"Markaziy Osiyoda raqamli qatag‘on kengaymoqda"

Simto‘rga bog‘langan mobil telefon

Surat manbasi, YouTube/Dayanch

Surat tagso‘zi, Turkman inson haqlari tashkiloti o‘z videosida simto‘rga bog‘langan mobil telefonni namoyish etdi.
Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Markaziy Osiyodagi Inson huquqlari tashkilotlari qo‘shma bayonot tarqatdilar. Bayonotda aytilishicha, mintaqadagi besh mamlakat hukumatlari jurnalistlar, blogerlar va fuqarolik jamiyati faollariga nisbatan raqamli repressiyalarni kengaytirayotganlari kuzatilayapti.

Qo‘shma bayonot Vena shahridagi Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti yig‘ilishi munosabati bilan e’lon qilindi.

Bayonotni Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro sheriklik (IPHR), Qozog‘iston Inson huquqlari va qonun ustuvorligi bo‘yicha xalqaro byurosi (KIBHR), Markaziy Osiyo Inson huquqlari birlashmasi (AHRCA) va Turkman Inson huquqlari tashabbusi (TIHR) imzolaganlar.

Ushbu mustaqil inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari faollari o‘z mamlakatlarida erkin faoliyat yuritishlari imkonsizligini aytadilar, aksari xorijda siyosiy boshpana topganlar.

Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining raqamli zamonga bag‘ishlangan yig‘ilishi munosabati bilan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda aytilishicha, butun mintaqadagi hukumatlar "dezinformatsiyaga qarshi kurash choralarini mustaqil ovozlarni bo‘g‘ish vositasiga aylantirayaptilar".

Mintaqa inson haqlari faollariga ko‘ra, hukumatlar veb-saytlarga to‘siq qo‘yish, kiber hujumlar tashkil qilish va jinoiy ta’qiblardan foydalanmoqdalar.

Hatto Turkmaniston oziq-ovqat narxlarini tanqid qilgan blogerni qiynab o‘ldirgani da’vosi ham ilgari surildi.

Iqtibos

"Ijtimoiy tarmoqlardagi kontent ustidan shikoyat mexanizmlari suiiste’mol qilinayotgani ortib borayotgani o‘ta tashvishli holatga aylanmoqda, bunda muvofiqlashtirilgan va asossiz qoidalarni buzish haqidagi da’volar mustaqil akkauntlarni to‘xtatish yoki o‘chirishga olib kelayapti. O‘zbekistonda Hook Report va Sarpa Media kabi bir nechta mustaqil media-platformalarning, shuningdek ayrim blogerlarning akkauntlari joriy yil boshida shunday shikoyatlar ortidan bloklandi. Shunga o‘xshash amaliyotlar O‘zbekiston bo‘yicha ishlaydigan xorijiy tashkilotlarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Jumladan, Frantsiyada joylashgan AHRCAning YouTube-kanali mualliflik huquqini buzgani haqidagi da’volar sababli 2026 yil yanvar oyida o‘chirildi, uning Facebook'dagi uchta akkaunti esa keyingi ikki oy ichida bloklandi. Bundan tashqari, 2026 yil aprel oyida AHRCA prezidentining Telegram-akkaunti buzib kirildi, shundan so‘ng uning nomidan soxta xabarlar tarqatildi. Qozog‘istonda so‘nggi oylarda tobora ko‘proq OAV, tashkilotlar, jurnalistlar va blogerlar o‘ylab topilgan va ko‘rinishidan, muvofiqlashtirilgan shikoyatlardan keyin akkauntlar yoki kontentning bloklanishi yoki o‘chirilishi haqida xabar bermoqdalar. Bunday holatlar avji 2026 yil mart oyidagi konstitutsiyaviy referendum oldidan kuzatildi, biroq ular undan keyin ham davom etmoqda", deyiladi bayonotda.

Qozog‘istonda huquqni himoya qilish guruhlari 2025 yil noyabr oyida Respublika.kz saytining bloklanishini, jurnalist Lukpan Axmediyarov ishini, «Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi»ning qozoq xizmatiga solingan jarimani hamda Orda.kz va KazTAG jurnalistlariga bosim o‘tkazilganini qayd etdilar.

Shuningdek, ular yuzni aniqlash texnologiyasidan hukumat qanday foydalanayotgani yuzasidan ham xavotir bildirmoqdalar.

Xususan, 2025 yil iyunida bloger Sanjar Bokaev Almati aeroportida to‘xtatilgani, bunga yuzni tanish tizimi uni "fuqarolik faoli" deb ko‘rsatgani sabab bo‘lgani xabar qilindi.

Ulysmedia.kz nashrining bosh muharriri Samal Ibraeva eng qo‘pol raqamli hujumlardan biriga duch kelgan.

"Mening suratim, ismim va telefon raqamimni intim xizmatlar saytidagi soxta profilga joylashtirdilar. Bir necha kun telefonimga uyatsiz takliflar bilan "hujumlar bo‘ldi. Tanishlarim qo‘ng‘iroq qilayapti, sayt o‘quvchilari esa bu haqda savol beryaptilar... Bu jinoyatni buyurtma qilganlar ehtimol qo‘llarini ishqalashayotgandir: raqamli hujum muvaffaqiyatli bo‘ldi, deb", dedi Samal Ibraeva Azattyqasia.org saytiga bergan intervyusida.

"Qirg‘izistonda 2024 yili "xorijiy agent" to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi fuqarolik faollari xorijiy kuchlar manfaatiga ishlayapti degan ayblovlar ilgari surilgan vaqtga to‘g‘ri keldi", deyiladi bayonotda.

Azattyqasia.org nashriga ko‘ra, bugun Tojikiston "panjara ortida rekord darajada ko‘p jurnalist va blogerlarni saqlab turipti.

Fergana news agentligi yozishicha, Tojikistonda davlatga qarshi ayblovlar bilan qamalganlar orasida Daler Bobiev va Abdullo G‘urbati ham bor.

Ular noqonuniy buzilishlar, mahalliy hokimiyat suiiste’mollari va davlat siyosati tanqid qilingan YouTube kanali yuritganlaridan so‘ng javobgarlikka tortilganlar.

Shohida Salomova ishi O‘zbekiston uchun eng og‘ir ayblov

Shohida Salomova

Surat manbasi, Ijtimoiy tarmoq

Fergana news agentligi yozishicha, bayonotning O‘zbekistonga taalluqli eng og‘ir ayblovlari e’lon qilingan qismi bloger Shohida Salomova ishi bilan bog‘liqdir.

Fergana news va Asiaterra.info veb nashrlariga ko‘ra, Shohida Salomova O‘zbekiston prezidenti va uning qarindoshlari haqidagi materiallar bilan bog‘liq tuhmat ishi doirasida uch yildan ortiq vaqt davomida majburiy tarzda ruhiy shifoxonada saqlanayapti.

Shohida Salomova Telegramda "Patanatomiya stranы Uz" kanalini, YouTube da 5660 dan ortiq obunachisi bor kanalni yuritgan.

Bugun 64 yoshga to‘lgan Shohida Salomovani tuhmat va haqoratda gumon etib 2022 yil dekabrida Toshkent shahrida qo‘lga olingani xabar qilingan.