Fazliddin Parpiev deportatsiyasi O‘zbekiston imidjiga foydami?

Surat manbasi, Youtube/Karimberdi To'ramurod
Bundan roppa-rosa bir yil oldin o‘zbekistonlik taniqli ulamo Mubashshir Ahmad Turkiyada g‘oyib bo‘lgan, so‘ng u Toshkentdagi "Gvardeyskiy" qamoqxonasida saqlanayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Shu kunlarda esa yana bir o‘zbekistonlik taniqli imom Fazliddin Parpievga O‘zbekistonga deportatsiya maqsadida bosimlar kuchaygani haqida aytmoqdalar uning qarindoshlari.
Ammo Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini ko‘tarish maqsadida farmon va qarorlar chiqarayotgan, Senat raisi Tanzila Norboeva rahbarligida parlament kengashi tuzilib, mamlakat imidjini yaxshilashga harakat qilinayotgan vaqtda Mubashshir Ahmad o‘g‘irlab ketilishi yoki Fazliddin Parpiev deportatsiyasidek hodisalar O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini ko‘taradimi, degan savol ham o‘rtaga chiqqan.
Qarindoshlarining Bi-bi-siga aytishlaricha, bugungi kunda Turkiyadagi Akyurt deportatsiya markazida saqlanayotgan Fazliddin Parpievni O‘zbekistonga imkoni boricha tez deportatsiya qilishga kelishilgan.
Akyurt deportatsiya markazi mas’ullariga ko‘ra, bu kelishuv O‘zbekiston va Turkiya maxsus xizmatlari o‘rtasida bo‘lgan.
Sobiq imom yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston rasmiy organlari Fazliddin Parpievni faqat tanqidiy chiqishlari uchun "jinoyatchiga aylantirish va O‘zbekistonga olib borib qamash"ni maqsad qilganlar.
Fazliddin Parpievga "O‘zbekistonga ket!", "O‘zbekistonga deportatsiyaga rozi bo‘l!", deya bosim qilinayapti.
Tanqid uchun ta’qib?

Surat manbasi, mazlumder.org
Toshkentdagi "Omina" masjidining imomi lavozimida ishlagan Fazliddin Parpiev 2018 yili sentyabr oyida O‘zbekiston huquq-tartibot organlarini musulmonlarning huquqlarini poymol etishda ayblab Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi.
So‘ng imomlikdan chetlatildi, dekabr oyida O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lganini xabar qildi.
Fazliddin Parpiev Turkiyada boshpana topdi.
U bloger sifatida ham faoliyat yuritdi, O‘zbekistonda yoki G‘azodagi voqealarga munosabat bildirdi.
O‘zbekiston hukumatining ayrim qadamlarini tanqid qildi.
2025 yil aprelida tunda Fazliddin Parpievning uyiga Turkiya huquq-tartibot organlarining niqobli qurollangan xodimlari bostirib kirdilar, sobiq imomga kuch ishlatib hibs qildilar.
Uyi tintuv qilindi.

Fazliddin Parpievga ko‘ra, o‘zining hibsga olinishiga O‘zbekiston hukumatining Turkiya maxsus xizmatlariga "radikal", "xavfli odam" deb murojaat qilgani sabab bo‘lgan.
Fazliddin Parpiev o‘ziga nisbatan O‘zbekistonda jinoyat ishi ochilgani, qidiruv e’lon qilingani, O‘zbekiston sudi 2025 yil mart oyida qaror chiqarganidan yaqin-yaqingacha ham bexabar bo‘lgan.
Bu hujjatda uning "tergovdan qochib yurgani" ham ta’kidlangan.
2025 yil 15 apreli tongida uning uyiga niqoblilar reydi uyushtiriladi.
Bir necha kundan keyin ozod etildi, ammo may oyida Turkiya fuqaroligi bekor qilinadi.
Fazliddin Parpievning qonuniy advokati Gulden So‘nmez aytishicha, Turkiya maxsus xizmatlari Parpiev jinoyat ishini "sirli" maqomi ostida saqlamoqdalar va jinoyat ishida qanday ayblovlar ilgari surilayotgani hatto advokatdan ham sir saqlanmoqda.
Turkiyaga sarmoya kiritgan investor sifatida Turkiya vatandoshligini olgan Parpiev fuqaroligi bekor qilingani oradan bir necha oylar o‘tib o‘zi va advokatiga ayon bo‘ldi.

Surat manbasi, Sud ajrimi nusxasi
2025 yili noyabr oyidagi Turkiya sudida Parpievga qarshi terrorchilikka oid ayblovlar asossiz topildi, u oqlandi va jinoyat ishini qayta qo‘zg‘atmaslik haqida sud qarori chiqarildi.
Ammo dekabr oyining oxirgi kunlari - yangi yil arafasida Fazliddin Parpiev yana hibsga olindi, shu vaqtgacha Akyurt deportatsiya markazida saqlanayapti.
Uning hibsga olinishini Turkiyadagi "Mazlumder" inson huquqlari tashkiloti qoraladi, ozod etilishini talab qilib kelayapti.
Parpiev nohaq hibsga olingani masalasi Turkiya parlamentida ham ko‘tarildi.





























