Human Rights Watch: Bloger Sirojiddin Odilovning "shubhali" ishi apellyatsiyasi xolis ko‘rilsin

Sirojiddin Odilov 4 yilga qamaldi.
Surat tagso‘zi, Sirojiddin Odilov 4 yilga qamaldi.
Published
O'qilish vaqti: 2 daq

Qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Human Rights Watch nufuzli inson huquqlari tashkiloti bloger Sirojiddin Odilovning 5 oktyabrda sudda tovlamachilik va firibgarlikda aybdor topilishi holatini "shubhali" deb atadi.

Tashkilotga ko‘ra, bu ish O‘zbekistonda sudlov jarayonining adolatlilik standartlari, shuningdek, hukumatning so‘z erkinligini ta’minlashga sodiqligi borasida jiddiy savollarni yuzaga keltirmoqda.

«Sirojiddin Media» nomli, 915 mingdan ortiq obunachiga ega YouTube kanaliga rahbarlik qilgan Odilov jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarori bilan bir kishiga nisbatan tovlamachilik va yana ikki kishiga nisbatan firibgarlik sodir etganlikda aybdor deb topilib, to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sud, shuningdek, unga jami 75 million so‘m (taxminan 6370 AQSh dollari) miqdorida zararni qoplash majburiyatini yukladi.

«Sud qarorda Odilov ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati bilan bog‘liq holda javobgarlikka tortilmaganini alohida qayd etdi. Biroq Odilovning 2026 yil mart oyida qo‘lga olinishi bundan bir necha oy oldin uning huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi mansab vakolatini suiiste’mol qilish holati haqida xabar berganidan keyin yuz berdi. Bu esa u tanqidiy materiallari uchun nishonga olingan bo‘lishi mumkin, degan xavotirlarni kuchaytirdi», deyiladi Human Rights Watch Markaziy Osiyo bo‘limining maslahatchisi Mihra Rittman maqolasida.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Uning yozishicha, inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi «Ezgulik» tashkiloti Odilov ishida bir qator protsessual qoidabuzarliklar sodir etilganini xabar qilgan. Jumladan, hokimiyat organlari Odilovga sudgacha qamoq ehtiyot chorasi ko‘rilayotgan paytda advokatni o‘zi tanlashiga ruxsat bermagan, shuningdek, tergovchilar uning uyi va avtomashinasini tegishli ordersiz tintuv qilgan.

Tashanovning Human Rights Watch tashkilotiga ma’lum qilishicha, Adilov ustidan shikoyat qilgan shaxslarning hech biri o‘z da’volarini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etmagan. Tashanov, shuningdek, firibgarlik va tovlamachilik sodir etilgani aytilgan voqealardan keyin shikoyatchilarning ariza berish uchun uch yildan ko‘proq vaqt kutib turganiga e’tibor qaratgan.

Gulira’no Qosimovaning IIB xodimlariga qarshi sudlashuvi Sirojiddin Media orqali faol yoritilgan.
Surat tagso‘zi, Gulira’no Qosimovaning IIB xodimlariga qarshi sudlashuvi Sirojiddin Media orqali faol yoritilgan.

Human Rights Watch bloger IIB xodimlarining qonunbuzarliklarini yoritganiga e’tibor qaratadi.

"Odilovning «Sirojiddin Media» kanali 2025 yilda Farg‘ona viloyatidagi maktab direktori Gulira’no Qosimovaning uni kaltaklagan va boshqa bir mansabdorni aybdor qilib ko‘rsatish uchun, ehtimol, ataylab uyushtirilgan holat doirasida kamera oldida yechintirgan militsiya xodimlarini javobgarlikka tortishga urinishlari haqida xabar bergan. 2025 yil noyabr oyining oxirida Qosimova sudda o‘z haqligini isbotladi. Farg‘ona tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi tuman politsiya boshlig‘i va uning o‘rinbosarini aybdor deb topib, har ikkisini to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi", deb yozadi tashkilot.

Unga ko‘ra, Odilovga nisbatan chiqarilgan hukm O‘zbekistonda so‘z erkinligiga nisbatan cheklovlar kuchayib borayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

"Hukumat organlari blogerlar va boshqa shaxslarni shubhali tovlamachilik ayblovlari bilan, shuningdek, zo‘ravonlik bilan bog‘liq bo‘lmagan, masalan, «internetda prezidentni haqorat qilish» kabi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikka tortishni to‘xtatishi kerak.

Sirojiddin Odilov adolatli sudlov huquqiga ega edi. Uning apellyatsiya shikoyatini ham adolatli va xolis ko‘rib chiqish, sudlov jarayonidagi protsessual jihatlar hamda uning hukmiga asos bo‘lgan dalillarni tekshirish imkonini beruvchi, qonuniy tartib-qoidalarga rioya qiladigan sud jarayoni ta’minlanishi kerak», deya xulosa qiladi Human Rights Watch.