Moskva-2026: Paradsiz G‘alaba bayrami - geosiyosiy sovuqlik?

G'alaba kuni

Surat manbasi, Reuters

O'qilish vaqti: 3 daq

Moskvada 9 may – G‘alaba kuniga tayyorgarlik mahalliy formatdagi jiddiy o‘zgarishlar hamda yuqori geosiyosiy taranglik sharoitida kechmoqda. Kreml ma’lum qilishicha, Qizil maydondagi harbiy parad qisqartirilgan shaklda o‘tadi: harbiy texnika kolonnasi butunlay olib tashlanadi, shuningdek, Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosli bosqin boshlanganidan beri ilk bor Suvorov va Naximov o‘quv yurtlari kursantlari ham qatnashmaydi.

Kreml bu qarorni havodan dronlar orqali hujum qilish xavfi va 2026 yil an’anaviy yirik sana emasligi bilan izohladi.

Shu jarayonlar fonida Rossiya Mudofaa vazirligi 8 maydan 10 maygacha front chiziqlari bo‘ylab bir tomonlama o‘q otishni to‘xtatishini e’lon qildi.

Biroq, agar Ukraina Moskvadagi tantanalarni buzishga urinsa, "Kiev markaziga ommaviy raketali zarba" berish bilan bir vaqtning o‘zida tahdid qildi.

Bunga javoban, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ochiqdan-ochiq xorijiy ittifoqchilarni ogohlantirib, Ukraina bu kunlarda "xorijiy vakillarga Moskvaga safar qilishni tavsiya etmasligini" bildirdi.

Kimlar taklif etilgan va kimlar kelmoqda?

Xalqaro ishtirok masalasida Kreml yordamchisi Yuriy Ushakov rasmiy pozitsiyani shunday izohladi: "O‘tgan yildagi kabi, bu safar xorijiy mehmonlarni maxsus taklif qilmadik".

Shunga qaramay, Kreml 9 may tadbirlariga Moskvaga kelayotgan xorijiy delegatsiyalarning rasmiy ro‘yxatini e’lon qildi. Tasdiqlangan mehmonlar orasida quyidagi yetakchilar bor:

  • Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko
  • Laos prezidenti Txonglun Sisoulit
  • Malayziyaning Oliy hukmdori Sulton Ibrohim
  • Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso (u Qizil maydondagi harbiy paradda ishtirok etmasligini bildirgan)
  • Tan olinmagan Abxaziya (Badra Gunba) va Janubiy Osetiya (Alan Gagloev) "respublikalari" yetakchilari
  • Bosniya va Gertsegovina tarkibidagi Respublika Serbskaya vakillari, jumladan prezident Sinisha Karan va Milorad Dodik

Markaziy Osiyo yetakchilari: so‘nggi daqiqadagi burilish

Shavkat Mirziyoyev samoletga chiqib ketmoqda

Surat manbasi, Prezident.uz

Markaziy Osiyo yetakchilarining ishtirok masalasida so‘nggi daqiqada tub o‘zgarish kuzatildi. Ilk bor e’lon qilingan ro‘yxatda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlaridan hech biri kiritilmagan edi. Biroq keyinchalik Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘z rahbarlarining Moskvadagi tadbirlarda ishtirokini tasdiqladi:

Qozog‘iston: Kreml e’lon qilgan dastlabki ro‘yxatda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqaev yo‘q edi, garchi Rossiya OAVlari uning kelishi mumkinligini taxmin qilgan bo‘lsa-da. Keyingi yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, prezident Toqaev 9 may kuni Moskvadagi G‘alaba kuni tadbirlarida ishtirok etadi. Bu qaror uning oldingi an’anasi — 2023 va 2025 yillardagi paradlarda qatnashganini davom ettiradi.

O‘zbekiston: O‘zbekiston bilan bog‘liq holat ham shunga o‘xshash burilish bilan kechdi. Ilgariroq rasmiy xabarlarda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Moskvaga bormay, Toshkentdagi "Matonat madhiyasi" yodgorligiga gul qo‘yadi, deb aytilgan edi.

Biroq bu ma’lumot keyinchalik to‘g‘rilandi. Prezident Mirziyoyev 8 may kuni amaliy tashrif bilan Moskvaga jo‘nab ketgani va Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 81 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etishi tasdiqlandi.

Markaziy Osiyo rahbarlari Rossiyaga safar qilayotgan bir paytda, mintaqada xotira tadbirlari ham davom etmoqda.

Toshkentda "Xotira alangasi" nomli xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiyalik boks chempioni Denis Lebedev Moskvadagi Noma’lum askar qabridagi Abadiy olovdan olingan alanganing bir qismini O‘zbekistonga olib keldi. Tantanali marosim chog‘ida bu alanga maxsus chiroqlarda mahalliy faxriylar, kontslagerь mahbuslari hamda qamaldan omon qolganlarga tarqatildi.

Tadbir urush yillarida O‘zbekiston xalqi tomonidan qilingan ulkan qurbonliklar va qo‘shilgan hissani yodga olishga bag‘ishlandi.