Yaqin Sharqda yangi zarbalar. Tinchlik kelishuvi xavf ostidami?

Surat manbasi, Reuters
Isroil Livandagi shifoxonaga zarba berdi
Isroil janubiy Livanda zarbalarni davom ettirdi, biroq Eron tomonidan dastaklanadigan Hizbulloh guruhi bilan qisman otashkesim kelishuvidan so‘ng Beyrutga zarba berishdan tiyildi. Livan ma’lumotiga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan dushanba kech e’lon qilingan kelishuvga binoan, Isroil Hizbulloh Isroilga hujumlarni to‘xtatishi evaziga poytaxtga hujum qilmaydi.
Bu voqealar kengroq mintaqaviy keskinlik manzarasida yuz berdi, chunki Eron Livandagi Isroil harbiy harakatlari AQSh bilan mojaroni tugatishga qaratilgan muzokaralarni xavf ostiga qo‘yayotganini ta’kidladi. Otashkesim e’lon qilinganiga qaramay, harbiy harakatlar to‘liq to‘xtamadi, bu esa o‘z navbatida kelishuvning zaifligini ko‘rsatdi.
Otashkesim kelishuvi e’lon qilinganidan so‘ng, Isroil o‘zining shimoliy hududiga uchirilgan ikki snaryadni tutib qolganini ma’lum qildi, Hizbulloh esa janubiy Livanda Isroil kuchlarini nishonga olganini bildirdi. Shu bilan birga, Livan rasmiylari halokatli Isroil zarbalari haqida xabar berdi, jumladan Tir shahridagi Jabal Amel shifoxonasi yaqinidagi hujum natijasida to‘rt kishi halok bo‘lgan va 127 kishi jarohatlangan, ular orasida tibbiyot xodimlari ham bor, ba’zilari og‘ir ahvolda.
Shifoxona atrofidagi holat vayronkor deb tasvirlandi - keng ko‘lamli buzilishlar, zarar ko‘rgan binolar va huvillab qolgan ko‘chalar ko‘zga tashlanadi. Guvohlar va tibbiyot xodimlari zarbaning kutilmaganda sodir bo‘lganini aytib, hududda harbiy nishonlar bo‘lmaganini aytdilar hamda Isroilni fuqarolik infratuzilmasi va favqulodda xizmat xodimlarini nishonga olganlikda aybladilar.
Doktor Vael Mrue, shifoxona bosh shifokori, kechani hujum oqibatlarini bartaraf etish bilan o‘tkazdi.
"Biz bemorlar va ko‘chirilgan odamlar bilan ishlayotgan edik. Hammasi odatdagidek edi, birdan 'pax'," dedi u. "Bu hech qanday oldindan ogohlantirishsiz sodir bo‘ldi. Suratlarning o‘zi hammasini aytib turibdi."
U shuningdek, yaqin atrofda harbiy nishon bo‘lganini inkor etdi.
"Isroil dushmani jurnalistlar, tez yordam xodimlari va tibbiyot personalini nishonga olmoqda. Unga farqi yo‘q, uning istagi - bizni o‘z mamlakatimizdan haydab chiqarish", dedi u.

Surat manbasi, Reuters
Shifoxona ichida yo‘laklar singan oyna bo‘laklari bilan to‘lib ketgan edi. Shift panellari polga qulab tushgan, inkubatorlar qatori esa portlash kuchidan yorilib, shikastlangan holda turardi. Bor-yo‘g‘i to‘rt soat avval tug‘ilgan chaqaloq Foris endigina tuzalatyotgan onasi yaqinida, ko‘k rangli yumshoq ko‘rpaga o‘ralgan holda uxlab yotardi. Uning buvisi Amal uni faxr bilan ko‘rsatib, shunday dedi, "Haqiqatdan ham hayot juda qiyin, lekin biz bunga chidashimiz kerak. Bu yangi tug‘ilgan ushbu chaqaloqning ona yurti, u [Foris] vatanni himoya qilishi kerak. Bu - mas’uliyat."
Isroil harbiylari bu hududda "Hizbullohning terrorchilik infratuzilmasi"ga zarba berganini bildirdi. Ular hujum natijasida shifoxonaga zarar yetganini tan olgan holda, shifoxona "mo‘ljal qilinmaganini" ta’kidladi. Shu bilan birga, Isroil Hizbullohni fuqarolik infratuzilmasi va aholi orasida joylashib olganlikda aybladi, ammo bunga dalil keltirmadi.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi esa so‘nggi uch oy ichida tez yordam mashinalari va tibbiy muassasalarga 159 ta hujum qayd etilganini, 128 nafar tibbiyot xodimi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Isroil dushmani jurnalistlar, tez yordam va tibbiyot xodimlarini nishonga olmoqda. Unga farqi yo‘q, uning istagi - bizni o‘z mamlakatimizdan haydab chiqarish
Seshanba ertalab Livan fuqarolik himoyasi agentligi Nabatiyah tumanidagi Kfar Sir markaziga yana bir Isroil zarbasi berilganini ma’lum qildi. Hujum binoga zarar yetkazgan, ammo qurbonlar qayd etilmagan. Shu kuni, Livan davlat Milliy axborot agentligi xabar qilishicha, Marjayun va Nabatiyah o‘rtasidagi yo‘lda dron zarbasi natijasida yaqindagi Qlayaa nasroniy qishlog‘idan bir tish shifokori farzandlari bilan birga halok bo‘ldi.
Isroil harbiylari kun ikkinchi yarmida Nabatiyah shahri uchun yangi evakuatsiya buyrug‘ini chiqardi va Hizbulloh tomonidan otashkesim buzilganini iddao qilib, "qat’iy harakat qilishga majbur" ekanini bildirdi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, Hizbulloh Livandan Isroil aholi punktlariga raketa va dron hujumlari uyushtirgan. Hizbulloh esa janubiy Livandagi Haddota, Bayada va Zavtar ash-Sharqiyada Isroil qo‘shinlari va tanklariga dronlar va raketalar bilan zarba berganini ma’lum qildi.
Livan 2-mart kuni Hizbullohning Isroilga raketalar otishi ortidan urushga kirdi va bu Isroilning Eron yetakchisini o‘ldirgan zarbasiga javob sifatida baho berildi. Sodir bo‘lgan to‘qnashuvlar tobora kuchayib, havo hujumlari va quruqlikdagi amaliyotlar bilan davom etmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Livanda kamida 3468 kishi halok bo‘lgan, 1 milliondan ortiq aholi ko‘chishga majbur bo‘lgan, Isroil esa o‘z tomonidan 25 harbiy va 4 nafar tinch aholi halok bo‘lganini bildirmoqda.

Surat manbasi, Reuters
Livanning Vashingtondagi elchixonasi Hizbulloh AQSh qo‘llab-quvvatlagan qisman otashkesim taklifini qabul qilganini bildirdi. Unga ko‘ra, Isroil Bayrutga keng ko‘lamli hujum qilmasligi, Hizbulloh esa Isroilga zarbalarni to‘xtatishi kerak. Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning roziligini olganini aytdi va bu natija Livan prezidenti orqali Hizbullohga yetkazildi. Tramp har ikki tomon o‘q otishni to‘xtatishga kelishganini ma’lum qildi.
Biroq Netanyaxu Hizbulloh Isroil shaharlariga hujumni to‘xtatmasa, Bayrutdagi nishonlarga zarba berilishini aytdi va janubiy Livanda operatsiyalar davom etishini ta’kidladi. Hizbulloh vakillari esa to‘liq otashkesim yo‘qligini bildirib, Isroil qo‘shinlarining Livandan chiqishiga olib keladigan keng qamrovli kelishuvni talab qildi. Shu bilan birga, Eron bosimi tufayli Bayrut janubiga ehtimoliy zarbalar to‘xtatilgani aytildi.
Diplomatik muzokaralar Vashingtonda davom etayotgan bir paytda, AQSh–Isroil–Eron o‘rtasidagi kengroq kelishuv xavf ostida qolmoqda. Netanyaxuning Bayrutga zarba berish tahdidi Eron tomonidan keskin tanqid qilinib, bu otashkesim barcha jabhalarda amal qilishi kerakligi ta’kidlandi. Shuningdek, Eron Isroil harakatlari sabab AQSh bilan muzokaralarni to‘xtatish ehtimolini ham bildirgan.
AQSh–Eron zarbalari: Kuvayt aeroporti nishonga olindi

Surat manbasi, X / US Central Command
AQSh harbiylari o‘zini himoya qilish maqsadida Eronga qarshi tunda zarbalar berganini bildirdi va Eron tomonidan kemalar hamda Fors ko‘rfazi davlatlariga uchirilgan ballistik raketalar va dronlarni yo‘q qilganini ma’lum qildi. Ushbu hujumlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinidagi Qeshm orolida amalga oshirilib, Eronning mintaqadagi harakatlariga javob sifatida ta’riflandi.
Eron esa o‘z navbatida mintaqadagi bir davlatda joylashgan AQSh bazalariga raketa va dronlar bilan zarba berganini aytdi. AQSh ma’lumotiga ko‘ra, Eron Kuvayt va Bahrayn tomon raketa uchirgan, ammo ularning barchasi yo‘lda parchalangan yoki havo himoyasi tomonidan urib tushirilgan. Shu bilan birga, Kuvayt Eron dronlari mamlakat xalqaro aeroportiga zarba berib, jiddiy zarar yetkazgani va odamlar jarohatlanganini bildirdi.
So‘nggi hujumlar AQSh va Eron o‘rtasidagi sulh muzokaralari to‘xtab qolgan bir paytda sodir bo‘ldi. Vashington Qeshm orolidagi zarbalar Eron harbiy boshqaruv nuqtasiga qaratilganini aytdi va fuqarolik kemalariga tahdid solgan dronlarni yo‘q qilganini ham qayd etdi. Eron esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xavfsizligiga tahdidlar katta oqibatlarga olib kelishini ogohlantirdi.
AQSh shuningdek, Ho‘rmuz bo‘g‘ozida joriy etilgan dengiz blokadasi doirasida Botsvana bayrog‘i ostida suzgan neft tankeriga zarba berganini bildirdi. Tanker ekipaji ogohlantirishlarga bo‘ysunmagani aytildi. Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, blokada boshlanganidan beri bir nechta kemalar zararsizlantirilgan va yuzdan ortig‘i yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.
Bu keskinlashuv AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan kelishuvga erishish mumkinligini aytgan bir vaqtda yuz berdi. Biroq tomonlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi, uran zaxiralari va yadroviy dastur bo‘yicha qarama-qarshiliklarga ega bo‘lib qolmoqda. Eron esa Vashingtonni doimiy ravishda talablarini o‘zgartirishda ayblab, muzokaralar kelajagini shubha ostida qoldirmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp bu hafta tanqidchilariga "orqaga o‘tiring va tinchlaning", deb aytdi va Eron "haqiqatan ham kelishuv tuzishni istayapti, va bu AQSh uchun yaxshi kelishuv bo‘ladi", dedi.
AQSh ommaviy axborot vositalari avvalroq xabar berishicha, Tramp ehtimoliy tinchlik kelishuvi shartlariga o‘zgartirishlar kiritishni so‘ragan, bu esa otashkesim doirasini kengaytirish bo‘yicha maslahatchilar bilan uchrashuvdan so‘ng amalga oshirilgan.
CBS News ma’lumotiga ko‘ra, ushbu o‘zgartishlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va Erondan yuqori darajada boyitilgan uranni olib chiqib ketish masalasiga taalluqli bo‘lgan, shuningdek Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash mexanizmini ham o‘z ichiga olgan.
Dushanba kuni Eron tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiy bu masala muhokama qilinganini inkor etib, Vashington "doim o‘z qarashlarini o‘zgartirib, yangi yoki ziddiyatli talablar qo‘yayotganini" aytdi.
Chorshanba kuni efirga uzatilgan intervyuda Tramp Eron "allaqachon yadroviy qurolga ega bo‘lmaslikka rozi bo‘lganini" bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Eron oliy rahbari Oyatulloh Mujtabo Homanaiy muzokaralarda ishtirok etmoqda.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
"Bizning munosabatlarimiz ancha yaxshi yo‘lga qo‘yilgandek", dedi Tramp Pod Force One podkastiga bergan intervyusida. U bilan uchrashish haqida so‘ralganda, "uchrashgim keladi, ehtimol, ma’lum bir vaqtda uchrashamiz, vaziyat qanday rivojlanishiga qarab", deb javob berdi.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio esa seshanba kuni Kongressga murojaatida muzokarachilar Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish evaziga Eronga sanksiyalarni yumshatishni taklif qilinmaganini bildirdi.
"Hozircha muhokama qilingan barcha masalalarda sanksiyalarni yumshatish shartlarga bog‘liq, ya’ni ularning joriy etilishiga sabab bo‘lgan masala - yadroviy dastur - bo‘yicha choralarga qarab amalga oshiriladi", dedi u.
"Urush tugadi", dedi u senator bilan yana bir keskin muloqot paytida, qo‘mita a’zolari AQShning mojaroni tugatish strategiyasini savol ostiga qo‘yayotgan bir vaqtda.
Eslatma: Maqola Bi-bi-si jurnalistlari Jon Sudvort, Samanta Granvil, Yaroslav Lukiv, Tobi Mann va Devid Gritten xabarlari asosida yozildi.





























