BBC News Russian, BBC News O'zbek qanday qilib natsistlardan qochgan o‘zbekistonlikning hayot hikoyasini dunyoga olib chiqdi?

Surat manbasi, Alderney Heritage
Bi-bi-si Ikkinchi jahon urushi yillarida Jersi orolida bir oila tomonidan hayoti saqlab qolingan o‘zbekistonlik sovet askarining uzoq yillar sirli bo‘lib kelgan hikoyasini yoritdi.
Ikkinchi jahon urushi davrida Jersi orolida yashagan Le Bretonlar oilasi nemislar tomonidan tashkil etilgan harbiy asirlar lageridan qochgan sovet askari — Boqijon ismli o‘zbekistonlik yigitni uch yil davomida yashirib kelgan.
Orol 1945 yilda ozod etilgandan so‘ng, Boqijon boshqa sovet asirlari kabi SSSRga jo‘natilgan. U oilaga xat yozib turishga va’da bergan, ammo tez orada aloqa uzilgan. Oradan o‘nlab yillar o‘tibgina Bi-bi-si uning kim bo‘lgani va urushdan keyingi taqdiri qanday kechganini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.
Bu Ikkinchi jahon urushi tarixining kam ma’lum bo‘lgan sahifalaridan biri hisoblanadi. 1940 yilda nemis qo‘shinlari Jersi orolini bosib olgan va Buyuk Britaniyaga qarshi keyingi harbiy harakatlar rejasining bir qismi sifatida u yerda qudratli harbiy mustahkam inshootlar qurishni boshlagan.
1941 yil oxiridan e’tiboran orolga sovet harbiy asirlari va boshqa mamlakatlardan olib kelingan majburiy ishchilar joylashtirilgan. Ular eng og‘ir va xavfli ishlarga — tosh konlarida, qirg‘oq mudofaa inshootlari va yer osti tunellarini qurishga jalb qilingan.

Omon qolganlarning guvohliklariga ko‘ra, lagerlardagi sharoitlar nihoyatda shafqatsiz bo‘lgan: mahbuslar ochlikka mahkum etilgan, muntazam ravishda kaltaklangan va qiynoqlarga solingan.
Lager mahbuslaridan biri Boqijon edi. Bi-bi-si olib borgan surishtiruvlar natijasida uning O‘zbekiston hududidagi Namangan shahrida tug‘ilgan Boqijon Akramov ekani aniqlandi.

U 1941 yildan urushga ketgan, Ukraina hududida asirga tushgan va keyinchalik taxminan 2000 nafar boshqa sovet harbiy asirlari bilan birga Jersi oroliga olib kelingan.
"Eng kichik ayb uchun ham bizni ayovsiz kaltaklashardi. Aslida esa, bizni doim urishardi. Agar ishlashga qodir bo‘lmasak, och qoldirishar, keyin yana kaltaklashardi — ular hech qachon kasal ekanimizga ishonmasdi", — deb yozadi Boqijon o‘z kundaligida. — "Uch oy ichida 44 kishidan iborat guruhimizdan 20 nafardan ortig‘i ochlikdan halok bo‘ldi".
1943 yil aprel oyida Akramov lagerdan qochishga muvaffaq bo‘ladi. Ochlikdan holdan toygan Boqijon mahalliy fermerlar — Jon va Feliss Le Bretonlar xonadonining eshigini taqillatadi. Juda katta xavf-xatarlarga qaramay, Le Bretonlar uni nafaqat ovqatlantirishga, balki uyida yashirishga ham qaror qiladi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan ular uni "Tom amaki" deb atashgan.
"Ota-onam doimo Xudoga ishongan odamlar edi. Ular "agar u bizning eshigimizga kelgan bo‘lsa, demak bu Xudoning irodasi", deb ishongan. Shu sababli barcha xavflarga qaramay, Tom amaki bizning uyimizda qolishiga qaror qilishgan", — deydi Bi-bi-siga Jon va Felissning qizi Dulsi Le Breton. U Boqijonni shaxsan yaqindan tanigan va hali ham uni yaxshi eslaydi.

Jersining yana bir aholisi Luiza Guld, xuddi shu kabi insoniylik ko‘rsatgani uchun hayotidan ayrilgan.Qo‘shnilari nemislarga uning sovet harbiy asirini yashirayotgani haqida xabar berishgan. Luiza hibsga olingan va Ravensbryuk kontslageriga jo‘natilib, u yerda halok bo‘lgan.
Natsist qo‘shinlari istalgan paytda tekshiruv bilan kelishi mumkin bo‘lgan sharoitda Le Bretonlar Boqijon Akramovni uch yil davomida o‘z uyida yashirib kelishgan. Shu vaqt ichida u ingliz tilini o‘rgangan va oilaning to‘rt nafar farzandi, jumladan Dulsi bilan juda yaqin qarindoshdek bo‘lib ketgan.
1945 yilda Jersi oroli ozod etilgandan so‘ng, Boqijon boshqa tirik qolgan sovet asirlari bilan birga SSSRga yuboriladi. U Le Bretonlarga hech qachon ularni unutmasligini va albatta xat yozishini aytadi. 1945 yil iyun oyida, u hali Yevropa hududida bo‘lgan paytida, oila undan uchta xat oladi. Shundan keyin aloqa butunlay uziladi.

Surat manbasi, Family archives
Oradan o‘nlab yillar o‘tib, Bi-bi-si rus va o‘zbek xizmatlari hamda Jersi orollik tarixchi Kris Eddi hamkorligida uning shaxsi aniqlandi. Tadqiqot jarayonida oila xotiralari, arxiv hujjatlari, Boqijonning shaxsiy kundaliklari hamda uning harbiy xizmatini va davlat mukofoti bilan taqdirlanganini tasdiqlovchi sovet rasmiy hujjatlari solishtirib o‘rganildi. Natijada 1985 yilda Boqijon Akramov "Vatan urushi" ordeni bilan taqdirlangani haqidagi hujjat topildi.
Mukofot hujjatlarida ko‘rsatilgan manzilga borgan Bi-bi-si muxbirlari u yerda Boqijonning nabirasi bilan uchrashishdi. U Jersi orolida Le Bretonlar oilasi asrab kelgan suratdagi insonni bobosi ekanligini darhol tasdiqladi.
Shu tariqa "Tom amaki" — 1910 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan, o‘zbekistonlik Boqijon Akramov bo‘lgani aniqlandi. U uzoq umr ko‘rgan va 1996 yilda vafot etgan. Uning nabiralari hozir ham yashab kelmoqda.
Oila a’zolarining aytishicha, Boqijon nega urush haqida gapirishdan qochgani va nega malakali ishlarga qabul qilinmagani ilgari ularga tushunarsiz bo‘lgan. Endilikda bu holat nemis asirligida bo‘lgan sovet fuqarolariga yillar davomida ishonchsiz shaxs sifatida qarab kelingani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilish mumkin.
Urushdan keyin sobiq harbiy asirlar NKVDning maxsus filtratsiya lagerlarida tekshiruv va so‘roqlardan o‘tkazilgan. Ko‘p hollarda asrga tushganlikning o‘ziyoq davlatga sodiqlikka shubha tug‘dirgan. Ayrimlar oddiy hayotga qaytgan bo‘lsa-da, ko‘plab sobiq asirlar kasbiy cheklovlar, ishonchsizlik va ta’qiblarga duch kelgan, ba’zilari esa yana lagerlarga jo‘natilgan. Hatto Stalin vafotidan keyin ham bu shubha izi darhol yo‘qolmagan, ko‘plab odamlar uchun u yillar davomida saqlanib qolgan.

"Aziz Dulsi, sizning oilangiz jasorati va mehribonligi uchun cheksiz minnatdormiz. Bobomiz urushdan omon chiqib, bizga hayot baxsh etishiga faqat sizlar sababchisiz. Sizni topganimizdan nihoyatda baxtiyormiz. Sizni O‘zbekistonga taklif qilamiz va doim uyimizda kutib qolamiz", — dedi Boqijon Akramovning nabirasi.
"Ota-onam bu ishni shunchaki to‘g‘ri deb bilgani uchun qilgan. Va ular Jersida sovet askarlariga yordam bergan yagona odamlar emas edi. Bunday hikoyalar o‘nlab bo‘lgan. Men odamlar ularning barchasini bilishini va yodda saqlashini juda istayman", — dedi Dulsi Le Breton.
Bi-bi-si surishtiruvi va ikki oila uchrashuvi haqidagi film yaqin vaqt ichida e’lon qilinadi.
Boqijon Akramov hayot hikoyasidan O‘zbekiston hukumati Bi-bi-si orqali xabardor bo‘ldi. Shuning ortidan, O‘zbekiston Prezidenti 2026 yil 1 may kuni Jon va Feliss Le Bretonlarni Ikkinchi jahon urushi yillarida ko‘rsatgan jasorati va yuksak insonparvarligi uchun vafotidan so‘ng "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlash to‘g‘risida farmon imzoladi.































