Futbol: Muhammad Saloh – 'Misr qiroli' barcha davrlarning eng buyuk o‘yinchilaridan birimi?
- Author, Nada Hesham
- Role, Arab xizmati, BBC News
- Published
- O'qilish vaqti: 6 daq
Muhammad Saloh Angliyaning "Liverpul"ini mavsum oxirida tark etishini e’lon qildi. Futbolchi bosib o‘tgan yo‘lga bir nazar.

Surat manbasi, Getty Images
Muhammad Saloh 156 ta gol urgan dastlabki besh mavsumda klubga bosh murabbiy bo‘lgan Yurgen Klopp futbolchini "barcha davrlarning eng buyuk o‘yinchilaridan biri", deb atadi.
Saloh Klopp qo‘l ostida Chempionlar ligasi, Premer-liga, mamlakatning uchta kubogi, Superkubok va Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqdi. U, shubhasiz, o‘zgacha futbolchi.
Biroq bu uni Liverpul shahridan ancha yiroqlarda – Buyuk Britaniya, Yevropa, butun Afrika, arab dunyosi va barcha musulmonlar uchun ibrat namunasiga aylantirgan ko‘plab jihatlardan bittasi, xolos.
Salohning bosib o‘tgan yo‘li yuksak sadoqat, matonat va ishtiyoqni aks ettiradi.

Surat manbasi, Getty Images
Misrning chekka qishlog‘i Nagrigda ulg‘aygan Saloh o‘z faoliyatini "Al-Makovlun al-Arab" klubida boshlagan. U 14 yoshidan boshlab Qohiradagi mashg‘ulotlarga borish uchun har kuni avtobusda to‘qqiz soat yo‘l bosardi.
Uning muvaffaqiyat sari yo‘li oson kechgani yo‘q, biroq Saloh hammasini o‘zgartirib yuborgan bir lahzani eslaydi.
"Men ikki oy zaxira o‘rindig‘ida o‘tirdim, – deydi u "Sports Illustrated" nashriga. – Otamga: "Har kuni borib, zaxirada o‘tira olmayman", dedim. Yig‘ladim. U esa: "Quloq sol, mashhurlikka erishgan har bir inson avval ko‘p azob chekkan. Oson bo‘lmaydi. Shunchaki diqqatingni jamla, qattiq mashq qil, ishonchim komil, sen yana maydonga tushasan va buyuk futbolchi bo‘lasan", dedi.
Biroq Salohning mahorati Misr klublarida bir necha yil to‘p surgachgina uni Yevropaga yetakladi. U Shveytsariya Superligasining "Bazel" klubi bilan shartnoma imzoladi.
"Bazel" ko‘rigidan o‘tish uchun Misrdan ketgan ilk kundanoq o‘zimga butunlay boshqa futbolchi bo‘lishim kerakligini aytganman, – deydi Saloh Misr televideniesining "Kol Youm" dasturiga. – Men katta yutuqlarga erishishni, e’tibor tortishni, odamlar sevib kuzatadigan futbolchiga aylanishni xohlardim".

Lekin u Yevropada bir kechada e’tirof qozongani yo‘q. Saloh "Chelsi"da maydonga tushish uchun kurashdi va faoliyatini qayta tiklash uchun Italiya A Seriyasiga o‘tib, avval "Fiorentina", 2015–17 yillarda esa "Roma" safida to‘p surishiga to‘g‘ri keldi. "Liverpul" bilan Angliyaga qaytgach, u shunday degan edi: "Bu yerda, Premьer-ligada o‘ynash menga yoqadi. Qaytganimdan xursandman va hayajondaman".
"Klub uchun borimni beraman. Shu yerda ekanligimdan baxtiyorman va bu klub uchun nimadir yutishni juda istayman".
"Agar hozirgi men bilan besh yil avvalgi meni solishtirsangiz, ham ruhan, ham jismonan hamma narsa o‘zgarganini ko‘rasiz, – deydi Saloh "Enfild"dagi ilk mavsumida BBC Sport'ga.
"Har kuni o‘z ustimda ishlashga harakat qilaman. Yanada o‘sish uchun o‘zimni doim zo‘riqtirishni yoqtiraman.
"Butun hayotimni futbolga bag‘ishladim. Faqat futbol haqida o‘ylayman. Xayolimda doim shu".
Oradan to‘qqiz yil o‘tib, Saloh so‘zi ustidan chiqdi, ortidan nafaqat sovrinlar va unvonlarni qoldirdi, balki Afrikani tark etayotganda aytgan "odamlar sevgan futbolchiga aylanish" orzusi ham ro‘yobga chiqdi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post

Surat manbasi, Getty Images
Salohning 2017–18-yilgi mavsumdagi yorqin o‘yinlari "Enfild"dagi "Kop" tribunasida yangi qo‘shiq yozilishiga sabab bo‘ldi: " Mo Salah, Mo Salah, Mo Salah, running down the wing, Salah, la-la, la-la, the Egyptian king!". Bu qo‘shiq "Liverpul"ning ashaddiy futbol va musiqa raqibi bo‘lgan Manchesterning "Jeyms" guruhi ijrosidagi "Sit Down" kuyiga moslangan edi.
O‘sha paytda qo‘shiqning asl matnini yozgan xonanda Tim But "Liverpul"ga shunday degan edi: "Biz "Sit Down"ga juda ehtiyotkorona munosabatda bo‘lganmiz. Bu qo‘shiq odamlar uchun katta ahamiyatga ega va biz uning obro‘sini tushirishi mumkin bo‘lgan ko‘plab reklamalarda yoki boshqa holatlarda ishlatilishiga yo‘l qo‘ymaganmiz. Ammo dunyoning eng buyuk futbolchilaridan biri undan foydalanishi mumkin. U shunday chiroyli futbol namoyish etayotgan bir paytda, bu biz uchun bir zavq".
Biroq o‘sha mavsumda Salohdan ilhomlanib yangilangan yagona britpop madhiyasi "Sit Down" emas edi. Londondagi "Dodgy" guruhining "Good Enough" taronasi tribuna qo‘shig‘i uchun kuy bo‘lib xizmat qildi. Salohning o‘z musulmonligidan faxrlanishini e’tirof etgan holda, muxlislar shunday kuylashadi: "Agar u senga ma’qul bo‘lsa, menga ham ma’qul, Agar yana gol ursa, men ham musulmon bo‘laman, Agar u senga ma’qul bo‘lsa, menga ham ma’qul, U masjidda o‘tiribdi, men ham o‘sha yerda bo‘lishni istayman".

Surat manbasi, Getty Images
Saloh Premьer-liga tarixidagi eng tezkor o‘yinchilardan biri bo‘lib, "Opta" rasmiy statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda soatiga 36,64 km maksimal tezlikni qayd etgan.
"Teskari qanot hujumchi" sifatida u o‘ng qanotdan keng ko‘lamda hujumga o‘tadi, so‘ng tana harakatlari va tezlikni keskin o‘zgartirish orqali himoyachilarni aldab o‘tib, kuchliroq bo‘lgan chap oyog‘i bilan zarba berish uchun ichkariga kiradi. Biroq, bu samarali taktika bilan cheklanib qolmagan Saloh o‘ng oyog‘ini bosqichma-bosqich kuchaytirish uchun jadal mashg‘ulotlar ham olib borgan.
"Men o‘z zaif tomonlarim ustida ishlayman va doim o‘sishga harakat qilaman – mashg‘ulotlardan keyin, mashg‘ulotlardan oldin sport zalida yolg‘iz shug‘ullanaman," deydi Saloh "Sports llustrated" nashriga.

Ammo Saloh uchun haqiqiy mehnat mashg‘ulotdan uyga kelganida boshlanadi. U parhez, jismoniy mashqlar va qat’iy tartibga amal qiladi. U tiklanishga yordam berish va charchoqni kamaytirish uchun elita darajasidagi trenajyor zali va reabilitatsiya vositalaridan, jumladan, o‘zining uyidagi giperbarik kislorod kamerasidan foydalanadi. "Uyimda hamma narsa bor, – degan edi u. – Xuddi shifoxonadek".
Saloh kuniga kamida ikki marta trenajyor zalida shug‘ullanadi, shundan so‘ng og‘riq va yallig‘lanishni kamaytirish uchun muzli vanna qabul qiladi. Bundan tashqari, u egiluvchanlikni oshirish va jarohatlar oldini olish uchun yoga va pilates bilan ham shug‘ullanadi.

Surat manbasi, Getty Images
Uning qat’iy rejimi hatto oilaviy uyning boshqa qismlariga ham taalluqli. "Men in Blazers Media Network" nashriga bergan intervyusida "Chiroyli qorin mushaklari oshxonada shakllanadi", degan Saloh o‘z kun tartibida ovqatlanish ratsioni muhimligini ta’kidlaydi.
Saloh oqsil va ko‘katlarga boy qat’iy parhez tutadi. U odatda kuniga besh-olti marta muvozanatli ovqatlanadi va uning taomnomasidan tuxum, avokado, brokkoli, shirin kartoshka, suli yormasi, bodom suti va mevalar kabi mahsulotlar o‘rin olgan. U shakardan tiyiladi va faqat glyutensiz qora non iste’mol qiladi. Ammo Misrga qaytganida, u hozir ham yasmiq va piyoz qo‘shib qovurilgan guruchli milliy taom – an’anaviy koshariyni sevib iste’mol qiladi.
Ruhiy salomatlik ham u uchun muhim o‘rinda turadi. Saloh har kuni uxlashdan oldin yoki uyg‘onganidan so‘ng 15–20 daqiqa davomida meditatsiya qilib, o‘z maqsadlariga diqqatini jamlaydi va fikrlarini tiniqlashtiradi. U muntazam ravishda shaxmat o‘ynaydi, bu esa uning diqqatini jamlash va qaror qabul qilish qobiliyatiga yordam beradi.

Misrda Salohni milliy ilhom manbai sifatida bilishadi, ko‘plab muxlislar uni "har bir misrlik bolaning umidi" deb ta’riflaydi. U bu mas’uliyatga jiddiy qaraydi.
"Men barcha misrliklar o‘z ustida ishlash uchun mening yo‘limdan borishlarini istayman, – deydi Saloh BBC Sport'ga. – Biz katta mamlakatmiz. Bolalarimiz ko‘p. Men har bir inson orzu qilishini va nimadirga qodir ekanini his etishini xohlayman".
U aytgan gapini amalda isbotlaydi: Nagrigdagi «Muhammad Saloh» xayriya jamg‘armasi orqali yetimlar, ajrashgan va beva ayollar, kambag‘allar hamda bemorlarga yordam beradi.

Ayni paytda, "Liverpul"da Salohning mahorati, shuningdek, professionalligi va kamtarligi uni ham klub, ham shahar uchun faxr timsoliga aylantirdi. U tufayli ijtimoiy ahillik ortgani, hatto nafrat jinoyatlari kamaygani, shuningdek, "Enfild"ga tobora ko‘proq musulmon muxlislar jalb qilinayotgani aytiladi.
"Umid qilaman, ushbu so‘nggi o‘yin kunida barchangizning yuzingizda tabassum bo‘ladi, biz guvoh bo‘lgan eng ajoyib kar’eralardan birining bir qismi bo‘lganingizdan shunchaki minnatdor bo‘lasiz", degan edi Klopp "The Anfield Wrap" podkastida "Liverpul" muxlislariga.
"Mo doimo gol urishni o‘ylaydigan odam edi. Buni mashg‘ulotda o‘rgatib yoki o‘rganib bo‘lmaydi. Bu uning ichida bor narsa. Bu unga xos. U umrining oxirigacha shunday bo‘lib qoladi".

Salohning keyingi faoliyati borasidagi taxminlar tobora kuchayib bormoqda.
Xabarlarga ko‘ra, 2023 yilda "Liverpul" "Al-Ittihod"ning 200 million dollarlik taklifini rad etgan. Ushbu klub va Saudiya Pro-ligasining qolgan uchta "katta to‘rtligi" – "Al-Ahli", "Al-Hilol" va "An-Nasr" hamon uni o‘z safiga qo‘shib olish istagida. Boshqa ehtimoliy manzillar qatorida AQShdagi Oliy Liga futbol franshizasi, Turkiya Superligasidagi klub yoki hatto Italiyaga qaytish ham bor.
Xalqaro miqyosda Afrika Millatlar Kubogida g‘olib chiqish uning eng katta orzularidan biri bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, Salohdan Misrni 2026-yilgi Jahon chempionatining pley-off bosqichiga olib chiqishi kutilmoqda.
Agar u buni uddalasa, bu voqea uning 34 yoshga to‘lganidan bir necha hafta o‘tib sodir bo‘ladi. Uning o‘yin uslubi asosan jismoniy shiddatga – tezlik, tezlanish, himoyachilar ortidagi harakat va tezkor qarshi hujumlarga tayangani uchun Salohga uni dunyoning eng yaxshilari qatoriga qo‘shgan o‘yinini saqlab qolish qiyin bo‘lishi mumkin.
Biroq butun dunyodagi millionlab muxlislari uchun – Mersidan Nilgacha – Saloh abadiy "Misr qiroli" bo‘lib qoladi.
Nagrigda Salohning bir muxlisi butun xalqning his-tuyg‘ularini shunday ifodalaydi: "Biz Muhammad Salohni, u qayerga bormasin, qaysi jamoada o‘ynamasin, doim sevamiz va qo‘llab-quvvatlaymiz".






























