O‘zbek bolalari $6 dollar uchun kuniga 1000 ta g‘isht quyishga majbur. Video

Surat manbasi, taqdim/gettyimages

Surat manbasi, screenshot
Ahvol shunchalikmi - xavotirlar kuchaymoqda...
1000 ta g‘isht uchun $6 dollar

Surat manbasi, screenshot
Bugun tirikchilik ilinjida maktab yoshidagi bolalari bilan g‘isht quyishga majbur oilalar soni ortayotgani yana xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.
Hozir 19 yoshda bo‘lgan qahramonimiz Samiulloh oilaning to‘ng‘ichi.
U hayotida maktabga bormagan.
Asli Afg‘onistonning shimoliy Saripul viloyatidan. Oilasi to‘qqiz jondan iborat, uka va singillari hali maktab yoshida.
Ammo ular bugun o‘z turar-joylarini tark etib, tirikchilik uchun Balx viloyatida g‘isht quyishga majbur, mavsumiy mehnatda band.
Butun boshlik oilani bunga Afg‘onistonda yana chuqur ildiz otib borayotgan ishsizlik va qashshoqlik undagan.
Samiulloh uch ukasi bilan birga g‘isht quyadi. Ukalaridan biri o‘n besh, o‘n uch yoshda bo‘lsa, boshqasi undan ham kichik.
Ammo to‘rttovlon yarim soatcha tushlik bilan kuniga 16-17 soatlab mehnat qiladi.
Ertalab soat 06:00 da ish boshlashsa, kechki 23:00 gacha tinim nimaligini bilmaydi.
Haftasiga faqat bir kun dam olishadi.
"Ishsiz edik. Birorta ham ish yo‘q edi. Ro‘zg‘orni o‘tkazish, pul topish uchun majburlikdan keyin bu yerga keldik", - deydi Samiulloh.
Oilaning xotin-qizlari ham bir chetda qarab turishmaydi, onasi va singillari ularga oftobda qurigan g‘ishtlarni taxlashda ko‘maklashishadi.
Bunga o‘xshagan oilalar jazirama issiqda ham imkon qadar ishlashga harakat qilishadi, ishlarini deyarli to‘xtatishmaydi, ayrimlari kechasi bilan bo‘lsa-da, ishlab chiqishadi.
Afg‘onistonning Markaziy Osiyoga chegaradosh shimolida yozda juda issiq bo‘ladi, havo harorati +40 va hatto undan yuqoriroqqa yetadi.
Ishsiz edik. Birorta ham ish yo‘q edi. Ro‘zg‘orni o‘tkazish, pul topish uchun majburlikdan keyin bu yerga keldik.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Ularning aytishlaricha, g‘isht quyayotgan joylarida hatto toza ichimlik suvi yo‘q, qo‘lbola quduqdagi sho‘r suvni ichishadi.
Toblari qochgan paytda yon-atroflarida tibbiy yordam ham imkonsiz, yarim soat oyoqda, keyin esa hatto traktorda bo‘lsin, Balx markaziga borishlariga to‘g‘ri keladi.
O‘zlari quygan g‘ishtdan tiklangan tomu, eshik va derazasiz vaqtinchalik qo‘lbola boshpanalarida yashashadi.
Ukalari ham pul topish, oilalarini boqish majburiyati ostida tahsillarini tashlashgan yoki umuman maktabga chiqishmagan.
To‘rttovlon kuniga 1000 ta g‘isht qo‘yishsa, bor-yo‘g‘i $6 dollarcha pul ishlashadi.
Aytishlaricha, shu bois, to‘rttovlashib, har kun uch mingtacha g‘isht quyishga urinishadi.
Quygan g‘ishtlarini mahalliy shirkatlar sotib olishadi, ish haqlarini ularga haftabay to‘lashadi.
Afg‘onistondagi bunga o‘xshash oilalar haftasiga topgan bir necha o‘n dollar ana shu pullariga ro‘zg‘orlarini tebratishadi, ijara haqqi, suv, o‘tin, chiroqqa pul to‘lashadi, oddiygina yeyish-ichish, davolanish yoki to‘y qilish uchun olgan katta miqdordagi qarzlarini qaytarishga urinishadi.
Afg‘oniston shimolida yangi xavotir yoki tahsil o‘rniga non uchun kurash - videoni ko‘rish uchun quyida ilova qilingan linkni bosing:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post

Surat manbasi, screenshot

Surat manbasi, screenshot

Surat manbasi, screenshot
Xuddi o‘sha joyda ishlayotgan ayrim oilalar misolida hatto xotin-qizlar ham erkaklari bilan birgalashib g‘isht quyishadi.
Mahalliy faollarning aytishlaricha, bugun Samiullohnikiga o‘xshash oilalarning soni birgina Afg‘oniston shimolining o‘zida o‘nlab....
G‘isht quyish kabi og‘ir ko‘cha mehnatida band bolalarni esa Balxdan tortib, Tahorgacha kuzatish mumkin, deyishadi ular.
Og‘ir ko‘cha mehnatining afg‘on bolalari jismoniy salomatligi va ruhiyatiga ta’siri esa hatto xalqaro miqyosda jiddiy xavotirlarga sabab eng og‘riqli muammolardan biri bo‘ladi.
"Bu bolalar aslida 8, 10, 12 yoshda. Ammo yaqiniga borib qarasangiz, ular 18, 20 yasharga o‘xshashadi. Yoshlariga nisbatan shunchalik qarib qolishgan", - deydi o‘zi ham uzoq yillardan beri bolalar huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanib kelayotgan mahalliy afg‘on faollaridan biri Mingmuhammad Hamdil.
Bu bolalar aslida 8, 10, 12 yoshda. Ammo ularga yaqindan borib qarasangiz, 18, 20 yasharga o‘xshashadi. Yoshlariga nisbatan shunchalik qarib qolishgan.

Surat manbasi, Jorge Fernández/LightRocket via Getty Images
O‘zbekistonga chegaradosh Balx esa yaqin-yaqingacha Afg‘onistonning anchayin farovon sanoqli viloyatlaridan biri sifatida ko‘rib kelingan.
Xabarlarga ko‘ra, viloyatda qurilish ishlari Tolibon qaytganidan keyin ham tinmagan va g‘ishtga bo‘lgan talabning hozir ham yaxshiligi Afg‘oniston shimolidagi ishsiz, doimiy daromadsiz ko‘plab oilalar uchun bugun naqd pul topishning sanoqli imkoniyatlaridan biriga aylangan.
G‘arb tomonidan dastaklangan va Tolibon tomonidan qulatilgan afg‘on hukumati davrida ham Afg‘onistonda g‘isht quyish bilan shug‘ullanuvchi bolalarning soni yuz minglab ekani aytilgan
Afg‘onistondagi yangidan yangi qurilishlar g‘ishtga bo‘lgan talabni yanada kuchaytirarkan, o‘shanda bu ish bilan asosan chetdan, ayniqsa, Pokistondan qaytgan muhojir oilalar shug‘ullanishgan.
Ammo hatto o‘shanda ham qator xalqaro tashkilotlarning jiddiy xavotir va da’vatlari ham Afg‘onistondagi uzoq yillik mazkur muammoga barham bera olmagan.
Afg‘oniston mintaqaning aholisi ko‘p davlatlaridan biri sanaladi.
Davomiy urushlar sabab, uzoq yillar davomida mamlakat aholisi rasman ro‘yxatga olinmagan.
Ammo turli manbalarda Afg‘oniston aholisining soni 45 millondan ortishi aytiladi.
Aholisi juda yosh, fuqarolarining taxminan 63 foizini 25 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qilishiga oid raqamlar bor.
Afg‘oniston, boshqa tomondan, O‘zbekistondan keyin dunyoning O‘zbeklar eng ko‘p yashovchi ikkinchi davlati bo‘ladi.
Ular, asrlarki, aynan Afg‘onistonning shimoliy va shimoliy-sharqiy viloyatlarida yashab kelishadi.
Muammo yanada kuchaydimi?

Surat manbasi, screenshot

Surat manbasi, screenshot

Surat manbasi, screenshot

Surat manbasi, screenshot
Afg‘oniston uzoq yillik urushlardan endi-endi chiqayotgan davlat.
2021 yilda Tolibon mamlakatda G‘arb tomonidan dastaklangan hukumatni qulatgan.
Afg‘onistonni yana o‘zining Islomiy Amirligi, deb e’lon qilgan.
Ammo shu vaqt oralig‘ida hukumatini faqat Rossiyagina rasman tan olgan.
Tolibon hokimiyatga kelganidan so‘ng Afg‘oniston iqtisodiyoti chuqur inqirozga yuz tutgan.
Tolibon hukumati qudratni kuch bilan egallagani, xalqaro hamjamiyatning talablarini bajarmagani bois, G‘arb Afg‘onistonga berib kelayotgan aksariyat yordamlarini to‘xtatib qo‘ygan.
Xorijiy yordamlarning to‘xtatilishi, markaziy bank rezervlarining muzlatilishi Afg‘onistondagi iqtisodiy ahvolni yanada og‘irlashtirgan.
Kambag‘al oilalar qashshoqlashib, ishsizlik avvalgisidan ham ortgan, millionlab insonlarning ocharchilikka yuz tutishi mumkinligiga oid xavotirlar kuchaygan.
O‘shanda mamlakatning 95 foiz aholisi qorni to‘yib ovqat yemasligiga oid raqamlar ham aytilgan.
Tolibon hukumati yana xotin-qizlarning aksariyat sohalarda ishlashlarini ham taqiqlagan.
Mavjud holat ham ko‘plab oilalarning iqtisodiy ahvollarini yanada og‘irlashtirgan.
Xotin-qizlar Afg‘oniston aholisining yarmiga yaqinini tashkil etishadi.
Uzoq yillik urushlar manzarasida ko‘p hollarda aynan ular oilalarining asosiy yoki yagona boquvchisi bo‘lib kelishgan.
Natijada, g‘isht quyish bo‘ladimi yoki boshqa, og‘ir ko‘cha mehnatini qilishlariga to‘g‘ri kelayotgan bolalarning soni yanada ortgan, muammo avvalgisidan-da chuqurlashgan.
Ayrim nufuzli nashrlarda shu oylarda e’lon qilingan ma’lumotlarga qaralsa, Afg‘onistonda yuzaga kelgan bu kabi iqtisodiy ahvol maktab yoshidagi bolalar ilova millionlab odamni ana shunday kuyga solgan.
Ularni tirikchilik ilinjida o‘z uy-joylarini tark etib, maktabni tashlab, imkonli bo‘lgan har qanday ishni qilishga undagan.
Agar, shu yilning mart oyida e’lon qilingan xalqaro hisob-kitoblarga tayanilsa, Afg‘onistonda qariyb 9 million bola yoki ularning har uchtadan bittasi qattiq ocharchilikka duch kelmoqda.
Yana besh yoshgacha bo‘lgan 4 millionga yaqin bola qattiq to‘yib ovqat yemaslikdan aziyat chekayotir.
"Xyuman Rayts Votch" xalqaro inson haqlarini himoya qilish tashkilotining 2024 yilgi hisobotida aytilishicha esa, Afg‘onistondagi iqtisodiy inqiroz qariyb chorak millionga yaqin odamni insonparvarlik yordamiga muhtoj qilib qo‘ygan.
Bundan, ayniqsa, xotin-qizlar qattiq jabr chekkan, deydi tashkilot.
"Save the Children" xalqaro jamg‘armasi yana Afg‘onistonda o‘tgan va shu yilning yanvari oralig‘ida uch yuzdan ortiq bola mina yoki boshqa portlovchi vositalarga duch kelib, hayotdan ko‘z yumgan yoki mayib bo‘lib qolgan bo‘lsa, ularning orasida sotib, pul topish ilinjida temir-tersak yig‘ib yurganlarining ham borliklariga o‘zining alohida e’tiborini qaratgan.
Yaqinda Afg‘onistondan qashshoqlik, qarz va chorasizlik tufayli o‘z qizlarini sotishga tayyor otalarga oid xabarlar ham olingan.
Shu oylarda olingan xabarlarga ko‘ra, Afg‘oniston dunyodagi eng og‘ir oziq-ovqat inqirozlaridan biriga duch kelmoqda.
Afg‘onistonga yordamlarning keskin qisqartirilishi, Tolibon hukumatining siyosati va qaqshatqich qurg‘oqchiliklar vaziyatni yanada yomonlashtirgan.
Bu aql bovar qilmas oqibatlarga sabab bo‘lgan.
To‘rt afg‘ondan uchtasi bugun oziq-ovqat, ish va tibbiy yordam olishda qiynalmoqda.
Favqulodda ochlik darajasi 4,7 million kishi, ya’ni aholining o‘ndan bir qismidan ko‘prog‘ini qamrab oladi, bu ularning ocharchilikdan bir qadam narida ekanligini anglatadi.
Qo‘shni Pokiston va Eronning katta sondagi afg‘on qochqinlarini ortga qaytarish siyosatini kuchaytirishi esa Afg‘onistonda shundoq ham og‘ir bo‘lgan vaziyatni yanada qiyinlashtirgan.
Yangi xavotirlar

Surat manbasi, Lynsey Addario, with funding by the National Geographic Society/Getty Images

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Afg‘oniston dunyoning global iqlim o‘zgarishidan qattiq zarar ko‘rajak davlatlari sirasiga ham kiradi.
So‘nggi yillarda Afg‘onistonda bir tomondan g‘ayriodatiy yog‘ingarchiliklar, halokatli suv toshqinlari, boshqa tarafdan qattiq qurg‘oqchiliklar ham yanada kuchaygan.
Bundan eng ko‘p yana Afg‘onistonning shimoliy va shimoliy-sharqiy viloyatlari ziyon chekayotgani ko‘rilgan.
Bu mintaqalarda ham aksariyat, asrlarki, dehqonchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanib kelgan.
Ammo ustma-ust kuzatilayotgan qurg‘oqchiliklar ularni asosiy daromad manbalaridan mosuvo qilgan, ish, tirikchilik, ro‘zg‘or ilinjida minglab oilalar o‘z turar-joylarini tashlab, darbadarlikka yuz tutgan, chetga mehnat muhojirligiga yuz tutayotgan odamlarning soni yanada ortgan.
Ayni manzarada ularning orasida oliy ma’lumotlilarining ham oshib borayotgani bugun alohida e’tibor va xavotirga molik voqe’likka ham aylangan.
AQSh va Isroilning Eronga ochgan urushi, Turkiyada kuchayib borayotgan aksil-migratsion siyosat esa ularning chetda pul ishlash imkoniyatlarini ham yanada qiyinlashtirgan.
Afg‘oniston shimolida kuchayib borayotgan qurg‘oqchilikning bolalarga ta’siri qanchalik yomon bo‘layotganiga "Bolalarni asrang yoki Save the Children" xalqaro bolalar jamg‘armasi shu yil mart oyida e’lon qilgan yangi hisobot ham dalolat qilgan.
Mazkur hisobotda aytilishicha, Afg‘onistonning qattiq qurg‘oqchilikdan aziyat chekkan shimoliy viloyatlaridagi oilalarning deyarli uchdan ikki qismi bolalar mehnati ko‘payganligini aytishgan.
Ularga ko‘ra, bu tendentsiya o‘tgan ikki yil ichida kuchaygan.
Xalqaro jamg‘arma hisob-kitoblariga ko‘ra, u yerlarda hozir har besh boladan faqat bittasigina maktabga boradi.
Ma’lum bo‘lishicha, jamg‘arma o‘zining tadqiqotlarini o‘tgan yilning sentyabrida Afg‘onistonning shimoliy Balx, Jauzjon, Saripul va Faryob viloyatlarida olib borgan.
Xuddi shu tadqiqotlar tirikchilik vositalarining yo‘qolishi, oziq-ovqat taqchilligi va darbadarlik bolalarni ishlashga undayotgan asosiy omillar ekaninini ko‘rsatgan.
Respondentlarning to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘i 2025 yil sentyabrigacha bo‘lgan to‘rt oy ichida ishdan ayrilganini aytgan.
Xalqaro jamg‘arma, o‘z o‘rnida, bolalar nega maktabga bora olmayotganining asosiy omillarini ham aniqlashga harakat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 79 foiz holatda bunga moliyaviy qiyinchiliklar va oilalariga yordam berish uchun bolalarning ishlashlariga to‘g‘ri kelayotgani sabab bo‘lgan.
So‘nggi to‘rt yil ichida kuzatilayotgan ustma-ust qurg‘oqchiliklar esa qator viloyatlarda lalmi bug‘doyning 80 foizini nobud qilgan.
Ishsizlik ortib borarkan, "Save the Children" tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, qurg‘oqchilikdan jabr ko‘rgan viloyatlardagi oilalarning deyarli to‘rtdan uch qismi oziq-ovqat sotib olish uchun qarz olishga majbur.
Afg‘onistonga chegaradosh Yaqin Sharqdagi urushlar, Pokiston bilan tanglik sabab savdo-sotiqning izdan chiqishi sabab oziq-ovqatning qimmatlashishi ham bu kabi oilalar ahvolini yanada og‘irlashtirgan.
Har o‘n oiladan to‘qqizdan ortig‘i vaqtinchalik ish bilan band, chunki suv manbalarining qurib ketishi va ekin ekishning imkoni yo‘qligi sababli doimiy ish imkoniyatlari cheklangan.
Tolibon hukumati xuddi shu manzarada Afg‘onistonning o‘z puliga bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo bilan ikki o‘rtadagi Amudaryodan suv oluvchi ziddiyatli yirik Qo‘shtepa kanalini qurib, bitkazish harakatiga tushgan.
Mintaqa davlatlarining iqtisodiy va diplomatik qo‘lloviga qanchalik muhtojligi ham ularni bu rejaning ijrosidan ortga qaytara olmagan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Nima qilmoq kerak?

Surat manbasi, Uzbekistan PM Office/Anadolu via Getty Images
Tolibon qudratga qaytishi ortidan, Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning izdan chiqishi ehtimoli ularning o‘zlari qolib, qo‘shni mintaqa davlatlarining ham jiddiy xavotirlariga molik eng muhim masalalardan biri bo‘ladi.
Ular bunday bir ehtimolning mintaqa barqarorligiga xavf solishi, katta sondagi qochqinlar oqimi o‘zlaridagi vaziyatni ham izdan chiqarishi mumkinligidan tashvishda.
Uch Markaziy Osiyo davlatidan tashqari yana Xitoy, Eron va Pokiston ham Afg‘onistonga chegaradosh.
O‘zbekiston ilova ularning hech biri hukumatini rasman tan olmagan esa-da, qisqa vaqtning o‘zida Tolibon bilan iqtisodiy diplomatiyaga zo‘r bergan, faol muloqotlarini boshlagan.
Turli mintaqaviy iqtisodiy loyihalar muhokamasi va ijrosiga kirishish harakatiga tushgan, Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan allaqachon yirik miqdordagi savdo kelishuvlarini ham imzolagan.
Afg‘oniston xalqiga, ayniqsa, mamlakatning o‘zlariga chegaradosh shimoli aholisiga insonparvarlik yordamlari ham berib keladi.
Afg‘oniston Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘lovchi muhim transit yo‘lida joylashgan, tabiiy ma’danlarga boy, gazi, nefti ham bor.
Tolibon yana soliq yig‘ish va korruptsiyani qisman kamaytirish hisobiga byudjet tushumlarini yaxshilashga uringan.
Xuddi shu manzarada Afg‘oniston iqtisodining asta-sekinlik bilan o‘nglanayotgani yirik xalqaro moliyaviy tashkilotlarning o‘zlari tomonidan ham e’tirof etilgan.
Ammo makroiqtisodiy barqarorlik halicha keng ijtimoiy rivojlanishda o‘zining ifodasini topmaganligi ham ta’kidlangan.
Afg‘onistondagi tizimli qashshoqlik, izolyatsiya va inson huquqlarining keskin cheklanishi bunga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillar o‘laroq tilga olingan.
Afg‘onistondagi bolalar mehnatiga oid to‘liq rasmiy statistika imkonli emas.
Ammo ular bugun butun Afg‘oniston bo‘ylab og‘ir ko‘cha mehnatida band ekani inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat: ular g‘isht quyishadi, ko‘chalarda poyafzal tozalashadi, narsa sotishadi, mashina yuvishadi, qurilishlarda va hattoki xavfli konlargacha ishlashadi.
Xitoy Sinxua axborot agentligining o‘tgan oy xabar berishicha, Afg‘onistonning Mehnat va ijtimoiy ishlar vazirligi jami 34 viloyat, jumladan, poytaxt Kobulda ham og‘ir mehnat bilan shug‘ullanuvchi yetim va himoyaga muhtoj bolalar uchun o‘quv markazlarini tashkil etgan.
Vazirlik voizi Samiulloh Ibrohimiyning agentlikka aytishicha, "O‘tgan yil davomida vazirlik yetim va qarovsiz qolgan bolalar bilan bog‘liq 13,500 ga yaqin ishlarni ko‘rib chiqqan, ularning ahvoli va sog‘lig‘ini himoya qilish uchun zarur yordam va aralashuvni ta’minlagan".
"O‘quv markazlarida ta’limdan tashqari, bolalarning sog‘lig‘i, oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy kabi barcha ehtiyojlariga e’tibor qaratilmoqda", - deya qo‘shimcha qilgan u.
Ammo mazkur nashr o‘zining ham e’tirof etishicha, bunday qo‘llov va yordam ko‘pchilik uchun imkonsiz.
Xitoy bugun Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonning eng yirik iqtisodiy va diplomatik hamkorlaridan biri bo‘ladi.
"Bu ko‘p tashvishli bir gap. Davlat, bolalar huquqlarining himoyasiga mas’ul tashkilotlar bu sohada yaxshi bir reja ishlab chiqishsa. Bolalarni himoya qilishsa. Ular savodsiz qolmasa. Og‘ir ishlarni qilmasa. Jisman azob chekmasalar. Muhojir bo‘lishmasa. Giyohvand moddalarga ro‘ju qo‘ymasa. Bolalarning huquqlari uchun kurashishsa", - deydi faol Mingmuhammad Hamdil.
Qashshoqlik, ishsizlik va ijtimoiy norozilik esa aynan Afg‘oniston misolida ichki va tashqi qochqinlar oqimi, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi, diniy mutaassiblikni kuchaytirishi va alal-oqibat isyonchilikni qayta olovlantirishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar bo‘lib kelgan.
Yaqin-yaqingacha uzoq yillik urushlar ichida bo‘lgan Afg‘oniston dunyoning O‘zbeklari ilova turli jangari guruh, harakat va global tarmoqlar boshpana topgan, jang qilgan va jon saqlab kelgan sanoqli davlatlaridan biri sifatida ko‘rilgan.
"Buning oldini olish uchun hozir Afg‘onistonda hukumatda bo‘lganlarning ko‘p ish qilishlariga to‘g‘ri keladi. 18 yoshgacha bo‘lganlarning ishlashini taqiqlash to‘g‘risidagi qonunlarni ishlab chiqish yoki bolalarning maktabga borishini majburiy qilish. Bundan tashqari, bolalarni maktabga borishga targ‘ib qiluvchi dasturlarni yaratish. Ammo shaxsiy fikrim shundayki, hozir hukumatda bo‘lganlarning bunga hech bir irodasi yo‘q. Qachongacha bu tashqi mamlakatlar o‘zlarining ko‘maklari bilan Afg‘oniston davlatini oyoqda ushlab turadi?...Afg‘oniston kelajagi uchun bolalarning o‘qimasligi eng katta xavflardan biri, deb bilaman. Bu kelajakda nafaqat Afg‘onistonning o‘zi, balki tashqarisi uchun ham muammo yaratishi mumkin", - deydi hozir muhojiratda bo‘lgan asli afg‘onistonlik iqtisodchi Fariydun Ilhom.
O‘zi ham biror bir joyda tahsil olmagan qahramonimiz Samiulloh esa, hozir o‘zi bilan birga g‘isht quyayotgan ukalarining muallim, shifokor bo‘lishi, xizmat qilib, Vatanlariga manfaatlari tegishini orzu qiladi.





























