiga chaqiriqlar yangragani aytilmoqda.

Bu hafta dafn etilgan Xomanaiy 28 fevral kuni Tehrondagi qarorgohiga Isroil bergan zarba oqibatida halok bo‘lgandi. Bu sana Eron bilan AQSh va Isroilning urushi boshlangan birinchi kun sifatida ko‘riladi.

Kecha, juma kuni ikki tomon o‘rtasida yangi hujumlar haqida xabar berilmadi. Bu hafta boshida Fors ko‘rfazi mintaqasida to‘qnashuvlar boshlangan bo‘lib, bu iyunda imzolangan muvaqqat kelishuvdan keyingi AQSh va Eron o‘rtasidagi eng jiddiy qurolli qarama-qarshilik sifatida baholanmoqda.

AQSh tavsiya qilgan Ummon hududiy suvlari orqali o‘tuvchi yo‘nalishdan foydalangan uchta kema hujumga uchragan. Eron esa bir necha bor xavfsiz yo‘l faqat o‘z hududiy suvlari orqali o‘tishini ta’kidlagan.

O‘tgan oy AQSh va Eron o‘rtasida 14 banddan iborat anglashuv memorandumi bo‘yicha kelishuvga erishilgani muhim siljish sifatida baholangan edi. Uning maqsadi o‘t ochishni to‘xtatish muddatini uzaytirish va mojaroni "barcha jabhalarda" tugatish, deya aytilgandi.

Kelishuvga muvofiq, Eron va Ummon boshqa Fors ko‘rfazi davlatlari bilan birgalikda bo‘g‘ozning "kelajakda boshqaruvi va dengiz xizmatlari"ni belgilash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishi kerak.

Mojaro davomida Eron bo‘g‘oz ustidan o‘z nazoratini namoyish etishga harakat qildi. Shu jumladan, Eron "Fors ko‘rfazi bo‘g‘ozi boshqarmasi" tashkil etilganini e’lon qildi. Mazkur idora "xavfsiz o‘tish ruxsatnomalari"ni berish bilan shug‘ullanishi aytilgan.

Eronning Fars axborot agentligining xabar berishicha, AQSh bilan erishilgan yangi kelishuvga ko‘ra, kelajakda bo‘g‘oz Eron tomonidan Ummon bilan muvofiqlashtirilgan holda boshqarilishi mumkin. Bu tizim doirasida suv yo‘lidan o‘tayotgan kemalardan ehtimoliy "xizmat haqlari" ham olinishi nazarda tutilmoqda.