Netanyahu Nyu-Yorkda hibsga olinishidan xavotirdami? Yahudiy kelgindilar G‘arbiy sohildagi masjidlarga o‘t qo‘ygani aytilmoqda

Qusra qishlog‘idagi masjidga yahudiy kelgindilar kechasi hujum uyushtirgani aytiladi

Surat manbasi, Issam Rimawi/Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, Qusra qishlog‘idagi masjidga yahudiy kelgindilar kechasi hujum uyushtirgani aytiladi
Published
O'qilish vaqti: 5 daq

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu Nyu-York shahri meri Zohran Mamdaniyni "adovat qo‘zg‘ash"da aybladi. Bu orada bosib olingan G‘arbiy sohilda yahudiy kelgindilar ikki masjid, avtomobillar va qishloq xo‘jaligi yerlariga o‘t qo‘ygani haqida Falastin rasmiylari xabar qildi.

Netanyahu: "Men xavotirda emasman"

Netanyahu

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu kuzda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasi yig‘inida qatnashish rejasida ekanini bildirdi. Bu Nyu-York meri Zohran Mamdaniy avvalroq uni hibsga olish haqidagi bayonot berganidan keyin yangradi.

Mamdaniy o‘tgan hafta bu bayonotidan chekindi. U shahar ma’muriyati Xalqaro jinoyat sudining hibs orderini ijro etish uchun mustaqil huquqiy vakolatga ega emasligini tan oldi.

Netanyahu yakshanba kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida bu tahdiddan "xavotirda emasligi"ni aytdi va Mamdaniyni "adovat qo‘zg‘ash"da aybladi.

"U barcha nyu-yorkliklar — yahudiylar, nasroniylar, musulmonlar, hammaning meri bo‘lishi kerak. Ammo u bir guruhni boshqasiga qarshi qo‘yishga urinmoqda", — dedi Netanyahu.

U shuningdek, payshanba kuni Nyu-Yorkda bir-biridan bir necha ko‘cha narida sodir bo‘lgan ikki pichoqli hujumni esladi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi hujumlar vaqtida "Allohu akbar" degan. U yahudiy va osiyolik ikki erkakka qarshi nafrat jinoyatlarini sodir etganlikda ayblanmoqda. Har ikki jabrlanuvchi tirik qolgan.

Netanyahuning aytishicha, bu hodisalardan keyin Nyu-Yorkdagi yahudiylar o‘zlarini qo‘rquvda his qilmoqda.

Shahar hokimligi bu bayonot yuzasidan darhol izoh bermadi.

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Falastin huquqlarining faol tarafdori bo‘lgan Mamdaniy o‘tgan yilgi saylov kampaniyasida G‘azodagi Isroil harbiy amaliyotiga qarshi chiqishni asosiy va’dalaridan biri qilgan edi. O‘tgan haftagi chiqishida u Netanyahuni "urush jinoyatchisi" deb atadi.

U saylov kampaniyasi davomida Xalqaro jinoyat sudining 2024 yilda Netanyahuga qarshi chiqargan hibs orderini ijro etishga va’da bergan edi. Sud Isroil bosh vazirini G‘azoda urush jinoyatlarini sodir etishda ayblagan.

Isroil bu ayblovlarni rad etadi, Netanyahu esa ularni "asossiz" deb atagan.

2023 yil 7 oktyabrda Hamas boshchiligidagi hujumda Isroilda 1200 ga yaqin odam halok bo‘lgan, 251 kishi garovga olingan edi.

Hamas nazoratidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, shundan beri Isroil hujumlarida 73 mingdan ortiq odam, jumladan 21 mingdan ziyod bola halok bo‘lgan. BMT bu raqamlarni ishonchli deb hisoblaydi.

O‘tgan hafta New York Times Mamdaniydan Netanyahuni hibsga olish haqidagi va’dasi yuzasidan so‘raganida, u shahar ma’muriyati qonunni o‘rganib chiqqanini va "bu orderni ijro etish uchun mustaqil huquqiy vakolatga ega emasligi"ni aytgan.

Shu bilan birga, u federal hukumatni Isroil bosh vazirini hibsga olishga chaqirib, "Benyamin Netanyahu Nyu-York shahrida xush qarshilanmaydi", degan.

Falastin rasmiylari: kelgindilar ikki masjidga o‘t qo‘ydi

Yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan masjidning tashqi devorlarida graffit yozuvlari

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan masjidning tashqi devorlarida graffit yozuvlari

Falastin rasmiylariga ko‘ra, bosib olingan G‘arbiy sohilda yahudiy kelgindilar ikki masjidga, avtomobillar va qishloq xo‘jaligi yerlariga o‘t qo‘ygan.

Bu hujumlar Tal qishlog‘i yaqinida kelgindilar va falastinliklar o‘rtasidagi to‘qnashuvdan ikki kun o‘tib sodir bo‘ldi. O‘sha voqeada to‘rt nafar falastinlik va ikki nafar isroillik halok bo‘lgan. Har ikki tomon bir-birini zo‘ravonlikni boshlaganlikda ayblamoqda.

Falastin ma’muriyati xabarlariga ko‘ra, tunda G‘arbiy sohildagi ikki qishloq kelgindilar hujumiga uchragan. Avtomobillarga zarar yetkazilgan, mulklar o‘g‘irlangan va devorlarga nafrat mazmunidagi yozuvlar bitilgan.

Qusra qishlog‘i merining aytishicha, kelgindilar qurilayotgan masjidga o‘t qo‘ygan va uning devorlariga "qasos" so‘zini yozib ketgan.

Isroil armiyasi Qusraga harbiylar yuborilgani, politsiya esa dalillarni yig‘ib, voqeani tergov qilishini bildirdi.

Reuters
Ular har tomondan keldi. Biz qochishga urindik, lekin ortimizdan quvib, tosh otishdi. Uyimni himoya qilishni istadim, ammo...
Hanan Turabiy
Uyiga o't qo'yilgan falastinlik (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Falastin rasmiylari yana bir hodisada Kour qishlog‘idagi masjid ham yoqib yuborilgani va uning devorlariga shiorlar yozilganini aytdi.

Falastinliklar Taldagi qonli to‘qnashuvdan keyin G‘arbiy sohildagi qishloqlarga bir necha marta kelgindilar hujumi uyushtirilganini bildirmoqda.

Isroil mudofaa kuchlari esa dam olish kunlari "terrorizmga qarshi amaliyot" deb atagan reydlar chog‘ida 130 dan ortiq kishini qo‘lga olganini ma’lum qildi.

Netanyahu Taldagi voqeadan keyin "keskin choralar" ko‘rishga va’da berdi. Bu choralar orasida hujumga aloqadorlikda gumon qilinayotgan ikki falastinlikning uylarini buzish ehtimoli ham bor.

BBC bilan suhbatlashgan Sarra qishlog‘i aholisi Hanan Turabiyning aytishicha, kelgindilar o‘sha kuni oltita binoga o‘t qo‘ygan, o‘nlab boshqa uylarga tosh otgan.

"Ular har tomondan keldi. Biz qochishga urindik, lekin ortimizdan quvib, tosh otishdi", — dedi u.

Dam olish kunlarida hudud bo‘ylab Isroil harbiylari keng ko‘lamda joylashtirilgan edi

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, Dam olish kunlarida hudud bo‘ylab Isroil harbiylari keng ko‘lamda joylashtirilgan edi

Uning so‘zlariga ko‘ra, u uyini himoya qilishni istagan, ammo uyi yonishi bilan farzandlarini asrash o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lgan.

Mayamidan qarindoshlarini ko‘rgani kelgan Kaid Ahmad Turabiy ham hujum paytida jarohatlangan. Uning aytishicha, boshiga 12 ta chok tushgan.

"Men butun umrim davomida yahudiylar bilan ishlaganman. Lekin bu odamlarning barchasi yuzini yopib olgan, qo‘lida tayoq va boshqa narsalar bor edi. Ular tayyorgarlik bilan kelgandi", — dedi u.

Keyinroq BBC jurnalistlari qishloq aholisi bilan orqa kirish yo‘lini kuzatayotganida, kelgindilar yana qishloq chetida ko‘ringan. O‘nlab yoshlar qishloqni himoya qilish uchun yig‘ilgan. Isroil askarlari ikki tomonni ajratib turgan, kelgindilar esa keyinchalik tarqalib ketgan.

Falastinliklarni tarqatish uchun harbiylar bir necha bor ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan.

Isroil armiyasi yakshanba kuni ekstremist yahudiy kelgindilarning hujumlari deb ta’riflangan "millatchilikka asoslangan jinoyatlar"ning oldini olishga harakat qilayotganini bildirdi.

Shu bilan birga, Netanyahu juma kuni Talda isroilliklar o‘ldirilganidan keyin G‘arbiy sohildagi fermer xo‘jaliklari posyolkalarini tezroq tashkil etish va ularni qonuniylashtirishni tezlashtirishini aytdi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

BMT ma’lumotiga ko‘ra, G‘azo urushi boshlanganidan buyon G‘arbiy sohilda 1114 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Ularning kamida 35 nafari kelgindilar hujumlari bilan bog‘liq holatlarda o‘lgan.

Shu davrda G‘arbiy sohilda falastinliklar hujumlari yoki Isroil harbiy operatsiyalari chog‘ida 41 nafar isroillik, jumladan tinch aholi va xavfsizlik kuchlari vakillari halok bo‘lgan.

Isroil 1967 yilgi Yaqin Sharq urushida G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusni egallaganidan buyon u yerda 700 ming yahudiy yashaydigan yuzlab manzilgohlar barpo etgan. Falastinliklar bu hududlarni G‘azo bilan birga bo‘lajak mustaqil davlatining bir qismi deb hisoblaydi. Xalqaro huquqqa ko‘ra, bu manzilgohlar noqonuniy hisoblanadi.