Prezident Mirziyoyev six ham, kabobni ham kuydirmayaptimi?

Surat manbasi, O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburgga tashrifiga munosabat borasida O‘zbeklarning fikrlari ikkiga bo‘lindi, deb yozdi BBC Monitoring.
BBC Monitoring O‘zbekiston ichkarisi va xorijdagi ommaviy axborot vositalari, o‘zbekistonliklarning ijtimoiy tarmoqlardagi postlari tahliliga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi.
O‘zbek davlat matbuoti va hukumatparast sharhlovchilar Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburgga safarini yangi bozorlarni va yangi sheriklarga qo‘lga kiritishga imkon bergan pragmatik diplomatiya deb olqishladilar, deyiladi maqolada.
Sobiq diplomat Alisher Taksanov, O‘zbekiston "Kreml vassallarining orasida eng vassali" ekanini ko‘rsatdi, deb yozdi.
Shuningdek, u Rossiya barpo etayotgan atom elektr stantsiyasi loyihsiga qarshi yetti e’tirozni ilgari surdi.
Bu e’tirozlar orasida Moskvaga o‘nlab yil mobaynida qaram bo‘lib qolish ehtimoli va korruptsiya risklari ham tilga olinadi.
"Six ham kuymasin, kabob ham"

Surat manbasi, PRESIDENTIAL PRESS SERVICE/TELEGRAM
O‘zbekiston davlat televideniesi Prezident Mirziyoyevni himoya qildi.
Davlat nazoratidagi O'zbekiston 24 telekanalidagi "Menimcha" haftalik dasturi boshlovchisi Xayrulla Nuriddinov prezidentning xorijdagi faoliyati oson emasligini aytdi.
"Xorijga rasmiy tashriflarda ishlarni shunday olib borish osonmi — na six kuysin, na kabob? Dunyoda O‘zbekiston sha’ni va o‘zbek xalqi manfaatlarini himoya qilish osonmi?", deya u har ikki tomon manfaatini zarar yetkazmasdan ta’minlash lozimligi haqida gapirdi.
U Mirziyoyevni dunyo davlatlari manfaatlari o‘rtasida manyovr qilishiga to‘g‘ri keladigan dono va mahoratli siyosatchi sifatida ta’rifladi va bu tashrif O‘zbekistonning pragmatik siyosatini aks ettirishini ta’kidladi:
"Mamlakat tashqi iqtisodiy aloqalarini endi biror blokka bog‘lab qo‘ymayapti, balki ularni barcha yo‘nalishlarda diversifikatsiya qilishga intilmoqda."
"Pragmatik dialog"

Yozma matbaa nashrlari ham xuddi shu ruhda maqolalar bosdilar.
Hukumatga yaqin "Xalq so‘zi" gazetasida 6 iyun kuni e’lon qilingan maqolasida professor Azamat Muxtorov Sankt-Peterburg forumi O‘zbekistonning investitsiya salohiyatini keng xalqaro auditoriyaga namoyish etganini, eksport geografiyasini kengaytirganini va yangi savdo kelishuvlarini yuzaga keltirganini aytdi.
"Forum mamlakatning xalqaro iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash, yangi ishonchli sheriklarni topish va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi farovonligini oshirish kabi ustuvor milliy rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega. Zero, bugungi dunyoda pragmatik muloqot nafaqat iqtisodiy zarurat, balki barqaror kelajakni barpo etishning asosiy vositasidir," deb yozdi Muxtorov.
"Forumning markazi G‘arbdan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasiga siljidi, Rossiya bilan energetika sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi, shuningdek, platforma Rossiyada mehnat qilayotgan millionlab o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun ham xizmat qildi," deb yozdi Azamat Muxtorov.
Ochiqlik sivilizatsiya kodi
Davlat axborot agentligi - O‘zA Sankt-Peterburgdagi O‘zbekiston prezidenti nutqini olqishlab maqola berdi.
O‘zbekiston ming yillar davomida Buyuk ipak yo‘lining yuragi bo‘lib kelgan. Samarqand, Buxoro va Toshkent orqali nafaqat mahsulotlar tashilgan, balki g‘oya va bilimlar, madaniy va diniy an’analar bir-birini o‘zaro boyitib kelgan. Shuning uchun ham ochiqlik biz uchun doimo tanlov emas, balki hayotiy zarurat va sivilizatsiya kodi hisoblangan," deya Prezident Mirziyoyevning xalqaro iqtsodiy forumdagi nutqidan iqtibos keltirdi agentlik.
O‘zbekiston prezidenti yagona raqamli platformaga asoslangan ishlab chiqarish klasterlaridan iborat "Yevroosiyo texnologik industriallashuv kamari", O‘zbekiston–Rossiya qo‘shma raqamli ekotizimi, ta’lim va mehnat bozorini bog‘laydigan qo‘shma onlayn "Inson kapitali" platformasi hamda "Samarqanddan Peterburggacha ijodiy-turistik koridor"ni taklif qildi.
U forum ishtirokchilarini Toshkent xalqaro moliya markazi tomonidan taqdim etilayotgan soliq imtiyozlaridan foydalanishga va 16–18 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashishga da’vat qildi.





























