Endi Bernam kim o‘zi? Nega Britaniyaning yangi bosh vaziri hamon ko‘pchilik uchun jumboq bo‘lib qolmoqda?

2026 yil 26 iyunda Endi Bernam Manchesterdagi Redkliff futbol klubida.

Surat manbasi, Getty Images

    • Author, Rob Uotson
    • Role, Britaniya siyosati bo‘yicha muxbir
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Odatda Britaniyada bosh vazirlikka nomzodlar obdan elakdan o‘tkaziladi. Endi Bernam esa bu elakka deyarli tushmay bosh vazir bo‘ldi.

Qudratdagi Leyboristlar partiyasi rahbarlik uchun saylov o‘tkazish o‘rniga Bernamni hech bir raqobatlarsiz rahbar etib tanladi. Shu bois uning siyosati va boshqaruv uslubi deyarli muhokama qilinmadi.

Buning ijobiy tomoni, partiya obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan ichki bo‘linishlar kuzatilmadi. Yomon tomoni - yangi rahbar maydonda sinab ko‘rilmadi.

Albatta, Bernamning qanday bosh vazir bo‘lishi tez orada ayon bo‘ladi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, u o‘n yildan beri merlik qilayotgan Katta Manchesterdan tashqarida ko‘pchilik uchun hali ham notanish qiyofa. Demak, uni yo‘l-yo‘lakay kashf etib borishga to‘g‘ri keladi.

Bernam haqida bilganlarimizga qaraganda, u bir vaqtning o‘zida ham siyosiy doiralarga begona, ham ularning o‘z odami. Bugungi aksar siyosatchilar kabi, u ham "tashqaridan kelgan" qiyofasini ko‘proq urg‘ulashni yoqtiradi.

Begona - chunki u Angliya shimolida ishchilar sinfiga mansub oilada ulg‘aygan. O‘z odami - chunki nufuzli Kembrij universitetida o‘qigach, siyosatga tez kirib kelgan va Toni Bler hamda Gordon Braunning Yangi leyboristlar hukumatlaridagi eng umidli yosh siyosatchilardan biri bo‘lgan.

2009 yilda Endi Bernam Sharqiy Sasseksning Brayton shahrida leyborist deputatlar va parlament jurnalistlari o‘rtasidagi an’anaviy futbol o‘yinida darvoza tomon zarba bermoqda. U oq futbolka, qora short, paypoq va butsa kiygan.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Bernam futbolni yaxshi ko‘radi. Ammo chap qanotdan markazga yorib kira oladimi?

Shaxsiyatiga kelsak, Bernam o‘zini oddiy odamlar yaqin his qila oladigan "oddiy yigit" sifatida ko‘rsatishga urinadi. U pivo va qovurilgan baliq-kartoshkani xush ko‘radi, futbol va musiqa haqida gapirishni yaxshi ko‘radi. Kiyinishi ham so‘nggi davrdagi aksar siyosatchilarnikidan ancha zamonaviy.

Siyosiy qarashlari esa, o‘zining aytishicha, o‘smirlik yillarida Margaret Tetcherning 1980 yillarda xususiylashtirish va erkinlashtirish siyosatini olib borgan konservativ hukumatlariga nisbatan paydo bo‘lgan nafrati ta’sirida shakllangan. Bernam bu hukumatlarni o‘zi ulg‘aygan Angliya shimolini sanoatni tanazzulga uchratib, odamlarning ruhini sindirganlikda ayblaydi.

U o‘shanda ham so‘l markazchi edi, hozir ham va buni yashirmaydi.

Yevropa so‘l qanotining aksar vakillari kabi, Bernam ham davlatni, umuman olganda, ijobiy kuch deb biladi va e’tiborini jamiyatning kamroq ta’minlangan qatlamlariga qaratadi.

U so‘nggi 40 yildagi "neoliberalizm"ni tez-tez tanqid qilib, bu tizim oddiy odamlarning umidini oqlamaganini aytadi. Ammo bu atama bilan aynan nimani nazarda tutishi unchalik aniq emas. Bernam hech qachon o‘ta mafkuraviy yoki siyosatning ikir-chikirlariga qattiq qiziqadigan siyosatchidek taassurot qoldirmagan.

2026 yil 29 iyunda Endi Bernam Manchesterdagi Xalq tarixi muzeyida nutq so‘zlab, binodan chiqar ekan, qo‘l silkib xayrlashmoqda.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Bernamning yagona katta g‘oyasi - vakolatlarni hududlarga berish. Ammo bu hali ham ancha mavhum.
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Bernam Britaniya tashqi va yo ichki siyosatini tubdan o‘zgartiradimi? Qisqa javob: hozircha bilmaymiz. Chunki u bu haqda juda kam gapirgan.

Ichki siyosatda esa uning imkoniyatlari qattiq cheklangan. Britaniyada iqtisodiy o‘sish past, davlat qarzi yuqori. Davlat xarajatlari va soliqlar darajasi allaqachon tarixdagi eng yuqori nuqtaga yetgan.

Leyboristlarning so‘l qanoti davlatning faolroq aralashishini juda istaydi, ammo bunga erishish oson bo‘lmaydi. Bernam hukumatining qo‘lini partiyaning so‘nggi saylovda bergan va’dalari ham bog‘lab turadi: aksar turdagi aksar soliqlarni oshirmaslik va qarz olishda jilovni qo‘yib yubormaslik.

Leyboristlarning so‘l qanoti davlatning faolroq aralashishini juda istaydi, ammo buni amalga oshirish oson bo‘lmaydi. Bernam hukumatining qo‘lini partiyaning so‘nggi saylovda bergan va’dalari ham bog‘lab turadi: aksar soliqlarni oshirmaslik va qarz olishda jilovni qo‘yib yubormaslik.

Leyboristlar rahbari etib tanlanganidan beri Bernam ilgari surgan yagona katta g‘oya - vakolatlarni yanada ko‘proq hududlarga berish, ya’ni hokimiyat va mablag‘ni Londondan mintaqalarga o‘tkazish. Ammo bu g‘oya hamon juda mavhum.

Yevropa Ittifoqi tarafdori bo‘lgan namoyishchi parlament binosi oldida Endi Bernam tasvirlangan plakatni ko‘tarib turibdi. Unda: "Endi! Kir kabi muvaffaqiyatsizlikka uchrama! Britaniyaga Yevropa Ittifoqining to‘liq a’zoligi kerak", deb yozilgan.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Kir Starmer kabi, Bernam ham Yevropa Ittifoqi bilan yaqinroq, ammo haddan tashqari yaqin bo‘lmagan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga intilishi aniq.

Tashqi siyosatga kelsak, Bernam siyosiy faoliyati davomida bu haqda ko‘p gapirmagan. Bu yo‘nalishda o‘zgarishdan ko‘ra davomiylik ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda.

Tashqi siyosat partiyaviy qarashlar yoki rahbarning xohish-irodasidan ko‘ra geografiya, tarix, milliy manfaatlar va voqealar ta’sirida shakllanadi. Shu bois bunday davomiylik ajablanarli emas.

Iqtibos

Kir Starmer kabi, Bernam ham Yevropa Ittifoqi bilan yaqinroq, ayni paytda haddan tashqari yaqin bo‘lmagan munosabatlarga intilishi aniq. U, shuningdek, Britaniya qonun ustuvorligi, xalqaro me’yorlar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti kabi ko‘p tomonlama tashkilotlarga katta ahamiyat berishini ta’kidlaydi.

Bernam Britaniyaning AQSh bilan alohida munosabatlarini ham saqlab qolishga intiladi. Ammo Prezident Donald Trampning shaxsan o‘zi bilan ham shunday munosabat o‘rnata oladimi-yo‘qmi, bu boshqa masala. Har holda, u bunga urinib ko‘radi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Endi Bernam Manchesterning Meykerfild hududidagi ko‘chada tabassum bilan ketmoqda.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Bernam uchun yaxshi xabar bu - Yashillar va "Reform" partiyalariga qiziqish pasaygan bo‘lishi mumkin.

Bernam Britaniyaning o‘n yil ichidagi yettinchi bosh vaziri bo‘lmoqda. Bosh vazirlar bu qadar tez almashganining o‘ziyoq uning oldida qanday tik dovon turganini ko‘rsatadi. Ammo Bernam uchun yaxshi xabar ham, yomon xabar ham bor.

Yomoni - undan oldingi olti bosh vazirni ham yiqitgan iqtisodiy va ijtimoiy muammolar ko‘lami nihoyatda katta.

Yaxshisi esa - so‘l va o‘ng qanotdagi populist partiyalar, ya’ni Yashillar va "Reform"ga qiziqish pasaya boshlagan bo‘lishi mumkin.

Pirovardida, Bernam haqida hali ko‘p narsa noaniq. U ayrimlar xavotirlanayotganidek, yoqimtoy, ammo siyosiy vazni yengil rahbarmi? Yoki leyborist deputatlar ozmi-ko‘pmi umid qilayotganidek, jiddiy davlat arbobi bo‘lib yetishadimi?