Ukraina urushi jabrini eng ko‘p Rossiya musulmonlari tortmoqdami? So‘nggi tafsilotlar

Rossiyalik askarlar dafn marosimi, Rossiya xaritasi va Putin surati.

Surat manbasi, BBC/EPA

    • Author, Olga Ivshina
    • Role, BBC
  • O'qilish vaqti: 4 daq

BBC, "Mediazona" va ko‘ngillilar jamoasi Ukrainaga keng miqyosdagi hujum davomida halok bo‘lgan 216 205 nafar rossiyalik harbiyning ismi-sharifini aniqladi.

Faqat Boshqirdiston va Tataristondagi yo‘qotishlarning o‘ziyoq Afg‘onistonda bo‘lgan 10 yillik urushdagi sovet yo‘qotishlaridan ko‘p.

O‘tgan aprelning ikki haftasida ro‘yxatga yana 4600 dan ortiq yangi ism qo‘shildi.

Bu o‘tgan yilga nisbatan halok bo‘lganlar sonining o‘sish sur’ati yuqoriligini ko‘rsatadi.

Biroq oxirgi oyda tasdiqlangan o‘limlarning katta qismi 2024 yildan beri bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan harbiylardir.

Rossiya tomoni ularni halok bo‘lgan deb rasman e’lon qilgan (ba’zi hollarda jasadlar topilgan, boshqa hollarda esa qarindoshlar yoki harbiy qismlar talabi asosida sud qarori chiqarilgan).

Tataristonlik qurbonlar

May oyi boshlanguncha kechgan oxirgi ikki haftada Ukrainada halok bo‘lgan boshqirdistonlik harbiylar soni 9500dan oshdi, tataristonliklar esa 8000ga yetdi.

Faqat shu ikki hududaddagi tasdiqlangan o‘limlar (18 116 kishi) Afg‘onistondagi 10 yillik urushdagi sovet yo‘qotishlaridan (rasmiy ma’lumotga ko‘ra 15 000dan ortiq) 20% ko‘proqdir.

Boshqirdiston va Tatariston uzoq vaqtdan beri Rossiyada tasdiqlangan yo‘qotishlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinlarda turibdi.

Bunda faol ravishda ma’lumot yig‘ib borayotgan mahalliy ko‘ngillilar va jamoat tashkilotlari hissasi katta.

Agar yo‘qotishlar har bir mintaqadagi erkaklar soniga nisbatan hisoblansa, eng yuqori ko‘rsatkich Tuva, Buryatiya va Oltoyga to‘g‘ri keladi.

Bu hududlardan borganlarning ro‘yxatga tushish ehtimoli moskvaliklarga nisbatan 20–30 barobar yuqori.

Olga Ivshina surati
BBC
Boshqirdiston va Tatariston uzoq vaqtdan beri Rossiyada tasdiqlangan yo‘qotishlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinlarda turibdi.
Olga Ivshina
BBC
Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Biz to‘plagan ta’ziyalar tahlili urushning turli bosqichlaridagi yo‘qotishlar dinamikasini ko‘rsatadi. Birinchi bir yarim yilda yo‘qotishlar keskin ko‘paygan kunlar va nisbatan tinchroq kunlar almashib turgan.

Masalan, Baxmut uchun janglar va Avdeevkani egallash paytida har kuni 100-150 kishi halok bo‘lgani tasdiqlangan.

Tinchroq oylarda esa bu ko‘rsatkich 50-60 kishigacha tushgan.

2024 yil oktyabridan boshlab, o‘rtacha kunlik tasdiqlangan yo‘qotishlar 120 kishidan kamaymaydi.

Ijtimoiy tarkib tahlili shuni ko‘rsatadiki, hozirda harbiy xizmat shartnomalarini asosan kichik shahar va qishloq aholisi imzolamoqda.

Katta shaharlarda yaxshi ish topish imkoniyati ko‘proq bo‘lsa, kichik hududlarda doimiy va yaxshi maoshli ish topish mushkul.

Mahalliy hokimiyatlar esa shartnoma imzolash uchun tashviqotni faol yurgizmoqda.

Rossiyada zobitlar orasida ham yo‘qotishlar davom etmoqda.

Hujum boshlangandan beri 7143 ofitser halok bo‘lgani tasdiqlangan.

Orasida 494 podpolkovnik, 164 polkovnik va 15 general bor. Masalan, Ichki ishlar vazirligi general-mayori Andrey Golovatskiy sudlangan bo‘lsa-da unvondan mahrum qilinmagan, Ukraina maxsus xizmatining general-mayori Vladimir Lyapkin Rossiya tomoniga o‘tgan va hujjatlarga ko‘ra unvonini saqlab qolgan.

Zobitlar ichidan qurbonlarning 77% kichik komandirlar. Ya’ni, kichik leytenantdan kapitangacha bo‘lgan zobitlar.

Ular yuqori rahbariyat ishlab chiqqan amaliyot rejalarini amalga oshirish uchun javobgar.

Biroq ko‘pincha zarur qo‘llab-quvvatlash va zaxiralar yetmaydi hamda ular tez o‘zgaradigan vaziyatda qaror qabul qilish huquqidan mahrumlar.

Shuning uchun ular oddiy askar va serjantlar bilan birga Rossiya armiyasidagi hal etilmagan tizimli muammolarning asosiy qurbonlariga aylanmoqda.

Yo‘qotishlar qanchalik katta?

Rossiyaning haqiqiy yo‘qotishlari ochiq manbalardan olingan ma’lumotlardan ko‘proq. Harbiy ekspertlar tahlillarimiz (qabrlar, yodgorliklar va ta’ziyalar asosida) haqiqiy halok bo‘lganlarning 45%–65%ini qamrab olishi mumkinligini aytishmoqda.

Bunga sabablardan biri - so‘nggi oylarda halok bo‘lgan ko‘plab harbiylarning jasadlari hali ham jang maydonidan olib chiqilmagani.

Bu jarayon dronlar faoliyati sababli qiyinlashgan.

Yana bir qismi esa hisobga olinmagan, chunki mahalliy hokimiyatlar yoki qarindoshlari ular haqida xabar bermaslikni afzal ko‘rishgan.

Shu hisob-kitoblarga ko‘ra, rossiyaliklar orasida halok bo‘lganlar soni 332 600dan 480 500gacha bo‘lishi mumkin.

Agar o‘zini DHR va LHR deb atagan bo‘linmalardagi yo‘qotishlarni ham qo‘shsak, umumiy qurbonlar soni yanada ortadi. 2022 yil dekabridan beri DHR yo‘qotishlar haqida ma’lumot bermay qo‘ygan, LHR esa umuman e’lon qilmagan.

Ta’ziyalar va uzoq vaqt aloqaga chiqmagan LDHR jangchilari haqidagi ma’lumotlarga ko‘ra, sentyabr oxirigacha 21000–23500 kishi o‘lgan bo‘lishi mumkin.

Shu tariqa, jamlangan ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyaparact kuchlarining umumiy yo‘qotishlari 353 600 dan 504 000 harbiygacha yetishi ehtimol.

Qurbonlar sonini aniqlash

Rossiyada har kuni halok bo‘lganlarning ismlari va dafn marosimlaridan fotosuratlar e’lon qilinadi.

Ko‘pincha familiyalarni mintaqaviy rahbarlar, tuman hokimiyatlari, mahalliy OAV, o‘quv muassasalari va qarindoshlar e’lon qiladi.

BBC, "Mediazona" va ko‘ngillilar jamoasi bu ma’lumotlarni o‘rganib, Ukrainaga keng miqyosli hujum boshlanganidan beri ro‘yxatga kiritib kelmoqda.

Halok bo‘lgani tasdiqlanishi uchun rasmiy manba yoki OAVda e’lon qilingan xabar, qarindoshlar yozgan ma’lumot yoki dafn marosimi fotosi bilan birga berilgan xabar hisobga olinadi.

Harbiy qism turi halok bo‘lgan shaxs qaerda xizmat qilgani yoki kiyimidagi belgilarga qarab aniqlanadi.

Safarbar qilinganlar, ko‘ngillilar va mahkumlar alohida qism sifatida hisoblanmaydi, ammo ularning yo‘qotishlari alohida toifada ko‘rsatiladi. Bu professional (kontrakt asosidagi) qismlar bilan solishtirish uchun qilinadi.

Eslatma: Rossiya hukumati Olga Ivshinani "xorijiy agent" reestriga kiritgan. BBC bu qarorga keskin qarshi chiqib, sudda bahslashmoqda.

"Mediazona"nashrini ham Rossiya hukumati "xorijiy agent" deb e’lon qilgan.