Jon saqlash uchun farzandini sotayotganlar: Afg‘onistonda otalar chorasiz tanlov qarshisida

Abdul Rashid Azimiy uch nafar farzandi bilan yerda o‘tiribdi. Uning chehrasi g‘amgin.

Surat manbasi, Imogen Anderson/BBC

Surat tagso‘zi, Abdul Rashid Azimiyning aytishicha, u boshqa qizlarini boqish uchun qizlaridan birini sotishga tayyor.
    • Author, Yogita Limaye
    • Role, correspondent
  • Published
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Afg‘onistonning G‘o‘r viloyati markazi Chag‘charon shahridagi chang bosgan maydonga tong otishi bilan yuzlab erkaklar yig‘iladi.

Ular kimdir biror ish taklif qilib qolar degan ilinjda yo‘l chetida saf tortadi, yuzlarida holdan toygani ko‘rinib turadi. Ish topilsa, o‘sha kuni oilalari ovqat yeydi, bo‘lmasa yo‘q.

Biroq ish topish ehtimoli juda past.

45 yoshli Jumaxon so‘nggi olti hafta ichida kuniga 150 dan 200 afg‘oniygacha ($2,35-$3,13) haq to‘lanadigan ishni bor-yo‘g‘i uch kun topa oldi.

"Bolalarim ketma-ket uch kecha och yotdi. Xotinim ham, bolalarim ham yig‘ladi. Shuning uchun qo‘shnimdan un sotib olish uchun qarz so‘radim", deydi u.

"Farzandlarim ochlikdan o‘lib qolishidan qo‘rqib yashayman".

Bunday kun ko‘rayotgan faqat u emas.

Diqqat: Ushbu maqolada ko‘ngilni xira qiladigan tafsilotlar mavjud.

BMTga ko‘ra, bugungi Afg‘onistonda har to‘rt kishidan uch nafari o‘zining birlamchi ehtiyojlarini qondira olmaydi. Ishsizlik avjida, sog‘liqni saqlash tizimi og‘ir ahvolda, bir paytlar millionlab odamlarni eng zarur mahsulotlar bilan ta’minlab turgan yordam eng past darajaga tushgan.

Mamlakat hozir misli ko‘rilmagan ochlikka yuz tutmoqda: 4,7 million kishi – Afg‘oniston aholisining o‘ndan biridan ko‘prog‘i – ocharchilik yoqasida turibdi.

G‘o‘r – eng ko‘p jabr ko‘rgan viloyatlardan biri.

Bu yerdagi erkaklar chorasizlikdan nima qilishni bilmaydi.

"Menga qo‘ng‘iroq qilishib, bolalarim ikki kundan beri ovqat yemaganini aytishdi", deydi Raboniy, ovozi bo‘g‘ilib.

"O‘zimni o‘ldirgim keldi. Ammo keyin o‘yladim: bu oilamga qanday yordam beradi? Shuning uchun mana, ish qidirib yuribman".

Jumaxon ish topishga qiynalayotganini aytayotgan ishchilar guruhi o‘rtasida turibdi.

Surat manbasi, Imogen Anderson/BBC

Surat tagso‘zi, 45 yoshli Jumaxon (o‘rtada) so‘nggi olti hafta ichida atigi uch kunlik ish topa olgan.

Xoja Ahmad bir necha og‘iz so‘z aytar-aytmas ho‘ngrab yig‘lab yuboradi.

"Biz ochlikdan o‘lyapmiz. Katta farzandlarim vafot etgan, shuning uchun oilamni boqishim kerak. Lekin qarib qoldim, shunga hech kim menga ish bergisi kelmaydi", deydi u.

Maydon yaqinidagi novvoyxona har ochilganda egasi olomonga qotgan non tarqatadi. Bir necha soniya ichida non bo‘laklari talash bo‘lib, o‘nga yaqin erkak kamyob topilmaning bir bo‘lagini changallab oladi.

Shu payt yana bir taloto‘p boshlanadi. Mototsikl mingan bir kishi g‘isht tashish uchun bitta mardikor yollamoqchi bo‘lib keladi. O‘nlab odamlar o‘zini uning ustiga otadi.

Biz u yerda bo‘lgan ikki soat ichida atigi uch kishi ishga yollandi.

Yaqin atrofdagi mahallalarda – Siyohko‘h tog‘ tizmasining qorli cho‘qqilari manzarasida, qaqragan jigarrang tepaliklar uzra sochilgan huvillagan uylarda – ishsizlikning halokatli nuqsi yaqqol ko‘rinib turadi.

Abdurashid Azimiy bizni uyiga boshlab kirib, ikki farzandi – yetti yoshli egizaklari Ruqiya va Rohilani olib chiqadi. U nima uchun bunday chidab bo‘lmas tanlov qilayotganini tushuntirishga oshiqib, ularni mahkam bag‘riga bosadi.

"Men qizlarimni sotishga tayyorman, – deydi u yig‘lamsirab. – Men kambag‘alman, qarzga botganman, chorasizman".

"Ishdan uyga lablarim qaqrab, och, chanqagan, ezilgan va boshim g‘ovlagan holda qaytaman. Bolalarim yonimga kelib, «dada, bizga non bering», deydi. Lekin nima bera olaman? Ishning o‘zi qani?"

Abdurashid qizlarini erga berish yoki uy ishlariga xizmatchi qilish uchun sotishga tayyorligini aytadi. "Agar bir qizimni sotsam, qolgan bolalarimni kamida to‘rt yil boqa olaman", deydi u.

U yig‘laganicha Rohilani quchoqlab o‘padi. "Yuragim eziladi, boshqa choram yo‘q".

Erkaklar, ayrimlari yuzini yopgan holda, ertalabdan ish topish umidida to‘planishadi.

Surat manbasi, Imogen Anderson/BBC

Surat tagso‘zi, Ishchilar kam sonli ish o‘rinlarini topish umidida erta tongdan yig‘ilishadi.

"Yeydiganimiz faqat non va issiq suv, hatto choy ham yo‘q", deydi ularning onasi Kayhon.

O‘g‘illarni qo‘yib, qizlarni sotish tanlovi o‘g‘illar bo‘lajak boquvchi deb qaralishi bilan bog‘liq. Afg‘onistonda Tolibonning ayollar va qizlar ta’limi hamda ishlashiga qo‘ygan cheklovlari tufayli bu holat yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi.

Bundan tashqari, nikoh paytida kuyovning oilasi tomonidan kelinning oilasiga qalin berish an’anasi ham bor.

Abdurashid va Kayhonning o‘smir yoshdagi ikki o‘g‘li shahar markazida poyabzal tozalaydi. Yana biri esa axlat yig‘adi, Kayhon undan ovqat pishirishda yoqilg‘i sifatida foydalanadi.

Said Ahmadning aytishicha, besh yoshli qizi Shayqa ko‘richak bo‘lib, jigarida kista paydo bo‘lganidan so‘ng uni sotishga majbur bo‘lgan.

"Davolanish xarajatlarini to‘lashga pulim yo‘q edi. Shuning uchun qizimni bir qarindoshimga sotdim", deydi u.

Shayqaning operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tdi. Buning uchun pul u sotilgan 200 000 afg‘oniydan ($3,200) keldi.

"Agar o‘shanda pulning hammasini olganimda, u qizimni olib ketgan bo‘lardi. Shuning uchun unga «Hozircha faqat davolanishiga yetadiganini bering, kelasi besh yil ichida qolganini berasiz, shundan keyin uni olib ketasiz. U o‘g‘lingizga xotin bo‘ladi», deb tushuntirdim", deydi Said.

Shayqa jajji qo‘llari bilan uning bo‘ynidan quchadi. Ularning o‘zaro mehri yaqqol ko‘rinib turibdi, ammo besh yildan so‘ng, atigi 10 yoshga to‘lganida, u bu yerdan ketib, qarindoshining uyiga, uning o‘g‘illaridan biriga turmushga chiqishi kerak bo‘ladi.

"Agar pulim bo‘lganida, hech qachon bunday qarorga kelmasdim, – deydi Said. – Lekin keyin o‘ylab qoldim: mabodo operatsiya qilinmasa, o‘lib qolsa-chi?"

"Farzandingizni bunday yoshligida birovga berib yuborish odamni juda g‘amga soladi. Erta nikohning o‘ziga yarasha muammolari bor; ammo uning davolanishiga pul to‘lay olmaganim uchun, hech bo‘lmasa, tirik qoladi-ku, deb o‘yladim".

Afg‘onistonda voyaga yetmaganlar nikohi keng tarqalgan bo‘lib, Tolibon hukumati qizlar ta’limini taqiqlagani tufayli yanada kuchaymoqda.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Said Ahmad besh yoshli qizi Shayqani bag‘riga bosgancha o‘tiribdi. Yonidagi kichik o‘g‘li esa uzoqqa tikilib qolgan.

Surat manbasi, Imogen Anderson/BBC

Surat tagso‘zi, Said Ahmadning aytishicha, u besh yoshli qizi Shayqani sotgan.

Bundan atigi ikki yil oldin Said biroz yordam olayotgan edi.

O‘shanda u va uning oilasi – millionlab boshqa afg‘onlar kabi – oziq-ovqat yordami: un, o‘simlik yog‘i, yasmiq va bolalar uchun ozuqaviy qo‘shimchalar olardi.

Ammo so‘nggi bir necha yil ichida yordamning keskin qisqarishi aksariyat aholini bu hayotiy yordamdan mahrum qildi.

Bir paytlar Afg‘onistonning eng yirik donori bo‘lgan AQSh o‘tgan yili mamlakatga deyarli barcha yordamni to‘xtatdi. Buyuk Britaniya kabi boshqa ko‘plab asosiy donorlar ham yordamni sezilarli kamaytirdi. BMTning joriy ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil olingan yordam 2021 yilga nisbatan 70 foizga kam.

Mamlakat viloyatlarining yarmidan ko‘piga ta’sir ko‘rsatgan kuchli qurg‘oqchilik ahvolni yanada og‘irlashtirmoqda.

"Biz hech kimdan – na hukumatdan, na nodavlat tashkilotlardan yordam oldik", deydi qishloq turg‘unlaridan biri Abdumalik.

2021 yilda hokimiyatni egallagan Tolibon hukumati esa aybni Afg‘onistonning oldingi ma’muriyatiga – xorijiy kuchlar mamlakatdan chiqib ketishi ortidan hokimiyatdan chetlatilgan hukumatga yuklaydi.

"20 yillik ishg‘ol davrida AQSh dollari oqimi tufayli sun’iy iqtisodiyot yaratilgandi, – deydi Tolibon hukumati matbuot kotibi o‘rinbosari Hamdulloh Fitrat Bi-bi-siga. – Ishg‘ol tugagach, bizga qashshoqlik, mashaqqat, ishsizlik va boshqa muammolar meros qoldi".

Biroq Tolibonning o‘z siyosati, xususan, ayollarga nisbatan joriy etgan cheklovlari ham donorlarning yuz o‘girishiga asosiy sabab bo‘lmoqda.

Bu haqda so‘ralganda, Tolibon hukumati donorlarning ketishida o‘z mas’uliyatini rad etib, "gumanitar yordam siyosiylashtirilmasligi kerak"ligini ta’kidladi.

Said Ahmad, kichik qizini olib o‘tiribdi
Imogen Anderson/BBC
Davolanish xarajatlarini to‘lashga pulim yo‘q edi. Shuning uchun qizimni bir qarindoshimga sotdim...
Said Ahmad
5 yoshli qizi Shayqani sotgan ota

Fitrat, shuningdek, Tolibonning "yirik iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish orqali qashshoqlikni kamaytirish va ish o‘rinlari yaratish" rejalariga ishora qilib, bir nechta infratuzilma va tog‘-kon sanoati loyihalarini sanab o‘tdi.

Ammo uzoq muddatli loyihalar bir kun kelib ish berishi mumkin bo‘lsa-da, zudlik bilan yordam berilmasa, omon qololmaydigan millionlab odamlar borligi aniq.

Muhammad Hoshim bir necha hafta oldin 14 oylik qizalog‘idan ayrildi.

"Bolam ochlikdan, dori-darmon yo‘qligidan o‘ldi... Bola kasal va och bo‘lsa, o‘lishi tabiiy-ku", deydi u.

Mahalliy oqsoqolning aytishicha, so‘nggi ikki yil ichida bolalar o‘limi, asosan, to‘yib ovqatlanmaslik sababli "rostdan ham ko‘payib ketgan".

Biroq bu yerda o‘limlar haqida rasmiy qaydlar yo‘q. Qabriston – bolalar o‘limi keskin oshgani dalilini topish mumkin bo‘lgan yagona joy. Shu sababli, avvalgidek, kichik va katta qabrlarni alohida sanadik. Kichik qabrlar kattalarinikidan qariyb ikki baravar ko‘p edi – bu kattalarga qaraganda bolalar ikki baravar ko‘p vafot etganini anglatadi.

Hamshira Fotima Husayniy niqob taqqan holda inkubatorda yotgan chala tug‘ilgan chaqaloq yonida turibdi.

Surat manbasi, Imogen Anderson/BBC

Surat tagso‘zi, Hamshira Fotima Husayniyning aytishicha, chaqaloqlar o‘limi odatiy holga aylanib qolgan.

Chag‘charondagi viloyat markaziy shifoxonasida bundan-da ko‘proq dalillar bor edi. Qabriston bolalar o‘limi ko‘payganini ko‘rsatuvchi yagona joy. Shunday qilib, avvalgidek, kichik va katta qabrlarni alohida-alohida sanab chiqdik.

Neonatal, ya’ni chaqaloqlar bo‘limi eng gavjumi. Barcha karavotlar band, ba’zilarida hatto ikkitadan go‘dak yotibdi. Ularning aksariyati kam vaznli va ko‘pchiligi mustaqil nafas olishga qiynalmoqda.

Bir hamshira kichik aravachada yangi tug‘ilgan egizak qizlarni olib keldi. Ular muddatidan ikki oy oldin tug‘ilgan. Birining vazni 2 kg, ikkinchisiniki esa atigi 1 kg.

Ularning ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun zudlik bilan kislorod apparatiga ulandi.

Ularning onasi, 22 yoshli Shokila tug‘ruq bo‘limida o‘ziga kelmoqda.

"U juda holsiz, homiladorlik paytida deyarli hech narsa yemagan, faqat non va choy ichgan, – deya tushuntiradi egizaklarning buvisi Gulbadan. – Shuning uchun ham go‘daklar shunday ahvolda".

O‘sha kuni shifoxonadan chiqqanimizdan bir necha soat o‘tgach, vazni og‘irroq bo‘lgan go‘dak hatto ism qo‘yishga ulgurishmasidan vafot etdi.

"Shifokorlar unga yordam berishga harakat qilishdi, lekin u jon berdi, – deydi ertasi kuni qayg‘uga botgan buvisi. – Uning mitti jasadini o‘rab, uyga olib keldim. Onasi buni bilgach, hushidan ketdi".

Gulbadan tirik qolgan chaqaloqqa ishora qilib, "Hech bo‘lmasa shu omon qolsa edi", deb qo‘shib qo‘ydi.

Beshikda kislorod apparatiga ulangan ikki chaqaloqni ko‘rish mumkin.

Surat manbasi, Imogen Anderson/BBC

Surat tagso‘zi, Egizaklar muddatidan oldin tug‘ilgan va nafas olishga qiynalayotgan edi.

Hamshira Fotima Husayniyning aytishicha, ba’zi kunlarda hattoki uchtagacha go‘dak vafot etadi.

"Boshida bolalarning o‘layotganini ko‘rish men uchun juda og‘ir edi. Lekin hozir bu biz uchun deyarli odatiy holga aylanib qoldi", deydi u.

Neonatal bo‘limni boshqaradigan doktor Muhammad Muso Oldatning aytishicha, o‘lim darajasi 10 foizgacha ko‘tariladi, bu "aslo qabul qilib bo‘lmaydigan" holat.

"Ammo qashshoqlik tufayli bemorlar soni kundan-kunga ortib bormoqda, – deydi u. – Qolaversa, bu yerda go‘daklarni to‘g‘ri davolash uchun sharoit ham yetarli emas".

Bolalar reanimatsiya bo‘limida olti haftalik Zamir meningit va pnevmoniyadan aziyat chekmoqda. Ikkalasini ham davolasa bo‘ladi, ammo buning uchun shifokorlar MRT tekshiruvini o‘tkazishlari kerak, ularda esa kerakli uskuna yo‘q.

Lekin shifokorlar aytgan eng hayratlanarli narsa shuki, davlat shifoxonasida ko‘pchilik bemorlar uchun dori-darmon yo‘q, oilalar esa dori-darmonni tashqaridagi dorixonalardan sotib olishga majbur.

"Ba’zan, ahvoli yaxshiroq oilaning bolasidan dori ortib qolsa, uni dori olishga qurbi yetmaydigan oilalarning go‘daklari uchun ishlatamiz", deydi Fotima.

Pulsizlik ko‘plab oilalarni og‘ir qarorlar qabul qilishga majburlamoqda.

Gulbadanning tirik qolgan nabirasi biroz semirib, nafas olishi barqarorlashdi. Ammo bir necha kundan so‘ng oilasi uni uyiga olib ketdi. Uni kasalxonada qoldirishga qurblari yetmasdi.

Chaqaloq Zamirni ham ota-onasi xuddi shu sabab bilan uyiga olib ketdi.

Endi bu mitti tanachalar hayot uchun yolg‘iz o‘zlari kurashishlariga to‘g‘ri keladi.

Qo‘shimcha materiallar Imojen Anderson, Mahfuz Zubayda va Sanjay Ganguli tomonidan tayyorlangan.

Yangilanish: Ushbu maqolaga Afg‘onistonda nega o‘g‘il bolalarga qaraganda qizlar ko‘proq sotilishiga oid izoh kiritildi. Shuningdek, Saidning qizi Shayqa qarindoshiga nikoh uchun sotilgani haqida qo‘shimcha ma’lumot qo‘shildi hamda Saidning bu qarorga qanday kelganini tushuntirgan yana bir iqtibos ilova qilindi.