Putin Kievga zarbani to‘xtatdi: Tramp vakillari Moskvada nimani muhokama qiladi?

Surat manbasi, Sputnik/Alexander Kazakov/Pool via REUTERS
AQSh prezidenti Donald Trampning ikki nafar maxsus vakili Ukraina-Rossiya urushini tugatish bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirish maqsadida Moskvaga keldi.
Stiv Uitkoff va Jared Kushner Rossiya poytaxtida muzokaralar o‘tkazadi. Ular yakshanba kuni Kievga yo‘l olib, Ukraina tomoni bilan ham uchrashuvlar o‘tkazadi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh vakillarining tashrifi munosabati bilan Kievga hujumlarni uch kunga to‘xtatishga buyruq bergan. Bu haqda davlat OAVlari Kreml manbalariga tayanib xabar tarqatdi.
Tramp juma kuni jurnalistlarga Uitkoff va Kushner urushni tugatish bo‘yicha taklif bilan kelayotganini aytdi. Biroq hozirgacha AQSh va uning ittifoqchilari tinchlik kelishuviga erishish borasida sezilarli natijaga erisha olmadi.
AQShning Axios nashri xabar berishicha, Uitkoff va Kushner Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan alohida uchrashadi.
Kushner va Uitkoff Rossiyaga bir necha marta borgan. Ammo ularning yakshanba kuni Ukrainada o‘tkazadigan muzokaralari bu mamlakatdagi ilk uchrashuvlari bo‘ladi.

Surat manbasi, Reuters
Zelenskiy shanba kuni AQSh vakillari bilan gaplashganini va ular "bugunning o‘zida Rossiya tomoni bilan ish boshlaganini" aytdi.
"Ertaga Kievda AQSh delegatsiyasi ishtirokida o‘tadigan diplomatik uchrashuvlar rejasi tasdiqlandi. Biz Stiv Uitkoff va Jared Kushnerni kutib olamiz va mazmunli muzokaralarga tayyormiz", — dedi Zelenskiy.
Uitkoff va Kushner Moskvadagi Vnukovo aeroportiga yetib kelganida ularni Rossiya diplomati Kirill Dmitriev kutib olgan. Bu holat aks etgan suratlar ham tarqaldi.
Parvozlarni kuzatish ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh hukumatiga tegishli samolyot avval Xelsinkiga, keyin esa Moskvaga uchgan. Samolyot shu kuni ertaroq AQShdan Finlyandiyaga kelgan edi.
So‘nggi 18 oy davomida Ukraina delegatsiyalari AQShda o‘tkazilgan turli muzokaralarda ishtirok etib kelmoqda.

Surat manbasi, Reuters
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Shanba kuni Zelenskiy AQSh vakillari bilan rejalashtirilgan uchrashuvi oldidan Rossiya tun davomida Kiev va Borispol aeroportlariga «namoyishkorona» zarbalar berganini aytdi.
Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, Rossiyaning aeroportlarga hujumi AQSh tomonining Ukrainaga samolyotda kelishi va Kiev yoki Borispol aeroportiga qo‘nishi ehtimoli muhokama qilinayotgani bilan bog‘liq.
Ukraina havo hududi Rossiya 2022 yil fevralida keng ko‘lamli bosqinni boshlaganidan beri yopiq.
Zelenskiy juma kuni AQSh vakillari tashrifi davomida Ukraina Rossiya havo hududida xavfsizlikni ta’minlashga kafolat berishini aytdi. U Rossiyadan ham Ukraina havo hududiga nisbatan xuddi shunday yondashuvni talab qildi.
Zelenskiy, shuningdek, Rossiyaning Dnepr viloyatidagi fuqarolik ob’ektiga bergan tungi zarbasi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgani va besh kishi yaralanganini ma’lum qildi.
Shanba kuni u zarbalarni vaqtincha to‘xtatishga tayyor ekanini yana bir bor bildirdi:
"Bugun, shanba kuni oxirigacha, shuningdek yakshanba va dushanba kunlari Ukraina Moskvaga zarba berishdan tiyilishga tayyor. Biz Rossiyadan ham Kievga nisbatan xuddi shunday yo‘l tutishini kutyapmiz".
Uitkoff va Kushnerning Moskvaga tashrifi Rossiya poytaxtiga CIA direktori Jon Retkliffning kamyob tashrifidan bir haftadan ko‘proq vaqt o‘tib amalga oshmoqda.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Vashington ham, Kreml ham Retkliffning Moskvadagi uchrashuvida nimalar muhokama qilingani haqida rasmiy ma’lumot bermadi. Tramp o‘tgan hafta bu uchrashuvni "odatiy tusdagi uchrashuv" deb atagan edi.
O‘tgan yili AQSh, Ukraina va Rossiya amerikaliklar vositachiligida o‘tkazilgan bir qator muzokaralardan so‘ng urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishish imkoniyati paydo bo‘lganini alohida bildirgan edi.
Yevropalik ittifoqchilar ham Parijda muzokaralar o‘tkazdi, ammo ular ham aniq natijasiz yakunlandi. Urushda ishtirok etayotgan tomonlar o‘rtasida hududlar va Ukrainaga beriladigan xavfsizlik kafolatlari kabi muhim masalalar bo‘yicha hamon jiddiy kelishmovchiliklar mavjud.
So‘nggi oylarda urush davom etar ekan, Rossiya va Ukraina havodan hujumlarni yanada kuchaytirdi.
Ukraina raketa tutib qolish vositalari yetishmayotgani sababli Rossiya hujumlarini qaytarish qiyinlashayotganini aytdi. Kiev esa o‘z navbatida Rossiyaning iqtisodiy infratuzilmasiga tegishli ob’ektlarni asosiy nishon sifatida tanlamoqda.





























